Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda yuzlab o‘qituvchilar koronavirusga gumonlanmoqda

Qashqadaryoda yuzlab o‘qituvchilar koronavirusga gumonlanmoqda

Foto: Xabar.uz

Qashqadaryo viloyatida koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda kasallikdan gumonlanuvchilar va aholining murojaatlari asosida «COVID-19» virusiga laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda, deyiladi Qashqadaryo viloyat SEOM axborot xizmati xabarida.

Shu kunga qadar viloyat Sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazining maxsus laboratoriyasida 201 319 nafar fuqarodan olingan tahlil natijalari ko‘rib chiqildi. Natijada 15-sentyabr 10:00 holatida viloyatda jami 1034 holatda «COVID-19» bilan kasallanish qayd etildi. Ayni paytda esa virusni yuqtirib olgan 958 nafar bemor davolanib, sog‘ayganlarning umumiy ko‘rsatgichi 93 foizni tashkil qilmoqda.

Umumta’lim maktablarida 2020-2021-o‘quv yilini karantin qoidalari va talablari asosida tashkil etish maqsadida viloyatdagi barcha pedagog xodimlar koronavirusga tekshirilmoqda. Viloyatda 1151 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularda 55 562 nafar o‘qituvchi va boshqa xodimlari faoliyat ko‘rsatib keladi. Shu kunga qadar Qashqadaryo viloyat SEOM va uning shahar va tuman markazlari orqali 32 892 nafar pedagog xodimlardan virus tahlillari olib o‘rganildi.

Laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan 855 nafar xodim virus yuqtirganlikda gumonlanib, dastlabki xulosalar berildi. Ularda koronavirus alomatlari mavjud emasligini alohida ta’kidlash zarur. Shunday bo‘lsa-da, ular zaruriy dori darmon, tibbiy vositalar bilan ta’minlanib, shifokorlar tomonidan kuzatuvga olindi. Navbatdagi bosqichda esa virusni yuqtirganlikda gumonlangan pedagog xodimlar yana bir bor tekshiruvdan o‘tadi. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etib boriladi, – deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring