Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorako‘l: aholi yer savdosidagi qonun buzilishidan norozi (video)

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi «Do‘stlik» MFY hududida 2014-yilda namunali uy-joylar qurib, foydalanishga topshirilgan. Bildirilishicha, M-37 xalqaro ahamiyatga ega yo‘li yoqasida joylashgan mazkur uy-joylar oldida bo‘sh yer maydoni qurilish uchun mo‘ljallanmagan. Bu manzilning yer usti va yer ostidan kommunikatsiya tizimlari, toza ichimlik suvi magistral suv quvurlari o‘tkazilgan.

«Yer savdosi «o‘yin»ga aylantirib yuborilgan...»

Ulug‘bek Rustamov, Akram Mamatov, Ahror Ochilov, Sulaymon Ochilov, Laylo Qodirova, Nargiza Mansurova, Abdurashid To‘rayev, Shuhrat Karimov, Shernazar Salomov, Ulug‘bek Shernazarov, Shalola va Gullola Xolniyozova, Husen Avezov hamda boshqa fuqarolar o‘z yashash xonadonlari oldidagi yer maydonlarining asossiz ravishda auksion savdolari orqali sotilganidan norozi bo‘lishgan.

«Tuman hokimi qarorida go‘yoki vakolatli tashkilotlarning kelishuv va xulosasi olingan hamda shundan so‘ng, 11,28 sotix yer maydoni elektron-onlayn auksion orqali sotilgan. Aslida, vakolatli tashkilotlar tomonidan ushbu yer maydonini elektron-onlayn auksion orqali sotuvga chiqarish masalasida xulosalar berilmagach, tuman mas’ullari hamda ayrim tashkilotlar ishtirokida kengash yig‘ilishi o‘tkazilgan. Va shu yig‘ilish bayoniga asoslanilib, vakolatli tashkilotlar xulosasi olinmay, yer savdosi «o‘yin»ga aylantirib yuborilgan», — deyiladi «Xabar.uz»ga murojaatda.

Fuqarolarga ko‘ra, ular namunali uy-joylari yonida bolalar maydonchasi yo‘qligi va bu bo‘sh yer maydonining kommunikatsiya tizimlariga yaqin masofada bo‘lmagan qismida bolalar maydonchasi tiklanishi taklifi bilan chiqishgan. Tuman mutasaddilari esa taklifni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, noqonuniy yo‘lni ishga solib, manzilni boshqa subyektga aylantirish harakatiga tushib qolishgan...

«Bolalar maydonchasi uchun katta qurilish talab etilmaydi. Bunday maydoncha uchun og‘ir konstruksiyali qurilish materiallari yotqizilmaydi. Ammo maydonning noqonuniy yo‘l bilan savdoga qo‘yilib, sotib yuborilgani hamda boshqa turdagi qurilishga ruxsat berilgani aholining, jumladan, bizning noroziligimizga sabab bo‘lyapti. Ushbu yer maydonining shundoq yonidan sizot suvlarini oqizib ketishga mo‘ljallangan zaxkash o‘tkazilgan edi. Zaxkash ko‘mib tashlandi. Ikki-uch oy ichida sho‘rlik va namlik oshib ketdi. Oqibatda uy-joylarimizning poydevorlari nuray boshladi. Devor suvoqlari ko‘chib, yuqori darajadagi sho‘rlik va namlik xonadonlarimizning ichki devorlarigacha ta’sirini ko‘rsatmoqda», — deyiladi murojaatda.

Aniqlik kiritilishicha, hududning uncha olis bo‘lmagan manzilida chimli futbol maydoni hamda Work out bor. Biroq, ular ma’lum miqdordagi to‘lov asosida xizmat ko‘rsatadi, har kunlik to‘lovni esa ota-onalarning cho‘ntagi ko‘tarmaydi.

Fuqarolarning so‘ziga ko‘ra, aholi tomorqa yerlarini sug‘orishga mo‘ljallangan ushbu yer maydoni o‘rtasidan o‘tkazilgan uzoq yillik ariq ham ko‘mib tashlangan.

«Yerlarimizni sug‘orishga suv yo‘li ham qolmadi. Vodoprovod bilan ta’minlanishi uchun esa ayni paytda mojaroli va muammoli yerda o‘zboshimchalik bilan tiklanayotgan bino buzilib, so‘ng suv quvurlari o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, bu yerdan Qorako‘l shahri aholisining ma’lum qismini toza ichimlik suvi bilan ta’minlovchi yerosti katta quvurlari o‘tkazilgan. Odamlarni muammodan olib tashvishga, tashvishdan olib muammoga tashlashmoqda», — deyishdi fuqarolar.

Tuman hokimi qarori «haqiqiy emas» deb topildi

Murojaat yuzasidan «Xabar.uz» muxbiri tomonidan olib borilgan surishtiruvga ko‘ra, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksionga chiqarish to‘g‘risida tuman hokimining (2022-yil 4-iyun, 185-2-37Q/22-sonli) qarori chiqqan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va va ijara huquqi asosida elektron-onlayn auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan, «Do‘stlik» mahallasidagi 0,1128 gektar (11,28 sotix) yer maydonining 4 sotix qismi elektron-onlayn auksion sotuvga kiritilishi faqatgina mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan Kengash yig‘ilishida tuzilgan bayonnoma orqaligina amalga oshirilgan. Yerning 4 sotix qismini sotish uchun ham vakolatli tashkilotlar xulosalari olinmagan. Shunga qaramay, elektron-onlayn auksion orqali yerni sotish qarorida: «Qorako‘l tuman «Do‘stlik» mahallasi hududida joylashgan jami 11,28 sotix yer maydoni ilovaga muvofiq, «Yerelektron» ATT dasturi orqali vakolatli tashkilotlardan kelishuv hamda muhokamadan o‘tkazilganligi inobatga olinsin», deya ko‘rsatilgan.

Fuqarolar noroziligiga sabab bo‘layotgan 11,28 sotix maydoni 10 ta lotga ajratilgan hamda 9 nafar tadbirkorga elektron-onlayn auksion orqali jami 396 million 131 ming so‘mga sotilgan.

Aholi noroziligiga olib kelayotgan holat Qorako‘l tuman prokuraturasi e’tiborini ham o‘ziga qaratgan va fuqarolarning murojaatlariga asoslanib, tuman hokimining 04.06.2022-yildagi tegishli qarori izchil o‘rganilgan. O‘rganuv davomida 10 ta lotga ajratilgan holda savdoga chiqarilgan yer maydonining 9 tasi auksion savdolari orqali sotilgani, biroq, vakolatli tashkilotlar, jumladan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanuvchi tashkilotlardan haqiqatan ham xulosalar olinmagani aniqlangan.

Shu sababli, tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimining 2022-yil 4-iyunda chiqarilgan 185-2-37Q/22-sonli qarori oqibatida kelib chiqqan auksion natijalarining qonun talabalariga zid bo‘lganligi sababli qaror haqiqiy emas, deb topilgan. Va ushbu yuzasidan 01.11.2022 yilda Buxoro tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritilgan.

«Biz Ma’muriy sudga hokim qarorini hamda Fuqarolik sudiga auksion natijalarini bekor qilish yuzasidan da’vo arizasi kiritganmiz. Aytish joizki, ushbu masalada tuman arxitektorining aybi bor. Vaholanki, arxitektor vakolatli tashkilotlar bilan rasman kelishmay, xulosalarni olmay, bo‘sh yer maydonining auksion elektron-onlayn savdoga qo‘yilishini ta’minlagan. Ikkinchi holatda amalning qonuniyligi ta’minlanib, qurilish ishlari boshlangan taqdirda ham fuqarolar rozi bo‘lib qolishmaydi. Chunki bu yerda murojaat qilgan fuqarolarning manfaati ham bor. Shu sababdan yirik mablag‘ evaziga sotib olgan yer maydonida tadbirkorlar ish faoliyatini boshlay olishmayapti. Vakolatli tashkilotlar ushbu yer maydonida og‘ir konstruksiyali qurilish ishlariga ruxsat berishmas ekan, tadbirkorlar ishini to‘xtatadi»,— dedi tuman prokurori Feruz Ochilov.

Tuman prokurori arizasiga muvofiq, Buxoro tumanlararo Ma’muriy sudi tomonidan holat yuzasidan joriy yilning 24-yanvar sanasida ochiq sud majlisi o‘tkazilgan. Sud organi vakillari tomonidan Qorako‘l tuman hokimining muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu qarori haqiqiy emas, deb topilgan.

«Tuman hokimining ushbu qarorini qonuniy, deb bo‘lmaydi. Ular faqat mas’ullari tomonidan tuzilgan bayonnomani asos qilib olishgan. Eng qizig‘i, bayonnomada hududdagi 11,28 sotix yer maydoni emas, balki uning 4 sotix qismi auksion savdoga chiqarilishi muhokamaga qo‘yilgan. Hokim qarorida esa uning aksi. Ya’ni 10 ta lotga ajratilgan 11,28 sotix yer maydoni auksionga qo‘yilgan va amalda 9 ta lot qonunga zid ravishda sotilgan. Sud tomonidan javobgar Qorako‘l tuman hokimligi zimmasiga ushbu yer maydonlarini «Yerelektron» ATT dasturi orqali elektron onlayn-auksionga chiqarish masalasini vakolatli tashkilotlardan kelishuv hamda muhokamadan to‘liq o‘tkazib, xulosalari olingandan keyin ko‘rib chiqish majburiyati yuklandi. Hamda tuman hokimligidan davlat foydasiga uch million so‘m davlat boji undirilishi belgilandi», — dedi Buxoro tumanlararo Ma’muriy sudi sudyasi yordamchisi Yorqin Muhiddinov.

Tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i Ravshan Ochilov esa vakolatli tashkilot sifatida, agar qurilayotgan obyekt hududida daraxt yoki ko‘chatlar mavjud bo‘lsa, tadbirkorga ularni ko‘chirib o‘tqazish maburiyati yuklangani, shikast yetkazsa, jarima to‘lash talablari qo‘yilganini bildirgan.

«Buxoro hududiy elektr tarmoqlari» AJ mas’ulining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat o‘rganilganda, mazkur yer maydonidan «Ogahiy-10kV»li havo elektr uzatish tarmog‘ining (simyog‘och) 21, 22, 23, 24-sonli tayanchlari o‘tkazilgan. Yer maydoni sotuvga chiqarilganda, korxonaga bu haqda ma’lum qilinmagan.

«10 kV havo elektr uzatish tarmog‘ining muhofaza maydoni uning eng chetdagi simidan har ikki tomonga 10 metr masofa qilib belgilangan. Ammo qurilish olib borilayotgan obyekt hamda simyog‘och o‘rtasidagi masofa 3,38 – 7,32 metrni tashkil qiladi. Elektr ta’minoti korxonasi balansida bo‘lgan ushbu tarmoqni xavfsiz hududga ko‘chirish masalasini hal qilish uchun amaldagi qonun talablari asosida qurilish bo‘limi tomonidan yozma xulosa berilishi lozim. Ushbu masalada esa tadbirkor va tuman elektr tarqatish korxonasi o‘rtasida «xizmat ko‘rsatish» shartnomasi tuzilib, loyiha ishlari bajarilgan. Biroq, 10 kV havo elektr uzatish tarmog‘ini xavfsiz hududga ko‘chirish ishlari, hudud aholisining qarshiligi sababli, vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi», — dedi «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari» AJ mas’uli.

«Biri qur, biri to‘xtat!» desa...»

Aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan, ustiga-ustak, mashmashalar qaynayotgan hududda ikki qavatli binoni qurishdan to‘xtamayotgan tadbirkor bilan suhbatlashamiz. O‘zini Abay Abdullayev deb tanishtirgan tadbirkor o‘zida mavjud hujjatlar taxlamini ko‘rsatar ekan, «tuman hokimi va mas’ullari qurilishni davom ettiraverishimni bildirishdi», — degan vaj keltirdi.

Uning aytishicha, u auksion savdoning birinchi turida yutqazgan va o‘zi u yerni xarid qilib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Shundan so‘ng keyingi auksion savdoga ukasi Sodiq Abdullayev kirgan va 2 ta lotni sotib olishga muvaffaq bo‘lgan.

«Ukamning nomida bo‘lishida fojia yo‘q. Oilaviy tadbirkorlarmiz. Agar atayin mening nomimda bo‘lishi lozim bo‘lsa, vaqti kelib, o‘z nomimga ham hujjatlashtirib olarman. Ammo asosiy muammo bu emas! Biz, elektron-onlayn auksion savdosiga kirdik hamda har biri 0,012 gektardan bo‘lgan yer maydonining birini 42 million 869 ming so‘m va birini 24 million 953 ming so‘m mablag‘ evaziga sotib oldik. Va ishni boshladik. Tuman hokimligi nechog‘liq qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan — u javob beradi. Axir, biz tadbirkormiz! Shu yerlik aholi uchun non ishlab chiqarish sexini tiklashni, shu yerlarni obod etishni maqsad qilganmiz. O‘ttizga yaqin shu mahallaning xotin-qizlarini ish bilan band qilyapmiz. Qo‘limizdagi shuncha hujjat o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Nega mutasaddilarning xatosi tufayli tadbirkor sarson bo‘lishi kerak. «Biri qur, biri to‘xtat!», deyishdan oldin bu to‘g‘rida o‘ylab ko‘rish kerak emasmidi?! Tadbirkor oldiga chiqib, unga xalaqit bergan odam dushman hisoblanadi», — dedi tadbirkor.

Ayni paytda mahalla hududidagi eski binolardan birining yerostida (yerto‘la)gi nonvoylik sexida mehnat qilayotgan Nasiba Sharopova, Salomat Xo‘jayeva, Dilrabo Hafizova kabi o‘nlab xotin-qizlar nam va zax sharoitda ishlashayotgani, yangi binoga ko‘chib, aholiga non mahsulotlari yetkazib berilishining salbiy jihati yo‘qligini bildirishdi.

«Tadbirkorga qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turishini o‘zim aytganman. Taxminim bo‘yicha, ularning yuristi, baribir, qonuniy hal bo‘lishiga ishontiryapti. Shuning uchun qurilish davom etayotgan bo‘lishi mumkin. Sudning yakuniy xulosasiga ko‘ra, holat noqonuniy deb topilsa, tadbirkor xarajatlari arxitektor hisobidan qoplanadi yoki jinoiy ish orqali amalga oshiriladi. Tadbirkor ishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘xtatishga esa prokurorning vakolati yo‘q», — dedi tuman prokurori.

Tuman hokimligi Qurilish bo‘limi vakili Hayot Haydarov ayni paytda holat yuzasidan sud ishida protest jarayonlari davom etayotgani, sud hal qiluv qarori chiqqachgina, shu qaror asosida ish ko‘rilishini bildirgan. 

«Agar holat noqonuniy deb topilsa, qurilishni buzish ishlari tadbirkor tomonidan amalga oshiriladi — tadbirkor buni qurilish boshlanishidan oldin yozib bergan tilxatida bayon etgan», — dedi Hayot Haydarov.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yer maydonini auksion orqali xarid qilgan o‘nga yaqin tadbirkorlar o‘z subyektlarini tiklash arafasida. Murojaat egalari esa bu yerda faqatgina nonvoyxonagina emas, oshxonalar qurilishi rejalashtirilayotgani, spirtli ichimliklar iste’moli oshib, turnaqator avtomashinalar qatnovi avj olishini iddao qilishmoqda.

Fuqarolarning murojaatlari yoxud noroziliklarining tagzamini o‘rganilsa, mazkur hududda joylashgan 10 ta namunaviy uy-joyda kredit to‘lovi evaziga yashab kelayotgan fuqarolarning farzandlari uchun bolalar maydonchasi yaratib berilmagan. Bu boradagi murojaat va takliflari ham e’tibordan chetda qolib kelgan. 

Xuddi shuningdek, «Buxoro suv ta’minoti» MChJ tuman bo‘limi boshlig‘i Bayram Qo‘chqorovning bildirishicha, tumandagi «Do‘stlik» mahallasi hududidan D-280 mm va D-400 mm.li ichimlik suvi quvurlari o‘tgan. Yer maydonini auksion orqali sotish filial tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lishiga qaramay, sotib yuborilgan.

Tuman hokimi: «Men qurilishga ruxsat bermaganman. Tadbirkor iddaosi noto‘g‘ri!»

«Bu yer maydonlari auksion tizim orqali sotilgan. Kim holatga noto‘g‘ri yondashgan bo‘lsa, buning uchun javob beradi. Bu boshlangan ish ortida hokimning yoki qaysidir rahbarning manfaati yo‘q, xalq manfati yotibdi. Maqsad M-37 xalqaro ahamiyatdagi magistral yo‘lidagi sho‘r bosib yotgan yerlarni obod qilib, xizmatni rivojlantirish, yuzlab aholini ish bilan ta’minlash. Aytish mumkinki, tadbirkorlar elektron-onlayn auksion orqali tegishlicha yer sotib olishgan. Ayni paytda esa sud hal qiluv qarori e’lon qilinmay turib, qurilish ishlarini to‘xtatmayotgan tadbirkorning: «qurilishni davom ettirishimga hokim ruxsat bergan», degan iddaolari mutlaqo noto‘g‘ri. Unga qurilish ishlarini olib borishiga ruxsat bermaganman, hatto men uni tanimayman ham. So‘nggi nuqtani esa sud hal qiluv qarori qo‘yadi va u hamma narsaga oydinlik kiritadi!», — dedi tuman hokimi Xurshid Tohirov.

Ushbu masala mohiyatida esa fuqarolar murojaatlari emas, balki bino va inshootlar tiklanishi mumkin bo‘lmagan hududda qonunbuzilishlar sabab bo‘layotgani bildirildi. Buxoro viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi xodimi Fozil Boltayev ham tuman hokimligi mas’ullarining xatosi oqibatida yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri auksionga chiqarilib, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yishganini ochiqlamoqda.

«Yer maydonini auksion savdoga qo‘yish uchun ham, bino, inshoot qurish uchun ham bizdan xulosa olishmagan. Ushbu yer maydoni magistral yo‘l yoqasida joylashgan. Aslida esa bino, inshootlar tiklanadigan hudud xalqaro magistral yo‘ldan 57 yarim metr uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerak. Biz hozirgi holatda ham, keyinchalik ham rad javobini beramiz. Ushbu manzilda qurilish ishlarini olib borish qarorlarga zid va mutlaqo mumkin emas!», — dedi Fozil Boltayev.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring