Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston yordami Afg‘onistonga yetkazildi (foto)

O‘zbekiston yordami Afg‘onistonga yetkazildi (foto)

Bugun, 25-iyun kuni Kobulda Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yuklarini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Yaqinda Afg‘onistonning Xost va Paktika provinsiyalarida ro‘y bergan vayronkor zilzila oqibatlarini yumshatish maqsadida O‘zbekistondan un, o‘simlik yog‘i, konserva mahsulotlari, oyoq kiyimlar va dori-darmonlar, jami 74 tonnadan iborat insonparvarlik yordami ikkita yuk samolyotida Afg‘onistonga yetkazildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati axborot va madaniyat vaziri v.b. Xayrulla Xayrxva Afg‘oniston hukumati nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, barcha do‘st O‘zbekiston xalqiga ushbu og‘ir va sinovli vaziyatda afg‘on eliga ko‘rsatgan bebaho yordami uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

«O‘zbek zamini xazinalari sanalmish qadimiy Samarqand va Buxoro islom madaniyati markazlari bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, ularni, jumladan, butun afg‘on xalqi e’zozlaydi.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning bunday chinakam samimiy ko‘magi qardoshlik rishtalarimizni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqinlashuvga xizmat qiladi», — dedi Afg‘oniston madaniyat va axborot vaziri.

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan bu yordamning birodarlik xususiyatiga ega ekanini ta’kidlar ekan, uning insonparvarlik mazmuniga to‘xtaldi.

Gumanitar yuklarning Afg‘oniston xalqiga yetkazilishi «afg‘on xalqi uchun eng og‘ir damlarda ham afg‘on zaminida doimo tinchlik va farovonlik haqida o‘ylaydigan» O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy tashabbusi ekanligi ta’kidlandi.

Avvalroq oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur predmetlar va medikamentlardan iborat jami 74 tonna yuk ortilgan samolyot Afg‘onistonga jo‘nab ketgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonning bir necha viloyatida 22 iyun kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida minglab odamlar qurbon bo‘lgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi mazkur fojia yuzasidan bayonot berib, afg‘on xalqiga yordam berishga tayyorligini bildirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring