Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir umrlik qo‘rquv, titroq va hadik...» — Mutal Burhonov nega yolg‘iz yashab o‘tgandi? (video)

«Xalq dushmani» ayblovi bilan otib tashlangan jadidchi qavmlari hamda tug‘ilmagan farzandlari taqdiridan qo‘rquv va xavotirda yolg‘iz yashab o‘tgan Mutavakkil Burhonovni xotirlab.

Musiqa, Kuy, Ohang og‘ushida umr o‘tkazgan Mutal Burhonov haqida so‘z ketganda, beixtiyor quloqlarimiz ostida davlat madhiyasi, «Maftuningman», «Do‘ppi tikdim» qo‘shiqlari jaranglayveradi. Uni bastakor, kompozitor, cholg‘usoz sifatida bilamiz. Kamtarona hayot yo‘li haqida ham, umrini yolg‘iz o‘tkazgani haqida ham eshitganlarimiz bordir. Ammo.... hayoti lahzalarini bir umrlik qo‘rquv, titroq, hadik va xavotir dahshati bilan juda ko‘p qurbonliklar evaziga yashab o‘tgani haqidagi haqiqatlar ko‘pchilikka ayon emasligi bor gap.

Asli ismi sharifi Mutavakkil (uni Mutal, deya atashgan) Burhonov Muzayyinovich, 1916 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Oilada besh farzand bo‘lgan. Minhojiddin va Misbohiddin ismli ikki akasi, Mohida va Fotima ismli ikki opasi bo‘lgan. Otasi Muzayyin madrasada matematika fanidan saboq bergan. Mazhariddin hamda Mukammil ismli amakilari jadidchilik harakatining faollari bo‘lishgan.

10 yasharligida otasini ham jadidchilar to‘dasidan, deb uy qamog‘iga olishgan va uy qamog‘ida otasi og‘ir qiynoqlar iskanjasida vafot etgan.

Mutavakkil Burhonovning bolaligi.

Ma’lumot o‘rnida: Mutavakkil Burhonovning otasi vafot etgan, 1934 yili akasi Misbohiddinga «xalq dushmani» ayblovi qo‘yilib, Sibirga surgun qilingan. 1937 yilda kichik akasi Minhojiddin va amakilari jadidchilikda ayblanib, qatag‘on qilingan, 1938 yilda otib tashlanishgan.

Mutal Burhonov 1928-1932 yillarda Samarqand musiqa va xoreografiya institutida, 1939-1941 va 1946-1949-yillarda Moskva konservatoriyasida ta’lim olgan. Sergey Vasilenkodan kompozitsiya, Grigoriy Stolyarovdan dirijyorlik bo‘yicha saboq olgan. Qator kamer-vokal va kamer-cholg‘u asarlar yaratgan.

1941 yil Ikkinchi jahon urushida Moskva mudofaasida qatnashgan. Urushda yaralangan va 1942 yilda urushdan qaytgan. 1949-1951-yillarda «O‘zbekiston» radiosida badiiy rahbar, 1955-1960 yillarda O‘zbekiston Kompozitorlar uyushmasi boshqaruvining raisi lavozimida ishlagan.

Uning ijodida vokal musiqasi, ayniqsa, romans, jo‘rsiz xor va vokal-simfonik janrlar asosiy o‘rin tutadi. Ko‘pgina bolalar qo‘shiqlarini bastalagan va xor uchun qayta ishlagan. Filmlarga musiqa bastalagan. 1992 yil mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan. O‘zbekiston SSRning 1947 hamda 1978-yillardagi madhiyalari musiqasini ham Burhonov yaratgan.

U oila qurmagan va kamtar hayot kechirgan. 2002 yilda vafot etgan.

Mutavakkil Burhonovning plastinkada yozib qoldirilgan sohir ovozini tinglar ekansiz, beixtiyor ko‘zlar yoshlanadi: «10 yoshimda ota-onamdan ayrildim. Amakilarim meni Samarqandga olib ketishdi. Katta akam ayni kuchga to‘lgan yigitlik chog‘ida miningit xastaligiga chalinib, vafot etdi. Kichik akamga suyanib qolgandim. Amakilarimni esa xalq dushmani, deb ko‘p azob berishardi. Goh kaltaklangan ko‘yi uyga kelsa, gohda tirik qolish uchun zax tuproqlar ostiga kirib, jon saqlashardi...», — degan.

Shunday kunlarning birida katta amakisi Mashhariddin Abdurauf Fitrat bilan Turkiyaga ketgan. U yerda universitetni bitirgan. Universitetni tugatib qaytgach, 1938 yilda qamoqqa olingan. Mashhariddin Burhonov turmada vafot etgan. Ikkinchi amakisi Mukammil Burhonov Buxoro Xalq Respublikasi davrida Adliya vaziri bo‘lgan. Uni ham «Xalq dushmani» ayblovi bilan Moskvaga olib ketishgan. U yerda Mukammilni ham qamab, juda ko‘p azob berishgan. Mukammil Burhonovning otish oldidan tushirilgan suratlari oila-a’zolariga jo‘natilgan.

«San’atga, musiqaga, adabiyotga oshno Mukammil amakimning uyiga domla Halim Ibodov, Cho‘lpon, Ota Jalol, Ota G‘iyos, Levicha Hofiz singari ulug‘ san’at fidoiylari kelishardi. U kishi tanburni o‘zlari chalardi. 8 yoshimda menga tanbur sovg‘a qilgandi. Tanbur chertishni avval amakimdan, keyin ustoz ota G‘iyosdan o‘rganganman. Kecha-kunduz amakim meni musiqadan ayro tushirmasdi. Bo‘sh vaqtim bo‘ldi, deguncha qo‘limga musiqa asboblari tutqazardi... Aqlimni ancha taniganimdan keyin «umr, hayot og‘riqlarini shu bilan yengishing, irodali bo‘lishing kerak» derdi. Ha, men kuyga singdim, ingrash azoblarida yondim. Mungli nolalarda yaqinlarim diydor sog‘inchga aylandi, yuragim ohlarini kuyga soldim. Navolarda suv bo‘lib to‘kildim...», — degan Mutavakkil Burhonov.

8 yoshli Mutal tanburning nafis sado chiqarishi uchun amakisining so‘zi bilan tirnoqlarini o‘stirgan. Kunlarning birida amakisining ayoli Musabbiha xonim Mutalni chaqirib, sog‘ligiga ziyon, deya tirnoqlarini qaychilab tashlagan..

«Men o‘shanda juda katta narsamni yo‘qotib qo‘ygandek qattiq yig‘laganman. Tirnoqlarimni joyiga yopishtirib berasiz, deya ko‘z yosh to‘kkanman. Bilmaganmanki, tirnoqlar yana bir haftao‘tib, o‘sib chiqaveradi. Lekin, boy berilgan umrlarni ortga qaytarib bo‘lmas ekan...»,-so‘zlagan Mutavakkil Burhonov.

Mutal Burxonov uy-muzeyi filiali mudiri Sohib Kabilovning so‘ziga ko‘ra, kichik opasi Fotima amakilarining chinakam do‘sti, musiqa ilmi ustasi Abdurauf Fitratga turmushga uzatishgan. Mutavakkil ulg‘ayib, Moskvada, konservatoriyada tahsil olib yurgan kezlarida akalari hamda amakilari dardu-hasratida ado bo‘lgan katta opasi Mohida vos-vos xastaligiga chalingan. Shundan so‘ng Mutal Burhonov opasini yolg‘iz qoldirmaslik maqsadida Buxoroda yashab yurgan yaqin tanishlari orqali Samarqandga – amakisining xonadoniga jo‘natib yuborishni so‘ragan. Biroq, oradan bir oycha vaqt o‘tar-o‘tmas xastaligi yomonlashgan Mohida amakisining hovlisidagi quduqqa o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilgan.

«Shunday kezda Mutal Burhonov juda og‘ir, tushkun vaziyatda qolgan. Jondan suygan opasini taqdir taqozosi bilan yolg‘iz qoldirilganidan firoq o‘tida kuygan. Afsuski, ma’rifatparvar, ziyoli inson Fitratga turmushga chiqqan Fotima ham qora jamiyatning qora qismatiga bosh eggan. Qomusiy bilim va badiiy iste’dod egasi Fitratga yosh qizga uylanganlik vaji bilan oilani ajratib yuborishgan. Fitrat ham «xalq dushmani» sifatida otib o‘ldirilgunga qadar to so‘ngi nafasigacha Fotimani yuragida jo aylab yashagan», — deydi Sohib Kabilov.

Suhbatdosh bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda tashkil etilgan Mutal Burxonov uy-muzeyiga kirar ekanmiz, bastakorning bolalik yillarini aks ettiruvchi fotosuratlar, ijod xonasida cholg‘u asboblari, esdalik sovg‘alar, kitoblar, hujjatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining notalari bilan yozilgan asl nusxasi, uning ijodini e’tirof etib taqdirlangan orden va medallari, davlat mukofotlari joy olganini ko‘ramiz. Devorlarda eski suratlar, musiqa asarlarining notalari tushirilgan namunalar, cholg‘u asboblari va qadimiy so‘zana, sandiq va taxmon... Uy-muzeyning Buxoro davlat badiiy me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining filiali maqomida tashkil etilgani mana shunday noyob buyum va asarlarning kelajak avlodga to‘kis saqlanib qolishiga ishoradir.

«Mutal Burhonov umrining so‘nggi davrlarini 1997-2002 yillarda Buxoroning o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallada, ushbu uyda yashab o‘tgan. Bu yerda bastakor hayoti va ijodi bilan bog‘liq 2 mingdan ortiq foto suratlar, turli hujjatlar, musiqa asboblari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari jamlangan. Muzey «Mutal Burhonov umr yo‘li», «Bastakor ijod xonasi», «E’tirof, ehtirom», «Musiqa tarixi» kabi bo‘limlardan iborat. Uy-muzeyida Markaziy Osiyoda musiqa san’ati rivojlanishiga oid hujjatlar, XVIII asrda Buxoroda shakllangan «Shashmaqom»ning dastlabki notaga solinishi, u bilan bog‘liq ilk tadqiqotlar, O‘zbekiston madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar ko‘pchilikni qiziqtirishi, shubhasiz»,-deydi uy-muzey filiali mudiri Sohib Kabilov.

O‘sha kezlarda klassik san’atni e’zozlash emas, tahqirlash, tepkilash, yoqib, yo‘qotish avj olgan. Shunday kezlarda «xalq dushmani» sifatida Sibirlarga surgun qilinib, otib tashlangan yaqin qavm-qarindoshlardan qolgan fotosurat, musiqa asboblari hamda boshqa buyumlarni asrab qolish ham mushkul davrlar bo‘lgan.

«Biroq, Mutal Burhonovning qat’iyatliligi, san’atga shaydoligi, har bir buyum va musiqa asboblarini jonqadar asrab-avaylab kela olganini ham katta bir qahramonlik, desak adashmagan bo‘lamiz. Uy-muzeydagi buyum va hujjatlar bizga eksponat sifatida topshirilayotganda, ularning xuddi kechagidek shkafda, sandiqlarda avaylab-asralganini kuzatar ekanmiz, san’atga shaydo, musiqaga oshno, o‘zini kuyga baxshida etgan bastakor, kompozitorning g‘oyatda mukammal inson ekaniga yana bir karra iymon keltiramiz», — deydi Sohib Kabilov.

Shu jasorati tufayli mumtoz musiqamizning bir qismi avlodlarga yetkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 1951 yilda o‘zbek maqom san’ati feodal musiqa, deb topilib, Mutavakkil Burhonovga «millatchi» degan tamg‘a yopishtirilgan. Biroq, kinokompozitor Monas Liviyev bilan hamkorlik va hamjihatlikdagi harakat maqom san’atining yana dunyo yuzini ko‘rishida hissa bo‘lgan.

Jahon mumtoz musiqasi durdonalari qatoridan munosib o‘rin olgan, eng sara musiqiy asarlar muallifi, bastakor, san’at arbobi Mutavakkil o‘zbek musiqa san’ati yo‘lidagi fidoiyliklari ko‘plab orden va mukofotlar bilan taqdirlangan. Ayniqsa, uning istiqlol yillarida ijodi yuksak qadrlanib, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangani diqqatga sazovor.

«Bolalik kezlaridagi o‘ta og‘ir davr iztiroblari, har kuni xavf va xavotirda yashash qo‘rqinchi, barcha og‘a-ini, yaqin qarindoshlarining oilaviy yo‘q qilinib kelgani Mutal Burxonovni «Oila qurib, farzandlarni kamolga yetkazsamu, ular ham ota-onam, akam, amakilarim va opalarim singari musibatlarga ko‘milib, quvg‘in va qirg‘inda qolsa-chi?!» — degan ichki qo‘rquv va tahlikaga solib kelgan.

U o‘zining «Abadiy xotira» asarini yig‘lab yozgan.

«Agar men O‘zbekistonning shunday istiqlolga erishishini bilganimda edi, yolg‘izlikda umr o‘tkazmagan bo‘lardim. Qaysidir ayol yoki hali tug‘ilmagan farzandlarim ertasini o‘ylash qayg‘usida Yolg‘iz umr yo‘lini bosib o‘tdim.. Akamning sovet fisqi-fujuri in qurgan lageridan yozgan xatini o‘qib, bo‘zlaganman. Unda: «Ukajon, men xalq dushmani emasman. Sen mening Stalinga yozgan bu xatimni Kremlga yaqin pochtaga tashla» deb yozilgandi. Men uni oldim va pochtaga tashladim. Afsuski, 4 yil turmaning achchiq azoblariga giriftor bo‘lgan akam 1938 yilda otib tashlagan... Gunohsiz aybdor jigarlarimning nomi oqlanib, haqiqat qaror topishiga orzumand bo‘ldim. Men istiqlol tongiga, mustaqillik va ozodlik baxtiga yetdim. Armon bilan ketgan qarindoshlarim ruhi poklari haqi bu kunlarga yetkazganiga shukurlar aytdim. Jadidchilik harakati yo‘lida qurbon bo‘lgan, «xalq dushmani» deya ayovsiz otib tashlangan otam, amakilarimu akalarim, ular hasratida kuya-kuya ado bo‘lgan opalarim yodi meni bir umr qo‘rquv va xavotir iskanjasida qoldirdi. Bolaligim dushmanzorlararo so‘ndi. Ajdodim yomonlarga qurbon bo‘ldi. Meni yolg‘izlik o‘tiga tashladi. Shunday og‘ir va iztirobli umr yo‘lida meni musiqa, ohang, kuy sehrigina asradi. Mungli nolalardan panoh izladim. Kuyga singdim. Ohangga cho‘mildim. Musiqaga nisor bo‘ldim. Ularni yurak qonim bilan yaratdim. Ular vaqt beshigida mening mangu avlodim, o‘lmas farzandlarimdir», — degan Mutavakkil Burhonov.

Luqma: Buxoroda O‘zbek musiqa san’atida chuqur iz qoldirgan, Davlat madhiyasi musiqasi asoschisi, umrini san’atga fido qilgan Mutavakkil Burhonov nomini abadiylashtirish uchun hech qanday chora-tadbir belgilanmagan va takbirli ish bajarilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, uning nomiga atab ishlangan haykal 2020 yildan buyon tayyor holatda. Biroq, haykaltaroshga xizmat haqi to‘lanishi paysalga solib kelinayotgani bois, haykal o‘rnatilmagan. Mutal Burxonov uy-muzeyi atrofini ham gulzor va so‘lim bog‘ga aylantirish, lozim bo‘lsa, unda muziqa ijod uyi maktabini ham yaratish Buxoro va buxoroliklarning hamjihatlikdagi vazifasidir.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring