Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yiliga 64 000 yevro topish mumkin...» – Bavariyadagi magistrant bilan suhbat

«Yiliga 64 000 yevro topish mumkin...» – Bavariyadagi magistrant bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi suhbatdoshi Umidjon Karimberdiyev. Qahramonimiz 2020 yili Germaniyaning nufuzli Hanns Seidel Stiftung (HSS) jamg‘armasining ilk o‘zbekistonlik stipendiya sovrindori bo‘ldi.

Hozirgi kunda Bavariya federal viloyatida joylashgan Otto Fridrix nomidagi Bamberg universitetining «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishi magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

Jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik talaba bo‘ldim

Men Andijon viloyati Paxtaobod tumanining Madaniyat qishlog‘ida tug‘ilganman. Avval qishlog‘imizdagi maktabni, keyin matematika va nemis tiliga ixtisoslashgan maktab internatini, so‘ng esa kollejni hamda 2019 yil Toshkent moliya institutining «Buxgalteriya hisobi va audit» bakalavr yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tugatganman.

2020 yil Germaniyada magistraturani grant asosida o‘qish imkonini beruvchi Hanns Seidel Stiftung (HSS) jamg‘armasi stipendiyasini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik talaba bo‘ldim. Hozirda Germaniyaning eng qadimiy universitetlaridan biri – Bavariya federal viloyatida joylashgan Otto Fridrix nomidagi Bamberg universitetining (1647) «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishi magistrlik bosqichida tahsil olyapman. Shu bilan birga, «Edu-Action» kompaniyasining Germaniyada o‘qish bo‘yicha eksperti sifatida faoliyat yuritib kelaman.

Bizning universitet amaliy informatika va iqtisodiyot yo‘nalishlarini o‘qitish bo‘yicha Germaniyada o‘ziga xos mavqega ega. Bamberg juda ham qadimiy va so‘lim tabiatli shahar, Regnits daryosi va Reyn-Mayn kanali o‘rtasida joylashgani uchun suvli hududlar va ko‘priklar juda ko‘p, ana shuning uchun ham bu shaharni «Kichik Venetsiya» deb atashadi hamda mashhur rejissyorlarning doimiy ish maydoniga aylangan. 1993 yilda esa Butundunyo merosi sifatida YuNESKO ro‘yxatiga kirgan. Qiziqarlisi, shaharda bugungi kunga kelib, har beshinchi odam talaba hisoblanadi.

Domlaning hikoyalari xuddi ertakdek tuyulgan

Germaniyaga kelishimning sabablari ko‘p. Avvalambor, men nemis tiliga ixtisoslashgan maktab-internatida o‘qiganim va ustozim, «Shuhrat» medali sohibi Hasanboy domla Ahmadjonovning Germaniyada bo‘lgan paytlarida olgan tajribalarini ko‘pincha o‘rtoqlashib kelganini aytishim mumkin. O‘sha paytda domlaning hikoyalari xuddi ertakdek tuyulgan va albatta borish niyati paydo bo‘lgan edi.

Keyinroq esa bildimki, haqiqatdan ham Germaniya nafaqat Yevropaning iqtisodiy-siyosiy yuragi, balki xorijiy talabalar soni eng ko‘p bo‘lgan 5 ta davlatdan biri hisoblanar ekan. Bunga sabab ta’lim sifati, o‘qishdagi erkin grafik, davlatning ta’limga yuqori e’tibori, ta’lim muassasalarining zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanganligidir.

Qolaversa, Germaniyada kuchli ijtimoiy-siyosat, qonun ustuvorligi, sog‘lom turmush tarzi, vatanparlik hissi, yuqori sifatdagi mijozlar bilan ishlash madaniyati va biznes etikasi, ish ham, dam olish ham o‘z vaqtida va maromida amalga oshirilishi, mo‘’tadil iqlim, juda ham mazali nonlar va shirinliklar menda katta taassurot qoldirmoqda.

Chet ellik investorlarga tushunarsiz bo‘lgan moliyaviy hisobotlarni soddalashtirish niyati bo‘lgan

Magistrlik ishim o‘zim kuzatib kelgan muammo yechimiga qaratishga harakat qildim. Xususan, O‘zbekistondagi buxgalteriya va moliya sohasida ham nazariy, ham amaliy bilimlarim bo‘lgani va ushbu sohadagi qator kamchiliklarni bilganim uchun, menda doim chet ellik investorlarga  tushunarsiz bo‘lgan moliyaviy hisobotlarni soddalashtirish niyati bo‘lgan, shuning uchun magistrlik dissertatsiyam rivojlanayotgan mamlakatlarda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini amaliyotga to‘liq tatbiq etilishidagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun takliflar ustida ishlashdan iborat.

Fursatdan foydalanib mamlakatimizdagi shu xususdagi ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalmoqchiman. O‘ylashimcha, yurtimizda moliyaviy hisobotlar va soliq tizimini xalqaro standartlar asosida tashkil qilishda malakali mutaxassislar yetishmaydi.

Keyin yurtimizda soliq yukini kamaytirish, raqamli iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish, inflyasiyaga qarshi kurashish va nosog‘lom raqobatga qarshi kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik, xom-ashyo emas, tayyor mahsulot eksportini oshirish, hududlarda internet tezligini oshirish va narxini kamaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish kerak, deb hisoblayman.

Davomatni ushlab turishga emas, bilim berishga harakat qilish kerak

Garchi aytayotgan takliflarim yurtimizda amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, yana takrorlashni o‘rinli deb o‘ylayman. Ya’ni kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tish, 24/7 ishlaydigan kutubxona va internet markazlarini barcha ta’lim muassasalarida tashkil qilish, o‘qishga kirishni osonlashtirish, bitirishni esa qiyinlashtirish zarur, ya’ni davomatni ushlab turish uchun emas, bilim berish uchun harakat qilish kerak. Buning uchun esa semester yakunidagi imtihonlarini va diplom ishi himoyalarini to‘liq shaffof o‘tkazilishini ta’minlash lozim. Aniqrog‘i, talaba o‘z kuchi bilan hamma fanlarni topshirmagunicha diplom bermaslik maqsadga muvofiq. Shunda talaba o‘zi uchun ham, diplom olish uchun ham bilim olishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyot hajmini kamaytirish kerak, buning uchun esa naqd va naqdsiz to‘lov tizimi bo‘yicha Germaniya tajribasini qo‘llasa bo‘ladi. Masalan bunda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini sinflarga bo‘lish bo‘yicha tutgan yo‘lini qo‘llash mumkin.

Bakalavr 46 000, magistr esa 64 000 yevro

Germaniyaga kelish niyatidagilarga tavsiyam albatta birinchi navbatda maqsad qo‘yib olish kerak. To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga kelish biroz qiyinligini hisobga olib, o‘qishga yoki kasbiy ta’lim olish uchun kelishga harakat qilish mumkin. Eng zo‘r tomoni shundaki, Germaniyada deyarli barcha davlat universitetlarida kontrakt to‘lovlari yo‘q, qabul va viza talablarini bajarsa yetarli, bemalol kelib, Yevropadagi eng sifatli ta’limni tekinga o‘qib, o‘qishdan keyin eng yirik kompaniyalarda tajriba orttirib, O‘zbekistonga potensial investor va malakali mutaxassis bo‘lib qaytish imkoni bor. Fikrimcha mamlakat rivojiga o‘z hissasini qo‘sha olish esa eng sharafli vazifadir.

Ma’lumot uchun aytmoqchiman, Germaniyada bakalavr diplomi bilan o‘rtacha 46 000 yevro, magistr diplomi bilan esa 64 000 yevro yillik daromad topish mumkin.

Shifokorlar, yuristlar, moliyaviy tahlilchi-ekspertlar, IT mutaxassislari, bankirlar va injenerlar esa yuqori maosh to‘lanadigan kasblar hisoblanadi.

Yirik konsernlarda amaliy tajriba orttirmoqchiman

Hozir ilmiy ishim ustida universitetdagi va O‘zbekistondagi malakali professorlar bilan izlanish olib boryapman. Keyingi yil yozda o‘qishni yakunlab, Germaniyadagi yirik konsernlarda bir necha yil mobaynida amaliy tajriba orttirmoqchiman. Yaqin kelajakda esa albatta to‘plagan ilmiy va amaliy tajribalarim bilan mamlakatimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

So‘ng so‘z o‘rnida esa shu intervyuni tashkillashtirgan Xabar.uz jamoasiga minnatdorchilik bildirib qolaman. Xayrli ishlaringiz bardavom bo‘lsin.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring