Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Milliy liboslar Navro‘z kiyimi (emas)

Milliy liboslar Navro‘z kiyimi (emas)

Foto: «Xabar.uz»

Milliy liboslarni aynan Navro‘z bayrami kuni esga olayotganimiz bejiz emas. Chunki Navro‘z yaqinlashsa, dastlab milliyligimizning bir ko‘rinishi – liboslarimiz xayolimizda jonlanadi. Va milliy bayramimizda shu kiyimlarni kiysak, bizga yarashadi yoki hech kim e’tiroz bildirmaydi, boshqalarda hayrat uyg‘otmaydi, deb o‘ylaymiz. Bu qanchalik asosli fikr?

Foto: «Xabar.uz»

Xonzoda Xoliqova, tadbirkor:

Men buvijonim Dilbarxon G‘iyosova timsolida haqiqiy o‘zbek ayoli qanaqa bo‘lishini bilib olganman va doimo buvimga o‘xshashga harakat qilib yashayman. Buvijonim shahar markazida atlas, milliy atributlar, suvenirlar sotiladigan do‘konda ishlar edi. Momomning asl marg‘iloncha munosabati, nazokatli husni, suhbat chog‘ida ovozini balandlatmay,  o‘zbekona lutf bilan qilgan muomalasiga  mahliyo bo‘lganman. Milliy kiyim kiyish qon-qonimga singib ketgan. Buvijonim 70 yoshida ham egnilaridan atlas ko‘ylak, milliy taqichoqlarni yechmaganlar, estet ayol bo‘lganlar.

Foto: «Xabar.uz»

Milliy libosga mehr qo‘yishimga, targ‘ibotchi, estet bo‘lishimda mana shu ayolning roli katta.  Shu kunlarda tumorcha atlasdan libos tiktirayapman. Ijtimoiy tarmoqlarda sotib olgan milliy taqinchoqlarimni, matolarimni targ‘ib qilaman. Va albatta bitta bo‘lsa ham ayolda milliy kiyim va taqinchoqlarimizga ishtiyoq uyg‘onganining guvohi bo‘laman.

Ohista Jamshid,  «Dalahast» guruhi xonandasi:   

Milliy kiyim, milliy taqinchoqlarga ko‘p yillardan beri ishqibozman. Institutda o‘qib yurgan paytlarimda, ya’ni 1993-1998 yillarda do‘ppi kiyib yurardim, o‘sha paytda hozirgiday ko‘pchilik kiymasdi. Boshqalardan o‘zimni ajratish yo‘li bo‘lgan deb o‘ylayman. Keyin Natalya Musinani galereyasida ishlaganman, o‘sha yerda endigina tiklana boshlagan abrbandi matolar bor edi. Shundan tiktirib avtobuslarda yurganimda atrofdagilar g‘alati qarashardi, o‘sha paytda atlasdan boshqacha matolarni ko‘pchilik bilmasdi-da, bu yigirma yillar oldingi gap. O‘shandayam faqat menda bor bunaqa milliy kiyimlar, deb faxrlanib kiyib yurardim. Hozir adras, shoyilar ancha ko‘p, ommabop ham bo‘lib ketdi. To‘yimgayam fata, oq shishirilgan ko‘ylakni xohlamaganman.

Hozir ishgayam, sahnagayam milliy kiyimlarni kiyib ketaveraman. Muxlislarga yoqadi, yarashadi deyishadi.

Foto: «Xabar.uz»

Mohira Sultonova, materialshunos-texnolog, kashtachilik maktabi «SUZANE SULTAN» MChJ  direktori:

Milliy liboslarni doimiy kiyaman. Yozda bir necha xil atlas, krepdeshin, adras, shoyi ko‘ylak, qishda esa qaviqli adras, baxmal nimchalar kiyaman, adras sharf, ro‘mollar o‘rayman. Ko‘rgazma, milliy tadbirlarda esa albatta milliy libos kiyaman. Hech qachon milliy kiyimsiz ko‘chaga chiqmayman, loaqal taqinchog‘im milliy bo‘lishiga harakat qilaman.

Ayniqsa, keyingi vaqtlarda milliy liboslarimizga yana qiziqish kuchaymoqda. Faqat to‘y, tantanalarda emas, oddiy kunlardayam qiz, ayollarimiz milliy liboslarda ko‘rinishmoqda.

Tabiiyki, bunda tanlov va ko‘rgazmalarning hissasi katta. Shuning uchun adras, atlas yoki do‘ppi chellenjlarini o‘tkazamiz, suratlarimizni baham ko‘ramiz. Boshqa ishbilarmon yoki davlat ishidagi ayollar katta tadbirlarda, oddiy kunlarda ham bejirim milliy libosda yurishsa, ularni ko‘rgan boshqa ayollarda ham ana shunday libosga qiziqish uyg‘onadi.

Ma’suma Obidjonova, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti:

Qizim boshidan do‘ppisini yechgisi kelmaydi, kiydirib qo‘y deydi. Chunki bu do‘ppicha sochlari bor shaqildoqli. Bolalarga yorqin ranglar juda yoqadi, aynan milliy matolarimizda sariq, pushti kabi yorqin ranglar mavjud. Garderobimizda milliy kiyimlarimiz ko‘p, hech bo‘lmaganda milliy elementi bo‘lgan liboslarni kiydirishga harakat qilaman. Ona bola bir xil qilib tiktirgan milliy liboslarimiz bor. Albatta bayram bo‘lishi shart emas, mavsumbop milliy kiyimlarni kiyishimiz qandoq chiroyli. O‘rik gullarining tagida fotosessiya qilmoqchi edim lekin hech ob-havo foto sessiyamizni qo‘llab quvvatlamayapti...

Mubiha Isroilova, tadbirkor:

O‘zim tikuvchiman. Chorsu bozorida bundan to‘rt yil oldin, bahorda milliy liboslar kiyim sotish do‘konini ochgandik. O‘shanda, xo‘sh hozir bu kiyimlarning savdosi qizg‘indir, lekin qishda nima sotamiz, deb ikkilangandik. Ammo xato o‘ylagan ekanmiz. Qishin-yozin milliy kiyimlarimizga talab bor, nafaqat talab bor balki, o‘sgan. Hatto qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘istonlardan kelib olib ketishadi. Xorijlik sayyohlarning-ku keti uzilmaydi.

— Men tojikistonlikman, ismim Jovidod, deydi yosh ota. — Qizlarimizga, singillarimizga mana shu yerdan chiroyli milliy liboslardan oldik, ataylab Chorsuga keldik. Bizda ham bor, lekin bu qadar juda katta hajmda emas. Milliy kiyimlaringizni yoqtirganimizga sabab esa urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz juda yaqin. Agar umuman boshqa millat vakili bo‘lganimda ham aniq ayta olamanki, bu kiyimchalar har qanday qizaloqlarga yarashgan bo‘lardi...

Nima uchun milliy liboslarimizga hech qachon mehr so‘nmaydi, nima uchun xorijliklar hayrat bilan milliy matolarimizga intiladir.  

Rivoyat qilishlaricha, bir podshohning qizini oddiy, mato to‘quvchi, hunarmand yigit yaxshi ko‘rib qoladi. Podshoh yigitga shart qo‘yadi:  «Sen shunday mato to‘qiginki, dovrug‘i yetti olamni tutsin, agar eplolmasang, boshingni tanangdan judo qilaman. Yigit podshohning og‘ir shartidan mayuslanib ariq bo‘yida osmonga termulib xayol suradi. Shunda nogoh suvda suzib yurgan bulutlarning aksini ko‘rib qoladi. Yigit bu takrorlanmas go‘zallikdan hayratlanib tasavvurini matoga ko‘chiradi. O‘shanda podshoh bu matoni ko‘rib lol qolgan ekan». Milliy matolarimizga balki bejiz abr, ya’ni bulut (abrbandi) so‘zi qo‘shilmagandir. Balki shuning uchun ham milliy matolarimizning dovrug‘i yetti dunyoga yetib borgandir. Shuning uchun ham u abadiy yashayotgandir...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring