Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonning sakkiz shahrida «Yangi Nafas» yugurish musobaqasi o‘tkazildi (foto)

O‘zbekistonning sakkiz shahrida «Yangi Nafas» yugurish musobaqasi o‘tkazildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

26 iyun kuni respublikaning sakkizta shahrida bir vaqtda, O‘zbekiston Yoshlar kuni va Olimpiya kuni Xalqaro sport bayramiga bag‘ishlangan «Yangi Nafas» sport yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

«Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!» shiori ostida Toshkent, Chirchiq, Guliston, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Samarqand va Shahrisabzda 25 mingdan ziyod inson «Yangi Nafas» yugurish musobaqasida ishtirok etdi. Maktab o‘quvchilari va talabalar, jamoat arboblari va tadbirkorlar, sportchilar va shunchaki havaskorlar ushbu sport bayramiga qo‘shildilar. Ishtirokchilar bilan birgalikda Oksana Chusovitina, Shahram G‘iyosov, Asal Saparbayeva, Ravshan Irmatov, Dilshod Sobirov, Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev kabi mashhur sportchilar ham yugurish musobaqasiga qatnashdi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax tadbir ochilishida yugurish musobaqasining ishtirokchilariga tabrik nutqi bilan murojaat qildi. O‘zining video murojaatida u barchani, bugungi kunda XOQ ishtirokchilari – 205 ta mamlakatni birlashtirib turuvchi, Xalqaro Olimpiya kuni bilan tabriklab, yosh avlodni sportni hayotlarining ajralmas qismiga aylantirishga dav’at qildi.

Yugurish musobaqasi mobaynida Sport TV telekanalida O‘zbekistonda ilk marotaba hududlarda bir vaqtda «Yangi Nafas» yugurish musobaqasining o‘tkazilishi joriy efirda uzatildi. Toshkentdagi Humo Arena maydonining hududida har bitta ishtirokchi-shaharlarining har biridan onlayn-translyasiya amalga oshirildi.

«Yangi Nafas» sport tadbirining yangi formatda, ya’ni bir vaqtda yugurish musobaqasi sifatida tashkil etilishi  yanada ko‘proq shahar va viloyatlarni qamrab olishga imkoniyat berdi, - deb ta’kidladi Yengil atletika federatsiyasining Bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zimuhammedov, - Musobaqani o‘tkazishga texnik tayyorgarlik ancha vaqt egallab, tashkillashtirish jarayoniga yanada jiddiy yondashishni talab qildi, biroq, shu bilan bir qatorda, biz hududlardagi faol va iste’dodli yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishga muvaffaq bo‘ldik».

Sport trassasining puxta ravishda tayyorlanishi, shuningdek, imkoniyatlari cheklangan yuguruvchilarning xavfsiz va qulay sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minladi. Adliya vazirligi ko‘magida har bir hududda yugurish musobaqasida nogironligi bor insonlarning jamoatchilik birlashmalari ishtirok etdi.

Hasan Ortiqov, Yengil atletika federatsiyasi sportni monitoring qilish bo‘yicha mutaxassis boshchiligidagi hakamlar jamoasi hakamlikni World Athletics Xalqaro assotsiatsiyasining ommaviy sport tadbirlari uchun tasdiqlangan qoidalariga asoslangan holda amalga oshirdi.

Asosiy sovrinli o‘rinlardan tashqari, tashkilotchilar tomonidan quyidagi maxsus nominatsiyalar joriy etildi: «G‘alabaga iroda uchun», «Eng yosh ishtirokchi», «Eng yoshi katta ishtirokchi». Toshkent va hududlardagi barcha g‘oliblarga qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Yangi Nafas» yugurish poygasining tashkilotchilari sifatida Toshkent shahar hokimiyati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, «O‘zbekneftegaz» AJ, Adliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yengil atletika federatsiyasi, hamda yugurish musobaqasining ishtirokchi shaharlarining hokimiyatlari ishtirok etdi.

«Yangi Nafas» sport bayrami raqslar fleshmobi va estrada yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring