Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qatarga qarshi bahs oldidan jamoaning holati haqida ma’lumot berildi

Qatarga qarshi bahs oldidan jamoaning holati haqida ma’lumot berildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets va futbolchimiz Odiljon Hamrobekov Qatarga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

«Har bir bosqichda bo‘lgani singari bizni oldinda qiyin bahs kutib turibdi. Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Biz o‘z kuchimizga ishonamiz.

Diyor Xolmatov Tailandga qarshi terma jamoadagi debyut uchrashuvini ajoyib tarzda o‘tkazdi. Shaxsan men uchun bu syurpriz bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida, ayniqsa, Dubaydagi yig‘inda o‘zini ko‘rsata olgan edi. Lekin ertangi bahsda Xolmatov maydonga tushadimi yoki yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi.

Hali jamoa bilan uchrashmadim. Holat yaxshilangan deb umid qilaman. Jarohatlanganlar bo‘yicha deyarli hech narsa o‘zgarmagan, biroq betob o‘yinchilarimiz sog‘ayish arafasida.

Asosiy vazifam jamoani tayyorlash, men ularga ishonaman. Qatarga qarshi to‘g‘ri o‘yin qurishimiz shart. Raqib bizdan qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihatlarimiz ham yetarlicha. Natija o‘yinchilarning harakatlariga, o‘sha paytdagi vaziyatlar, jarohatlar va yana boshqa ko‘plab jihatlarga bog‘liq. Avval ta’kidlaganimdek, bor e’tiborim oldindagi bahsga qaratilgan, qolgani keyin ma’lum bo‘ladi. Bizda yaxshi o‘yinchilar yetarli. Chorak finalga qadar yetib keldik, buyog‘iga yo‘qotadigan narsamiz yo‘q», dedi Srechko Katanets.

«Turnirdagi navbatdagi uchrashuvimiz, amaldagi chempion va mezbon Qatar terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. Ular o‘z muxlislari qarshisida o‘ynashadi. Bu jamoada iqtidorli va tajribali futbolchilar bor. Shunga qaramasdan ushbu uchrashuvga tayyormiz. Biz faqat Akrom Afif va Almoaz Aliga emas, balki butun jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Ularni to‘xtatishga va oldimizga qo‘ygan maqsadimizni amalga oshirishga harakat qilamiz.

Diyor bilan bir klubda faoliyat yuritganmiz. U iqtidorli futbolchi, biroq markazda men bilan birga o‘ynagan jamoadoshlarimni solishtirish noto‘g‘ri, har ikkisining o‘ziga yarasha ustun jihatlari bor.

Muxlislar bilan to‘lgan stadionda futbol o‘ynash biz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Butun diqqat e’tiborimizni yaxshi natija ko‘rsatishga qaratamiz», dedi Odiljon Hamrobekov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring