Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malayziya TIV o‘rinbosari O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqboliga baho berdi

Malayziya TIV o‘rinbosari O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqboliga baho berdi

Malayziya TIV o‘rinbosari Markaziy Osiyo elchilari bilan.

Foto: IDFR

Malayziya poytaxti Kuala Lumpur shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan xalqaro anjuman tashkil etildi. Bu haqda Malayziya tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya va xalqaro aloqalar instituti (IDFR) xabar berdi.

Anjumanda mezbon tomon rasmiy vakillari qatorida Markaziy Osiyo davlatlarining  Kuala Lumpurdagi elchilari qatnashdi.

«Markaziy Osiyo Malayziya uchun yangi taraqqiyot o‘qiga aylanish salohiyatiga ega. Mintaqa hamkorlikni yanada kengaytirish borasida ulkan imkoniyatlar taqdim eta oladi. Bu esa ham Malayziya, ham mintaqa davlatlariga birdek manfaatlidir», – dedi mazkur mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Qamaruddin Ja’far.   

Qayd etilishicha, 76 million nufus hamda salmoqli iqtisodiy nufuzga ega mintaqa azaldan Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab g‘oyalar, mahsulotlar almashuvida muhim o‘rin tutgan. Bugun ham besh davlat (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston) savdo-iqtisodiy robitalar borasida ulkan salohiyat kasb etmoqda.

Malayziya yuqori martabali diplomati, xususan, O‘zbekistonning mintaqadagi alohida o‘rniga to‘xtalgan.

«Malayziyaliklar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy kabi mashhur allomalarni yaqindan biladi», – degan u.

Q.Ja’farning ta’kidlashicha, Malayziya Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishgach, birinchilardan bo‘lib diplomatik aloqa o‘rnatgan. O‘tgan 30 yil davomida energetika, savdo-carmoya, ta’lim, madaniyat, turizm kabi yo‘nalishlarda aloqalar rivojlanmoqda.

Malayziya mintaqada inson resurslarini sifat jihatdan yangilashga ham hissa qo‘shmoqda. Xususan, Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida 1992 yildan hozirga qadar 700 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis hamda talaba qisqa va uzoq muddatli kurslarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Qisqa muddatli kurslar  menejment va ijtimoiy boshqaruv, fan, texnologiyalar va AKT, iqtisodiyot, moliya va savdo, diplomatiya, atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarni qamraydi. Malayziya, shuningdek, bakalavriat, magistratura va doktorantura kabi bosqichlarda uzoq muddatli tahsil uchun ham stipendiyalar ajratadi.

«Malayziya neft-gaz sektori, shuningdek, inson resurslarini rivojlantirish dasturlari bilan cheklanmay, mintaqa mamlakatlariga samarali boshqaruv, islom moliya tizimi va milliy tuzilmalarni makrorejalashtirish kabi yo‘nalishlarda ham o‘z tajriba va bilimlarini taklif eta oladi», – deya hamkorlikning foydalanilmagan yo‘nalishlarini ochiqladi notiq.

Ta’kidlanishicha, savdo-sarmoya, ta’lim, turizm va aloqa sohalari Malayziya va mintaqa hamkorligida strategik yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Malayziya TIV o‘rinbosari Qamaruddin Ja’far joriy yil may oyida yurtimizga kelgan va o‘zbekistonlik hamkasbi Furqat Sidiqov bilan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, turizmni rivojlantirish, jumladan, muntazam va charter reyslarini tiklash masalalarini muhokama qilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring