Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qafasdan qutulgan yo‘lbars na’rasi. Malayziya taraqqiyot modelidan qay jihatlarni o‘rgansak bo‘ladi?

Qafasdan qutulgan yo‘lbars na’rasi. Malayziya taraqqiyot modelidan qay jihatlarni o‘rgansak bo‘ladi?

Kuala Lumpur – Malayziya poytaxti, mintaqa moliyaviy markazi.

Foto: Asian Correspondent

31-avgust O‘zbekiston kabi Malayziyada ham mustaqillik e’lon qilingan kun sifatida nishonlanadi. Ikki mamlakatni bog‘lovchi robita shundangina iborat emas. To‘g‘ri, jug‘rofiy nuqtai nazardan O‘zbekiston bilan Malayziyani 5300 kilometr masofa ajratib turadi, ammo ikki o‘lkaning madaniyati mushtarak, har ikki xalq islom deb atalgan bir buloqdan suv ichgan. Har ikki xalq yaqin o‘tmishda o‘z tanasida mustamlaka qamchisining zarbini his etgan.

Malayziya 1957-yil 31-avgustda Britaniya imperiyasidan mustaqil bo‘ldi. Bir necha asrga cho‘zilgan mustamlaka zulmidan qutulgan o‘lkani oldinda katta sinovlar kutar edi. Qaysi mustabid imperiya tobe xalq boshini silabdi deysiz! Istibdod davrida asosan xomashyo yetkazib bergan Malayziya faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga suyanib qolgan, qashshoqlik balosi yurtga mo‘r-malaxdek yoyilgan edi. Jadal islohotlarga kirishgan Malayziya bir necha o‘n yil ichida «uchinchi dunyo» davlati degan «tavqi la’nat»dan xalos bo‘lib, «Osiyo yo‘lbarsi» degan nomga ega chiqdi.

Langkavi orolidagi Osmon ko‘prigi. Foto: Google Images

Xo‘sh, Malayziya iqtisodiy mo‘’jizasining siri nimada?

Katta yo‘l boshida turgan O‘zbekiston taraqqiyotning Malayziya modelidan qay jihatlarni o‘rgansa bo‘ladi?

Korrupsiyaga qarshi beayov kurash

Malayziya iqtisodiy mo‘’jizasi 1981-2003-yillarda hukumatni idora etgan taniqli davlat arbobi Maxatxir Muhammad nomi bilan chambarchas bog‘liq (darvoqe, 92 yoshli siyosiy yetakchi 15 yillik tanaffusdan keyin o‘tgan yili yana bosh vazir lavozimiga qaytdi). Malayziya ulkan tabiiy boyliklar, xususan, neft va gaz zaxiralariga ega. O‘tgan asr o‘rtalarida mustaqillikni qo‘lga kiritgan Fors ko‘rfazi davlatlari energiya manbalari savdosiga zo‘r bergani ma’lum. Malayziya esa arab podshohliklari kabi faqat tabiiy boyliklar oldi-sotdisiga ishonib qolmay, avvalo ishlab chiqarish va sanoatni taraqqiy ettirishga intildi.

Islohotchi bosh vazir Maxatxir Muhammad «Malayziya rejasi» deb atalgan taraqqiyot dasturini e’lon qildi. Dasturda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yuqori texnologiyalarga asoslangan milliy korporatsiyalarni tashkil etish belgilangan edi. Korporatsiyalar ishiga rasmiy idoralarning aralashuvi keskin kamaytirildi, davlat nazoratchi emas, teng huquqli hamkor sifatida faoliyat yuritdi.

Islohotlar me’mori Maxatxir Muhammad. Foto: Xinhua

Sir emas, katta pul bor joyda korrupsiya atalmish ofat ham hoziru nozir bo‘ladi. Mamlakat rahbariyati xorijdan mo‘l-ko‘l sarmoya oqib kela boshlagan ilk kezlardanoq poraxo‘rlik, ta’magirlik holatlariga qarshi ayovsiz kurash e’lon qildi.  Eng muhimi, iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvidan butunlay voz kechilib, erkin bozor munosabatlariga o‘tildi.

