Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«16 yoshda 7 ball IELTS, ta’lim klasteri» — 13 davlatda bo‘lgan o‘zbek yigiti hikoyasi

«16 yoshda 7 ball IELTS, ta’lim klasteri» — 13 davlatda bo‘lgan o‘zbek yigiti hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Janubiy Koreyadagi SolBridge Xalqaro biznes maktabi talabasi Saidakbar Ikramov.

Qahramonimiz hozir Portugaliyadagi Porto universitetida almashinuv dasturi bo‘yicha tahsil olmoqda.

16 yoshimda IELTS’dan 7 ball olganman

Andijon shahrida tug‘ilib-o‘sganman va 31-umumta’lim maktabida ta’lim olganman. Bolaligimdan ingliz tiliga qiziqishim yuqori edi va maktab davrlaridanoq ingliz tilini katta qiziqish bilan o‘rganishga harakat qildim. Ota-onam ziyoli bo‘lganlari uchun ta’lim-tarbiyamizga alohida e’tibor berishgan.

Maktabning 8-sinfidan boshlab Andijon shahridagi «Taraqqiyot» o‘quv markazida ingliz tilini yanada chuqurroq o‘rganishni boshlaganman va 16 yoshimda xalqaro IELTS imtihonidan 7 ball olganman. Bu menga yangi imkoniyatlar va xorij eshigini ochgan desam, to‘g‘ri bo‘ladi.

Oliy ta’lim olish uchun oliygohlar qidirayotgan vaqtim juda ko‘p davlatlar va universitetlar haqida o‘rgandim, oxir-oqibat Janubiy Koreyani o‘zim uchun keyingi manzil sifatida tanlaganman. Bunga asosiy sabablardan biri mamlakatdagi o‘quv muassasalarning menga ko‘proq miqdorda grant berishi va davlat rivojlanganligi ahamiyatga ega bo‘lgan.

 TOP 15 foiz talabalarga beriladigan grantga erishdim

Janubiy Koreyada o‘qiyotgan vaqtim ancha vaqt 100% grant asosida o‘qish uchun harakat qilganman va 2 yil deganda ota-onam duolari va do‘stlarim ko‘maklari sabab TOP 15% talabalarga beriladigan grantga erishdim.

Shundan so‘ng universitetimdagi mavjud imkoniyatga ko‘ra, Yevropaga 1 semestr almashinuv dasturi orqali borib o‘qishga qiziqdim va Portugaliya davlatiga keldim.

Hozir Porto universitetida o‘qiyapman. Oliygoh dunyo reytingida 274-o‘rinda turadi. Bu yil men o‘qiydigan iqtisodiyot fakulteti «subject score» ya’ni, universitetlarning har bir yo‘nalishdagi jahon reytingida TOP-50 talik ro‘yxatdan joy oldi.

Universitet 1911 yil tashkil etilgan, tibbiyot va iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Porto talabasi bo‘lish uchun esa, asosan IELTS imtihonidan minimum 6 ball, motivatsion insho, maktab/litsey baholari, qabul intervyusidan a’lo o‘tish talab etiladi.

Erkinlik va kreativlik yoqadi

Menga erkinlik va kreativlik yoqadi, qolaversa startap loyihalarim va bizneslarimni amalga oshirishni xohlayman. Shu sababli ham biznes boshqaruvi va marketing bo‘yicha ta’lim olishga qaror qildim. Har qanday soha vakili pulni to‘g‘ri boshqarishni va qayerga ishlatishni bilishi kerak va bunda biznes boshqaruvidagi bilimlarning ahamiyati yuqori.

Umuman dunyoning rivojlangan davlatlar taraqqiyotida xususiy sektorning ahamiyati ulkan bo‘lgan. Aniqrog‘i, xususiy kompaniyalar jahon bozoriga chiqish orqali mamlakatga katta foyda olib keladi. Men ham kelajakda jahonda taniqli kompaniyaga asos solishni niyat qilganman.

 Samsung, LG va Hyundai...

Janubiy Koreya va Portugaliyada har yili minglab startap musobaqalari o‘tkaziladi. Bunday musobaqalarda asosan talabalar loyihalari bilan ishtirok etadi. Loyihalarni baholaydigan hakamlar tarkibi asosan katta kompaniyalarning HR direktorlari va boshqaruvchilaridan iborat.

Janubiy Koreyada o‘qiyotgan vaqtim Samsung kompaniyasidan kelgan vakillar universitetimizda o‘tkazilgan xalqaro startap tanlovining hakamlari sifatida ishtirok etgan edi. Keyin tanlov so‘nggida bir nechta talabalarning biznes loyihalarini Samsung‘da joriy qilish uchun tanlab olishgan.

Portugaliyada ham bu semestr mamlakatdagi nufuzli «Portugal Bugs» kompaniyasi universitetimizga kelib bizdan ulardagi muammolarga yechim topishishimiz uchun keys-topshiriqlar berishgan. Ochig‘i, jarayon juda qiziq, hozir shu bo‘yicha izlanishlar qilyapmiz.

Yana bir qiziq ma’lumot aytmoqchiman, Janubiy Koreya Yalpi ichki mahsulotining (GDP) 60% «Chaebol»lar ya’ni, yirik oilaviy biznes konglomeratlari tashkil qiladi. Bunday konglomeratlarning eng mashhurlari  Samsung, LG va Hyundai kabilarni keltirish mumkin.

Biznes - muammoga yechim berish

Fikrimcha, tadbirkor insonda bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim sifatlar bu – moslashuvchanlik, qat’iylik, jamoa bilan ishlay olish qobilyati, sabrlilik, yiqilishlarga chidamli bo‘lish, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqara olish, kreativlik va liderlik.

Tadbirkor insonning hayoti va biznesi doim bir tekkisda bo‘lmaydi, unda doim past-balandliklar uchraydi. Shuning uchun qiyin vaqtlarda qilgan xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib sabr bilan ana shunday holatlardan chiqib keta olish juda muhim.

Yana biznes ma’lum bir inson tomonidan qandaydir muommoga yechim berish, shuning uchun ham tadbirkor inson doim kreativ bo‘lishi lozim. Chunki muommolarga yechim topish uchun unga hech kim qaramagan rakursdan qarab ko‘rishi kerak. Katta ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishbilarmonga ahil jamoa, uni to‘g‘ri shaklantirish va boshqarishga liderlik sifati zarur. Har qanday biznes muhitga ko‘nikish uchun tadbirkor moslashuvchan bo‘lishi ham talab etiladi, deb o‘ylayman.

3 yil menga ko‘p saboqlar berdi

Xorijdagi oxirgi 3 yil hayotim menga ko‘p saboqlar berdi. Oila a’zolaringizdan uzoqda yurgan vaqtingiz barcha ishlar faqatgina o‘zingizning bo‘yningizda bo‘ladi va bu sizga katta mas’uliyat yuklaydi, musofir bo‘lgan inson hayotda qiyinchiliklarga bardosh berish va sabrli bo‘lishni o‘rganadi.

Men xorijdagi hayotim davomida doimo shukur qilish va harakatda bo‘lishni o‘rgandim, boisi faol bo‘lgan inson hamisha hayotda nimadirga erishadi. Chet elda yurgan vaqtingiz menda vaqt yo‘q, pul yo‘q, sharoit yo‘q yoki shunga o‘xshash bahonalar befoyda ekanligini anglaysiz. Natijada, harakat qilasiz va bu muvaffaqiyatga erishish uchun eng asosiy omillardan biri.

Janubiy Koreyada yashab va Yevropaning 12 ta davlatida sayohat qilib men turli xil insonlarni uchratdim va ular bilan suhbat qurib dunyoqarashim ancha o‘zgardi. Har bir uchratgan va suhbatlashgan insondan eng kamida bitta bo‘lsa ham narsa o‘rganasiz. Men bir narsani aniq tushunib yetganman, inson  qanday vaziyatda bo‘lmasin harakat qilsa, u albatta natijaga erishadi.

Bog‘chadan universitetgacha...

O‘qishimni bitirgach bir necha yil xorijda ishlab tajriba orttirmoqchiman. Bolalikdan ta’lim tizimini yaxshi tushunib va o‘rganib kelganman, shuning uchun rejalarim ta’lim bilan bog‘langan. Aniqrog‘i, kelgusida o‘zimning ta’lim klasterimni yaratgan holda bog‘chadan tortib universitetgacha o‘quv muassasalari ochish niyatim bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring