Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat aholining barcha qatlamini ijtimoiy himoya qilishi lozim

Davlat aholining barcha qatlamini ijtimoiy himoya qilishi lozim

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasida muhim qo‘shimchalardan biri bu 1-moddaga O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekanini belgilash bo‘lmoqda. Ya’ni davlat bosh Qomusimiz orqali o‘zini ijtimoiy davlat deya e’lon qilmoqda. Xo‘sh, ijtimoiy davlat nima degani? Ijtimoiy davlatda qanday talablar, normalar bo‘lishi kerak?

Birinchi navbatda bu g‘oyaning bosh qonun orqali belgilab qo‘yilishi kelajakda mamlakatimizda ijtimoiy sohaga ustuvorlik berish siyosatining yanada kuchayishiga, aholining barcha qatlamlari uchun munosib turmush tarzini ta’minlashga hamda ijtimoiy yordamga muhtoj aholining davlat tomonidan har tomonlama himoya qilinishini kafolatlashga huquqiy zamin yaratadi.

Ijtimoiy davlat tushunchasi xorijiy davlatlar asosiy qonunida ham uchratish mumkin. Faktlarga ko‘ra, 1949 yil Germaniya Federativ Respublikasi Asosiy qonuni, 1958 yil qabul qilingan Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasi, 1978 yil qabul qilingan Ispaniya Qirolligi Konstitutsiyasi, 1982 yil qabul qilingan Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasi, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyalarida mazkur davlatlarning ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi qayd etilgan.

Ijtimoiy davlat masalasida juda ko‘plab mutaxassislarning ham ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarini o‘qish mumkin. Xususan, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar loyiha rahbari, dotsent Nodirbek Rasulov qonunchiligimizda ijtimoiy himoya bo‘yicha bo‘shliqlar yuzaga kelganini ta’kidlaydi.

«2017-2021 yillar mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-xuquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish mobaynida qonunchiligimizda aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq bir qancha bo‘shliqlar mavjudligi amalda namoyon bo‘ldi. Mazkur bo‘shliqlarni to‘ldirish, aholining barcha qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida «Inson qadri» uchun yetti yo‘nalishda 100ta maqsad belgilab olingan edi. E’tiborli jihati, 100ta maqsaddan 34 tasi bevosita ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan. Bundan ko‘rinadiki, mamlakatimizning amaldagi konstitutsiyasida «Ijtimoiy davlat» maqomi e’tirof etilmagan bo‘lsa ham, lekin amalda ijtimoiy davlatning fundamental huquqiy asoslari yaratilgan», deb yozadi u.

Albatta ko‘pchilikda «Ijtimoiy davlat» nima va bu tushunchani Konstitutsiyaga singdirilishi kelajakda aholimizning ijtimoiy hayotida qanday imkoniyatlarni paydo qiladi, degan tabiiy savollar berishi mumkin. Iqtisod fanlari doktori bo‘lgan Rasulov bu borada ham tushuncha berib o‘tgan.

«Birinchidan, «Ijtimoiy davlat» bu – mamlakatda ijtimoiy sohaga ustuvorlik berish orqali fuqarolar tengligini ta’minlash, ularning turli tabaqalarga ajralishiga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy yordamga muhtoj aholini davlat tomonidan har tomonlama himoya qilish choralarini ko‘rish, ularga birlamchi malakali tibbiy xizmatlarni bepul amalga oshirish hamda sifatli ta’lim olish va shunga o‘xshash xizmatlar ko‘rsatish tushiniladi.

Ikkinchidan, «Ijtimoiy davlat» maqomini olgan davlatlar jamiyatda «ijtimoiy tabaqalanish»ni kamaytirish, «ijtimoiy tenglik» hamda «ijtimoiy davlat» tamoyillari asosida boshqarishni zimmasiga oladi va shu tamoyillar bajarilishiga kafolat beradi.

Bizning fikrimizcha, amaldagi konstitutsiyaga «Ijtimoiy davlat» g‘oyasining singdirilishi kelajakda ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bor shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalarining hal etilishi aholimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga zamin yaratadi», deya fikr bildirgan Nodirbek Rasulov.

Davlat aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi majburiyatlarini o‘z bo‘yniga olishi kerak. Ayniqsa, inson qadri masalasini asosiy g‘oya sifatida olib chiqayotgan davlat uchun bu muhim. Bu esa «ijtimoiy davlat» tushunchasini Konstitutsiyaviy norma darajasida mustahkamlanishiga sabab bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, buni juda yaxshi o‘zgarish deyish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring