Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoqning bosh diplomati lavozimi kimga nasib qiladi?

Yevroittifoqning bosh diplomati lavozimi kimga nasib qiladi?

Jozep Borrel joriy yil 1 noyabrdan rasman ish boshlashi kutilmoqda.

Foto: “European Parliament”

Yevropa ittifoqining bosh diplomati lavozimiga nomzod – Ispaniya tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel Bryusselda «imtihon topshirdi». Yevropa parlamenti a’zolari savollariga javob bergan diplomat kelgusida besh yillik faoliyati davomida qanday siyosat yuritishiga oydinlik kiritdi.

Yevropa sotsialistlar partiyasi a’zosi bo‘lgan J.Borrel nomi Bryusselda ma’lumu mashhur. 2004-2007 yillarda u Yevropa parlamenti raisi lavozimida ham faoliyat yuritgan. 72 yoshli tajribali arbob endilikda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili – Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti lavozimiga nomzod sifatida tanlangan.

Ayrilganni ayiq yer

Jozep Borrel parlament a’zolari bilan muloqotda Yevroittifoq xalqaro maydonda yakdil ovozga bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, 500 million nufus hamda katta nufuzga ega YeI keyingi yillarda dunyo siyosatida kutilgan ta’sirga ega bo‘la olmayapti. J.Borrelga ko‘ra, AQSh va Xitoy o‘z ta’sirini oshirishga urinayotgan, geosiyosiy raqobat kuchayotgan pallada Yevropa ham o‘z manfaatlarini himoya qilishi uchun faol harakat qilishi lozim.

«AQSh va Xitoy o‘rtasida ziddiyat kuchayotgan bir paytda Yevropa munosib pozitsiyada bo‘lishi kerak... Biz mustaqil yondashuvimizni ilgari surishimiz lozim», – dedi nomzod.

Keyingi paytlarda ayrim xalqaro masalalarda YeI hamda AQShning fikri bir joydan chiqmayapti. Masalan, Eron masalasi yechimida o‘zaro ziddiyat mavjud. Qolaversa, AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropaning boy davlatlari mudofaa uchun kam mablag‘ sarflayotganidan yozg‘irmoqda.

Jozep Borrel ham NATO ko‘hna qit’a xavfsizligida muhim o‘rin tutishini tan olgan holda, mudofaani mustahkamlash uchun faolroq harakat qilishga undadi. Qat’iy sa’y-harakat qilinmasa, Bryussel global raqobatda boy berishidan ogohlantirdi.

«Ishonchim komilki, agar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmasak, Yevropa zaif o‘laroq ko‘rilishi mumkin», – dedi u.

Siyosatchi dunyo miqyosida ziddiyatlar ko‘payib borayotganini salbiy voqelik o‘laroq baholadi.

«Dunyo salbiy tomonga o‘zgarmoqda. Kelishuvlar kam, ammo taqiqlar ko‘p», – dedi diplomat.

«Jazo choralari – maqsad emas, vosita»

Jozep Borrel o‘z chiqishida YeIning yon qo‘shnisi Bolqon mamlakatlaridagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdi. Ittifoqqa a’zo bo‘lish istagidagi bir necha mamlakat ayni paytda milliy qonunchilikni YeI me’yorlariga moslashtirishga intilmoqda. Ammo ularni «Yevropa uyi»ga qabul qilish borasida 28 ta a’zo mamlakat yakdil fikrda deb bo‘lmaydi. Ayni shu nuqtaga e’tibor qaratgan Jozep Borrel o‘zaro yakdillik lozimligini ta’kidladi.

«Uyimizdagi muammolarni hal qilmaguncha, global siyosatning faol ishtirokchi bo‘la olmaymiz», dedi u.

Diplomat Serbiya, Kosovo, Chernogoriya, Albaniya, Bosniya va Shimoliy Makedoniya mamlakatlarini integratsiya jarayoniga tayyorlashga jiddiy ahamiyat qaratishini ham aytdi. Bo‘lajak oliy vakilning mazkur rasmiy lavozimda ilk tashrifni Kosovo poytaxti Prishtinaga amalga oshirishi haqidagi rejasi esa ko‘pchilikda hayrat uyg‘otdi. Gap shundaki, Kosovo 2008-yilda Serbiyadan o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Kosovo mustaqilligini YeIning bir necha davlati, jumladan, Jozep Borrelning vatani – Ispaniya ham tan olmay keladi.

Odatda, aksar diplomatlar sipogarchilikni afzal bilib, keskin fikrlardan tiyiladi. J.Borrel bu toifaga mansub emas, u dadil va dangal bayonotlari bilan tilga tushgan. Masalan, u Ispaniya tashqi ishlar vaziri sifatida Rossiyani “Yevropaning dushmani» deb atagan. Yevroparlamentdagi muhokamalar chog‘i ayni shu masalada ham savol berildi. Tajribali siyosatchi hamon o‘sha fikrga sodiq ekanini bildirdi. Ayni choqda, u Rossiya zo‘ravonlik tutumidan voz kechmaguncha unga nisbatan jazo choralarini saqlab qolish kerakligini qayd etdi. Ammo cheklovlar maqsad emas, maqsadga yetish yo‘lida vosita bo‘lishi kerak, dedi u.

Ham oliy vakil, ham vitse-prezident

Avval xabar qilganimizdek, joriy yil 16 iyul kuni Yevropa ittifoqining ijroiya organi sanalgan Yevropa komissiyasi prezidentligiga Germaniya mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayen xonim saylandi. 

Yangi prezident boshqaruv idorasi tarkibini shakllantirdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, yuqori lavozimga nomzodlar Yevroparlament muhokamasidan o‘tishi kerak.

Joriy yil 23-oktyabr kuni qonun chiqaruvchi idora Yevropa komissiyasi rahbarligiga da’vogarlar, jumladan, J.Borrel nomzodi bo‘yicha yakuniy qarorni e’lon qiladi. Tasdiqdan o‘tgan nomzodlar 1 noyabrdan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Bryusselning tashqi siyosat, shuningdek, xavfsizlik va mudofaa siyosatiga mas’ul amaldor sanaladi. Ayni choqda, u Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti hamdir. Oliy vakil boshqaruv borasida katta vakolatlarga ega.


Jumladan, u Ittifoq miqyosida taraqqiyot, savdo, qo‘shnichilik, gumanitar yordam masalalariga mas’ul hisoblanadi, inqirozli holatlarda ko‘mak faoliyatini muvofiqlashtiradi, Yevropa mudofaa agentligi va YeI xavfsizlik tadqiqotlari institutiga rahbarlik qiladi. Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil, shuningdek, YeIni xalqaro tashkilotlarda tamsil etadi. Eslatib o‘tamiz, 2014-yildan hozirga qadar ushbu mas’ul lavozimda italiyalik siyosatchi Federika Mogerini ishladi.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring