Bosh prokuratura Shayxontohur tumani soliqchilari ishi bo‘yicha vaziyatni bir qadar ochiqladi
Toshkent shahar Shayxontohur tumani soliq ispeksiyasidagi «korrupsiya o‘chog‘i» fosh etilgani xususida xabar bergan edik. Mazkur xabar bevosita Davlat soliq qo‘mitasi tarqatgan ma’lumotlar asosida bo‘lib, unda tuman soliq inspeksiyasidagi jinoiy holat haqida umumiy tasavvur berardi, xolos.
«Xabar.uz» so‘roviga ko‘ra Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova tuman soliq inspeksiyasidagi holatni bir qadar ochiqlab, aniq faktlar keltirdi.
Aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoyasi yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda qonunbuzarliklar aniqlangan.
Ya’niki, «BDS LEASING» MChJ QK va «KRONO STYLE» MChJ o‘rtasida lizing shartnomasi tuziladi. Unga asosan «KRONO STYLE» MChJ tomonidan «BDS LEASING» MChJ QKdan sotib olingan jami 1.1 mlrd. so‘mlik mebel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar jamlanmasi uchun 321.6 mln. so‘mlik mablag‘lar to‘lab berilgan. «KRONO STYLE» MChJning «BDS LEASING» MChJ QK oldida qolgan 848.3 mln. so‘mlik lizing hamda budjet oldida 59.4 mln. so‘mlik soliq qarzdorligi mavjud bo‘lsa-da, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi mansabdor shaxslari o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishib, «KRONO STYLE» MChJning go‘yoki soliq va boshqa qarzdorligi mavjud emasligini tasdiqlovchi taqdimnomani Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritadi. Sudning hal qiluv qarori bilan «KRONO STYLE» MChJ tugatilishi natijasida «BDS LEASING» MChJ QKning manfaatlariga zarar yetkaziladi.
Bunga sabab, bilib turganingizdek, tuman soliq idorasi mansabdor shaxslarining sudga taqdim qilgan noto‘g‘ri taqdimnomasidir.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter