Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saylov-2019: partiyalar, kuzatuvchilar va OAV qanday ishlaydi?

Saylov-2019: partiyalar, kuzatuvchilar va OAV qanday ishlaydi?

2019-yil 5-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi, siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari to‘g‘risidagi hamda saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash kabi masalalar o‘rin oldi.

Aytish joiz saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin to‘xtatiladi.

Saylovoldi tashviqoti o‘tkazilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyat beriladi.

Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yig‘ilishlari, nomzod to‘g‘risida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.

Deputatlikka nomzodlarga va ularning ishonchli vakillariga saylovoldi tashviqotini olib borishda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun teng sharoitlar beriladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

Majlisda siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari to‘g‘risidagi nizom ham ko‘rib chiqildi.

Undagi asosiy yangilik, demokratik saylovlar bo‘yicha xalqaro standartlar talablariga to‘la mos keladigan norma kiritildi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz demokratik saylov tizimida ilk marotaba fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etishi mumkin bo‘ldi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega. Kuzatuvning maqsadi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.

Siyosiy partiya a’zosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh bo‘lgan har qanday O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi siyosiy partiyadan kuzatuvchi bo‘lishi mumkin. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning o‘rinbosari, maslahatchisi, shuningdek fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslari kuzatuvchi bo‘lishi mumkin.

Komissiya a’zolari saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. Unga ko‘ra OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinadi.

OAV vakillari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab, qoida tariqasida, saylovga kamida o‘n besh kun qolgunga qadar MSK, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkin.

Majlisda shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalarini tuzish natijalari ko‘rib chiqildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring