Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp va uning farzandlari qamalishi mumkin

Tramp va uning farzandlari qamalishi mumkin

Foto: «AP Photo / Evan Vucci»

Donald Tramp va uch nafar farzandining «Trump Organization» kompaniyasidagi faoliyati jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin, deydi Germaniyaning «Focus» nashri muallifi Sandra Uord.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ish yuzasidan Donald Tramp qamoqqa olinishi ehtimoli yo‘q emas.

«Faqat prezidentlikkina Donald Trampni turma yoki xonavayron bo‘lishdan saqlab qoladi», — deya muallif amerikalik tarixchi Timoti Snayderning so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Shu bilan birga, Amerika OAV amaldagi davlat rahbarining uch farzandi — Ivanka, Donald va Erik ham tez orada qamoqqa olinishini aytmoqda. Ularning «Trump Organization»da moliyaviy va soliqqa oid qoidabuzarliklarga aloqasi bo‘lishi mumkin.

Yaqinda Ivanka Tramp Nyu-York Oliy sudi tomonidan prezident oilasi kompaniyasida soliqqa oid qoidabuzarliklar bo‘yicha tergov kengaytirilgani e’lon qilingach Demokratik partiyani siyosiy ta’qibda aybladi.

Ivanka otasi Trampning fond faoliyatiga eng ko‘p jalb etilgan. U «konsultant» xizmatlari evaziga «gonorar» sifatida otasidan 750 ming dollar olgan. Bu Nyu-York prokurorlarida prezident soliqlardan qochishga urinyapti, degan shubha uyg‘otdi. Bundan tashqari, Tramp «Playboy» modeli Karen Makdugalga pora berganlikda gumon qilinmoqda.

2012-yilda Trampning bolalari — Ivanka va Donald firibgarlik tufayli sud qilinishiga sal qolgan. Ularni «Trump Soho Tower»dagi kvartiralar narxini oshirishda ayblashlari mumkin edi. Shunisi e’tiborga loyiqki, o‘shanda Tramp oilasi prokurorni qayta saylash kampaniyasiga 25 ming dollar xayriya qilgan.

Hozir Tramp oilasiga nisbatan o‘ndan ziyod tergov harakatlari olib borilmoqda. Yaqin yillar ichida esa amaldagi davlat rahbari xorijlik kreditorlar, jumladan, «Deutsche Bank»ga 300 million dollardan ortiq qarzini to‘lashiga to‘g‘ri keladi. «Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning qarzi 900 million dollarga yetadi. «Forbes» esa soliq idoralari oldidagi millionlab majburiyatlari haqida xabar berdi. Bundan tashqari, amaldagi prezidentning biznesi pandemiya tufayli katta zarar ko‘rmoqda, deyiladi maqolada.

O‘tgan yili hukumatning axloq qo‘mitasi Ivanka Trampni «Trump Organization» xayriya mablag‘laridan 20 ming dollarga prezident portretini xarid qilgach «Xayriya tashkilotlari majburiyatlari» kursidan o‘tishga qaror chiqargandi. Xayriya mablag‘lari shaxsiy manfaatlar va xarajatlarga mo‘ljallanmagan, degan xulosani bergan qo‘mita.

Qonun bilan bog‘liq muammolar Ivankaning turmush o‘rtog‘i, Jared Kushner oilasida ham kuzatilgan. 2004-yilda uning otasi, katta biznesmen Charlz Kushner partiyaning noqonuniy xayriyalari va soliqqa oid firibgarliklarda aybiga iqror bo‘lgani uchun 14 oyga qamalgan. Bundan tashqari, sudda qarindoshlaridan birini «shantaj» qilish uchun fohisha yollaganini ham tan olgan.

Trampning olti nafar sobiq maslahatchisi qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular orasida sobiq advokati Maykl Koen ham bor. Undan prezident oilasining kelajagi haqida so‘rashganida, Tramp o‘zini qutqarish uchun hamma narsaga tayyor ekanligini aytgan.

«Avvaliga u Erikni, keyin Donni, kerak bo‘lsa, suyukli qizi Ivankani ham qurbon qiladi. Ishoning, men Donaldni yaxshi bilaman», — degan Koen.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring