Ma'lumot saqlashda ishonchli maydon

24 Yanvar 2011
  • Foto:
dan
Butun dunyoda axborotlar hajmi oshgandan oshmoqda. Ayniqsa, internet tizimi haqiqiy ma'lumotlar makoniga aylanib qoldi. 2009 yilning o‘rtalarida internetda saqlanadigan ma'lumotlar hajmi 500 mlrd. Gbni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilga borib bu ko‘rsatkich besh barobarga ortadi. Internetdan foydalanuvchilar soni oshgani sari savdo-sotiq ham global tarmoqqa ko‘chib o‘tmoqda. Mutaxassislarning taxminicha, 2012 yilda 850 mlndan ortiq kishi internet orqali savdo-sotiqni amalga oshiradi. Albatta, bunday sharoitda axborot xavfsizligi, uni saqlash va qayta ishlash, tarqatish masalalari yanada dolzarblik kasb etadi. Bu jarayonda Ma'lumotlar markazlarining (Data center) o‘rni katta. Shu sababli ham dunyo bo‘ylab ma'lumotlarni ishlash markazlarini qurish yuqori sur'atlarda davom etmoqda. Ayni vaqtda Data-markazlar mijozlarni jalb qilishda qiyinchiliklarga duch kelishayotgan bo‘lsa-da, qurilish ishlari to‘xtab qolgani yo‘q. Mazkur soha vakillari yangi shakllanib kelayotgan foydalanuvchilar oqimiga katta umid bog‘lashmoqda. Mantiq quyidagicha: Data-markaz xizmatlaridan kelgusida nafaqat aloqa operatorlari, IT-dasturlash sohasi va xosting-provayderlar vakillari, balki biznesning istalgan yo‘nalishi a'zolari foydalanishi mumkin.

 Data center o‘zi nima? Uning tarix

Ma'lumotlar markazi ( data center - inglizcha) — server va kommunikatsiya uskunalarini joylashtirish (xosting) va internet kanallariga ulash uchun mo‘ljallangan maxsus joy. U axborotni qayta ishlash, saqlash va tarqatish vazifasini bajaradi.

 Data centerlar tarixi kompyuter sanoati yuzaga kelishi bilan bog‘liq. U vaqtlarda kompyuter tizimlarini boshqarish murakkab bo‘lgan va ishlash uchun alohida shart-sharoitlar talab qilingan. Chunki kompyuterlar katta maydonni egallab, turli komponentlarga ulanish uchun ko‘plab simlar zarur bo‘lgan. Kompyuter xonalarida odatiy server javonlari, falshpollar va kabel kanallari ishlatilgan. Bundan tashqari, bu kabi tarmoqlar ko‘p energiya talab qilgan va uskunani doimiy ravishda sovutib turish lozim bo‘lgan. Xavfsizlik ham muhim o‘rin tutardi – uskunalar juda qimmat va ko‘p holatlarda harbiy maqsadlarda foydalanilardi.

 Kompyuter sanoatining jadal rivoji vaziyatni bir oz o‘zgartirdi. Endi kompyuterlardan ommaviy tarzda foydalana boshlandi. Natijada ma'lumotlarni umumlashtirilgan tarzda saqlash zarurati tug‘ildi va 2000-yillarda ma'lumotlar markazlarining keskin rivojlanish davri boshlandi. Kompaniyalarga internetga yuqori tezlikda ulanadigan va uzluksiz ishlashini ta'minlay oladigan ishonchli uskunalar kerak edi. Bu vazifalarni bajara oladigan uskunalarni o‘rnatishga hamma kompaniyaning ham qurbi yetmasdi. O‘shandan boshlab kompyuter tizimlarini joylashtirish va ekspluatatsiya qilish uchun zaruriy yechimlarga ega alohida yirik maxsus binolar qurila boshlandi. Yirik tizimlarning makoni va amaliyot talablari masalalarini yechish uchun yangi texnologiyalar taraqqiy eta bordi.

Hozirgi kunda Data centerlarni loyihalash va qurish – yaxshi tadqiq qilingan soha hisoblanadi. Ma'lumotlar markazini loyihalashtirish uchun me'yoriy talablar va standartlar ishlab chiqilgan. Data center qurilish va xizmat ko‘rsatishda katta xarajatlarni talab etadi. Misol uchun, 10, 800 kv.m hududda joylashgan Amazon.com ma'lumotlar markazi 100 mln. $ga baholanadi.

 O‘zbekiston hududidagi Data centerlar

 Mamlakatimizda ham Data center texnik maydonlari ishga tushirilgan. Birinchi bo‘lib, UZINFOCOM markazi tomonidan 2009 yil martida ushbu maydon tashkil etilgan bo‘lsa, 2010 yilning o‘rtalarida “O‘zbektelekom” AK «UzNet» filialining ma'lumotlar markazi ishga tushirildi.

 UZINFOCOM Ma'lumotlar markazi – axborot-kommunikatsiya infratuzilmalarini joylashtirish uchun ishonchli texnik maydoncha sifatida e'tirof etiladi. Ma'lumotlar markazining texnologik yechimlari buyurtmachilarga xizmatlardan yuqori darajada foydalanishni, infratuzilma faoliyatini uzluksiz ta'minlashni hamda energiyatalab dastur va resurslar ehtiyojini qondirishni kafolatlaydi.

 Data-markazning aloqa kanallari orqali internet tarmog‘ining axborot resurslariga tezkor kirish imkoni hamda mijoz server moslamalarining uzluksiz faoliyati ta'minlangan. Texnik maydoncha barcha tizim va xizmatlar faoliyatini ta'minlovchi uzluksiz elektr ta'minoti bilan jihozlangan. Shu bilan birga, markaz serverlar va tarmoq moslamalarini qizib ketishidan saqlovchi iqlim nazorati tizimiga ega.

 Ma'lumotlar markazida jahonning yetakchi Cisco, HP, FS va TP-Link kabi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlaridan foydalaniladi. Bugungi kunda UZINFOCOM Ma'lumotlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot markazi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali, Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xorazm, Andijon, Navoiy viloyatlari hokimliklari kabi bir qator davlat organlarining axborot resurslari joylashgan.

 UZINFOCOM Ma'lumotlar markazida UZ-CERT serverlari, ZiyoNet tarmog‘i moslamalari, shuningdek, portali, WWW.UZ milliy qidiruv tizimi serverlari, UZ domen zonasi yuqori bo‘g‘in o‘zak serverlari, elektron to‘lovlar tizimi provayderi va operatorlarining serverlari joylashgan.

 Ma'lumotlar markazidan foydalanishning afzalliklari nimadan iborat?

 Mutaxassislarning fikricha, birinchidan, yirik Ma'lumotlar markazi texnik jihatdan juda mukammal jihozlangan va o‘ta ishonchlidir. Avvalboshdanoq mazkur markazlar katta sonli hisoblash tizimlarini joylashtirilishiga mo‘ljallangan bo‘lib, buyurtmachi tomonidan ishonchlilik va muhofazalanganlik bo‘yicha qo‘yilgan qat'iy talablarga muvofiq ravishda barpo etilgan.

 Ularda keng miqyosli va ishonchli muhandislik tizimlari (sun'iy iqlim hosil qilish, uzluksiz elektr ta'minoti), xavfsizlik tizimlari, zaxira aloqa kanallari yo‘lga qo‘yilgan va h.k. Muhandislik va xavfsizlik tizimlari bo‘yicha bunga teng keladigan yoki taqqoslab bo‘ladigan investitsiyalarni kiritish uncha-muncha kompaniyalarning qo‘lidan kelmaydi.

 Ikkinchidan, bir-ikkita asosiy biznes-ilovaga egalik qilayotgan va hisoblash hajmlari nisbatan uncha katta bo‘lmagan kompaniyalar uchun yirik Ma'lumotlar markazida maydonni ijaraga olish barcha tegishli muhandislik tizimlari bilan jihozlangan, zaxira aloqa kanallariga ega bo‘lgan maydonchalarni yaratishdan ko‘ra iqtisodiy jihatdan ancha samaralidir. Bundan tashqari, kompaniya qiymati ancha yuqori bo‘lgan hisoblash markazi uchun maydon ajratishdan qutuladi. Va nihoyat, kompaniyaning Ma'lumotlar markazi uning axborot tizimlarining kelajakdagi rivojiga mo‘ljallanib barpo etilishi lozim, ya'ni boshlang‘ich bosqichlarda maydonlarning bir qismi ishsiz yotadi. Ijaradan foydalanilganda esa bunga o‘xshash uzoq muddatli va katta miqdordagi sarmoyalarga ehtiyoj qolmaydi.

 UZINFOCOM markazi Ma'lumotlar markazi turli aloqa bog‘lamalariga (kanallariga) ulangan va mijozlar uchun xalqaro ma'lumotlar uzatish hamda milliy TAS-IX tarmoqlariga sifatli va yuqori tezlikda ulanish imkoniyatini beradi. Xonalardagi qulay iqlim sharoiti iqlim-nazorat va bir-birini takrorlovchi sun'iy iqlim qurilmasi tizimi orqali ta'minlanadi. Ma'lumotlar markazi ob'yektlari kunu tun qo‘riqlanadi hamda xavfsizlik tizimlari, kirishga ruxsat berishni nazorat qiluvchi moslamalar hamda videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan. Uskunalarning uzluksiz ishini ta'minlash maqsadida Ma'lumotlar markazi dizelli generatorlar bilan jihozlangan.

 Bugungi kunda UZINFOCOM Ma'lumotlar markazi qator xizmatlarni taqdim etmoqda.

 Veb-xosting

 Ushbu texnologik maydoncha shu kabi majmualarga qo‘yiladigan barcha talablarga javob beradi: ma'lumotlarni saqlash va ularning yaxlitligini ta'minlash, ma'lumotlar saqlashni zaxiralash, 24 soat davomida doimiy texnik xizmat ko‘rsatish.

 Yagona tekshirilgan dasturiy ta'minotdan foydalanish mijozlarga dasturlarni yaratish zaruriyatidan ozod etib, ularni axborot resurslarini joylashtirish va faoliyat yuritishi bilan bog‘liq muammolardan holi etadi. Bunday kompleks yechim mijozlar uchun mavjud bo‘lgan turli dasturiy modullardan foydalanish orqali o‘z kuch va resurslarini axborot xizmatlarini shakllantirish va jadallashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, UZINFOCOM markazi tarkibidagi kompyuter hodisalariga chora ko‘rish xizmati UZ-CERT texnologik maydonchada joylashgan resurslarni yetarli darajada xavfsizligini ta'minlaydi.

 Texnik maydoncha uskunalarining umumiy quvvati hozirgi kunda 11ta server, jami chastotasi 42 GGs bo‘lgan 14ta protsessor, 26 Gbayt operativ xotira moslamasi va 4 Tbayt bo‘lgan disk makonidan iborat.

 E'tiborli jihati — veb-xosting xizmati tariflari 2010 yilning avgustidan 50 foizga arzonlashtirilgan.

 Co-location

 Bu internet bilan bog‘lanish va server moslamalarini joylashtirish bo‘yicha qat'iy belgilangan xizmatlar jamlamasidir. Markaz mijoz moslamalarini o‘zining hududida (Datamarkaz) joylashtiradi va uni yuqori tezlikdagi aloqa kanallariga ulaydi. Co-location xizmati mijoz moslamasi bazasida istalgan server ilovasini joylashtirish imkonini beradi.

 Virtual Private Server

 VPS – serverning kafolatlangan va limitlashtirilgan qismlarini berish. Odatiy xostingdan foydalaniilganda serverda 1000dan ortiq saytlar bo‘ladi va ular server resursini o‘zaro taqsimlaydi. VPSdan foydalanilganda esa sayt alohida ajratilgan server-konteyner orqali xizmat ko‘rsatadi. Bu saytning barqaror faoliyat ko‘rsatishini kafolatlaydi.

 Alohida ajratilgan joy

 Qat'iy ichki xavfsizlik me'yorlariga ega bo‘lgan maxsus mijozlar uchun texnologik maydonchalarning bir qismini berish.

 UZINFOCOM Ma'lumotlar markazi ishga tushirilgandan buyon mijozlarni jalb qilish va ularga kengroq qulayliklar yaratishni ko‘zlab bir qator yangiliklarga qo‘l uryapti. Narxlarning ikki baravarga arzonlashtirilgani yuqorida aytib o‘tildi, o‘tgan bir hafta ichida esa yana ikkita yangilikka qo‘l urildi. Birinchisi, VPS xizmatining to‘liq yo‘lga qo‘yilgani bo‘lsa, ikkinchisi Data-markaz xizmatlariga to‘lovni interaktiv tarzda amalga oshirish imkoni yaratilganidir. Endilikda WEBSUM elektron to‘lovlar tizimi orqali uydan yoki ishxonadan xizmatlar haqqini amalga oshirish mumkin.

Lutfillo TURSUNOV

Mavzuga doir

14 May 2012
Tezkor tizim
Axborot texnologiyalari
Tezkor tizim

Yaqin-aqingacha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hisobotlarini topshirish uchun soliq idoralariga qatnab yurishardi, natijada boy berishgan vaqt hamda sarflangan xarajat ular faoliyatiga salbiy ta'sir etib, gohida tanlangan yo‘ldan voz kechishga boshlagani sir emas.

14 May 2012
Sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lida
Axborot texnologiyalari
Sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lida

Mamlakatimiz bank tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning soni ortib, shunga monand ravishda sifati ham tobora yaxshilanib bormoqda.

11 May 2012
AT-xabarlar: Quyosh energiyasida ishlovchi portativ klaviatura
Axborot texnologiyalari
AT-xabarlar: Quyosh energiyasida ishlovchi portativ klaviatura

Shveysariyaning Logitech kompaniyasi iPad plashetlari uchun quyosh energiyasida ishlovchi portativ klaviaturasi taqdimotini o‘tkazdi. Logitech Solar Keyboard Folio ikkinchi va uchinchi avlod  iPad planshetlari uchun mo‘ljallangan.