Mintaqada uchinchi davlat

Avstraliya milliy universiteti professor Hel Hill (Hal Hill) Malayziyada erkin savdo yo‘lidagi katta to‘siqlar bartaraf etilib, shaffof muhit yaratilgani, xorij sarmoyasi muhofaza etilgani iqtisodiy o‘sishga turtki berganini ta’kidlaydi. Jahon savdo tashkiloti, APEC, ASEAN kabi iqtisodiy tuzilmalarga a’zolik ham taraqqiyotni yanada jadallashtirdi.

Iqtisodiyotni isloh etish, shu bilan birga, ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar tez orada o‘z mevasini berdi. 1988-1997-yillarda mamlakatda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 10 foizni tashkil etdi. Bu Osiyodagi eng yuqori natijalaridan biri edi. Chorak asrda aholi turmush darajasi 20 barobarga o‘sdi. Mamlakat butun dunyoga yuqori sifatli elektronika mahsulotlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari eksport qila boshladi. 30-40 yil avval agrar sohaga tayangan Malayziya YaIMda sanoat sektori va xizmatlar ulushi 90 foizga yetdi. Mamlakat iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha mintaqada uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Betakror tabiat, muazzam tarix, boy o‘simlik va hayvonot olamiga ega mamlakat qisqa muddatda sayyohlik sohasini zamon talablari asosida isloh etdi, bu borada butkul yangicha infratuzilma yaratildi. Shu tariqa Malayziya sayyoramizning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan 10 mamlakati ro‘yxatidan joy oldi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2018 yili bu o‘lkaga qariyb 26 million sayyoh kelgan.

Din va dunyo: oltin o‘rtaliq qayerda?

Islohotlar me’mori Maxatxir Muhammad kezi kelganda tavakkalga ham qo‘l urgan. Masalan, 1997 yilgi xalqaro moliyaviy inqiroz payti Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) iqtisodiy tanglik yoqasidagi mamlakatga qarz taklif etadi. Ammo bosh vazir XVJ yordamini rad etadi va inqirozni ichki manbalarga tayanib bartaraf etishga harakat qiladi. Iqtisodiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sohibi, amerikalik atoqli olim Jozef Stiglits (Joseph Stiglitz) fikricha, pirovardida, Malayziya rahbariyatining ushbu qaltis qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Mamlakat inqirozni donorlar ko‘magisiz yenga oldi.

Malayziya rahbariyati din va dunyoviylik o‘rtasida oltin o‘rtaliqni topa bildi. Asrlar davomida ma’naviy yuksalish omili bo‘lib kelgan islomiy qadriyatlar saqlab qolindi. Ayni choqda, mamlakat siyosiy jabhada demokratik rivojlanish yo‘lidan bordi. Malayziyada g‘oyat taraqqiy etgan islomiy bank tizimi ham musulmon o‘lkalar uchun o‘ziga xos namuna sanaladi.

«Malayziya din va dunyoviylik o‘rtasida oltin o‘rtaliqni topa bildi». Putra jome’ masjidi. Foto: Google Images

Sirasini aytganda, malayziyaliklar dunyoni deb dindan, dinni deb dunyodan voz kechmaslik yo‘lini tutdi. Bu o‘rinda Maxatxir Muhammadning «Ibodat qilmoq uchun Makkaga, ilm olmoq uchun esa Yaponiyaga boraman» degan mashhur naqlini esga olish joiz. Bu, «Ilmni Xitoydan bo‘lsa ham o‘rganing» degan hikmatni yodga  soladi.

Malayziya tashqi siyosati ko‘p qutbli ekanini ta’kidlash lozim. «Prosper Thy Neighbor» («Qo‘shnilar bilan birgalikda taraqqiy et» ) shiorini bayroq qilgan mamlakat avvalo yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatni saqlab keladi. AQSh, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Yevropa ittifoqi kabi geosiyosatning muhim «o‘yinchi»lari bilan munosabatda ham birinchi navbatda milliy manfaatlarga tayanadi.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring