Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Denovdagi portlashdan zarar ko‘rgan ob’yektlar soni oshkor qilindi

Denovdagi portlashdan zarar ko‘rgan ob’yektlar soni oshkor qilindi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Surxondaryo viloyati hokimligi Denov tumanidagi «Indenim» savdo majmuasida yuz bergan chaqnash oqibatlarini o‘rganayotgan Hukumat komissiyasi a’zolari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etgani haqida xabar bergandik.

O‘zAning ma’lum qilishicha, markaziy va mahalliy OAVlar vakillari, blogerlar ishtirok etgan anjumanda viloyat hokimi T.Bobolov hodisa yuzasidan IIV, FVV, Milliy Gvardiya, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillaridan iborat  Hukumat komissiyasi o‘rganish olib borayotgani, atrofga yetkazgan zarari  haqida atroflicha gapirib bergan.

– Ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasida yuz bergan chaqnash oqibatida  binoning devorlari qulab tushgan, – dedi viloyat rahbari. –  Shuningdek, 65ta tadbirkorlik sub’yekti binosi va xonadonga yengil zarar yetgan. Derazalar oynalari singan. Oltita xonadon devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda Mustaqillik va Sharof Rashidov ko‘chalarini kengaytirib, obodonlashtirish uchun buzilayotgan uy-joylar surati joylashtirilib, mazkur hodisaga bog‘langan izohlarni ham ko‘rayapmiz. Bu haqiqatga zid bo‘lib, birgina Sharof Rashidov nomli ko‘chada buzilishga tushgan imoratlar uchun 27,5 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Ayni paytda bu fuqarolar mulklarini o‘zlari buzib olmoqda. Bunday noxolis ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, xalqni chalg‘itmaslik kerak. Zarar ko‘rganlarning vaqtincha yashashi uchun 24 ta xonadon hozirlandi. Xonadoni ta’mirlanguncha ko‘chishi lozim, deb topilgan yetti oila ko‘chirildi. Ularning yashashi uchun ijara haqini tuman hokimligi to‘lab beradi.

Matbuot anjumanida Hukumat komissiyasi tarkibida faoliyat yuritayotgan sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘.Muzaffarov, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari D.Masaliyevlar ham Hukumat komissiyasi a’zolari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Takidlanishicha, 7 dekabr kuni soat 03:57 da Denov shahrining Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasi binosida yuz bergan chaqnash oqibatida binoning devorlari qulab tushgan. 2 kishi qurbon bo‘lib, 9 kishi jarohatlangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limiga hodisa haqida xabar kelib tushgach, voqea joyiga uch daqiqada yong‘in ekipaji, to‘rt daqiqada tez tibbiy yordam xizmati mashinasi yetib kelgan. Yong‘in soat 04:25 da o‘chirilgan.

Jarohatlanganlarga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ichki va tashqi jarohatlar bilan shifoxonaga olib kelingan og‘ir ahvoldagi ikki nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozir ularning ahvoli o‘rta og‘irlikda. Qolganlarining ahvoli yaxshi. Umumiy bo‘limga o‘tkazilib, muolaja davom ettirilmoqda. Qarindoshlari bilan suhbatlashmoqda.

Holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tajribali ekspertlar guruhi ish olib bormoqda. Dastlabki surishtiruv-o‘rganishlarga ko‘ra, binodagi gaz qurilmalari uzoq muddat ishlab, o‘ta qizigani oqibatida kuchli chaqnash yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.  

Ishchi guruh ishlamoqda, sabablari o‘rganilyapti. Binoning tevarak-atrofini tozalash va tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Hukumat komissiyasi o‘rganishlari va tergov surishtiruv ishlari natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring