Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda muhim moliyaviy forum bo‘lib o‘tdi

Toshkentda muhim moliyaviy forum bo‘lib o‘tdi

Bugun Toshkent shahrida II Xalqaro moliya-bank forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir moliyaviy faoliyatning deyarli barcha sohalarini qamrab oldi va uning doirasida bank, investitsiya-kredit, sug‘urta va qayta sug‘urtalash, lizing, kapital bozori va birja faoliyati yo‘nalishlarida bir qator muhim va ahamiyatli muloqot hamda muhokamalar o‘tkazildi. Tadbir davomida moliya sektorini rivojlantirishning hozirgi tendensiyalari va istiqbollarining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Forum turli mamlakatlar ekspertlari va mutaxassislarining ilg‘or tajribalarni almashishlari uchun o‘ziga xos xalqaro biznes platforma hisoblanadi. Tadbir shuningdek, ma’lum tarmoqlar yoki moliya bozorining turli sektorlari vakillari o‘rtasida B2B muzokaralarini o‘tkazish imkoniyatini beradi.

Forum rasman «Yangi iqtisodiy voqeliklar kontekstida MDH hududida integratsiya» yalpi majlisi bilan ochiladi, unda integratsiya, transformatsiyalar va moliya sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng, Forum ishi bir necha tematik sessiyalarda davom etadi.

Mamlakatimiz va xorijiy banklar, shuningdek, boshqa moliya institutlari o‘rtasida shartnoma va memorandumlar imzolanishi Forumning muhim qismlaridan bo‘ldi. Umumiy qiymati 567,2 million dollardan ortiq bo‘lgan 28 ta hujjat imzolandi. Xususan, «O‘zmilliybank» AJ va Rossiyaning VTB banki o‘rtasida 50 million dollarlik kredit liniyasini jalb etish bo‘yicha kelishuvga qo‘l qo‘yildi. Ushbu shartnoma bo‘yicha Xabar.uz axborot tahliliy portali yaqin vaqt ichida atroflicha ma’lumot berishni rejalashtirgan.

Forum «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ, MDH Moliya-bank kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ko‘magida o‘tkazildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring