Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon viloyati hokimligi va’dasini qachon bajaradi?

Andijon viloyati hokimligi va’dasini qachon bajaradi?

Foto: «Xabar.uz»

Xabaringiz bor, o‘tgan yilning 3 dekabr sanasida tahririyatimizga Andijon viloyati Paxtaobod tumani 13-maktab jamoasi va o‘quvchilar ota-onalaridan murojaat kelib tushgan edi.

Unga ko‘ra, ta’lim muassasasining sport maydoni noqonuniy sotib yuborilgan va buzish ishlari ortidan maktabda jismoniy tarbiya va sport to‘garaklari faoliyati to‘xtab qolgandi.

Holat nashrimizda yoritilganidan keyin qator bloger va jamoatchilik faollari, xususan Aziza Qurbonova, Shahnoza Saotova, Isroil Tillaboyev va Bahodir Ahmedovlar ham ijtimoiy tarmoqlarida muammoga munosabat bildirishgan.

Shundan keyin, Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati holat hokimlik tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.

«Ishchi guruh tuzildi va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida qonun buzilish holatlariga chek qo‘yilib sud qaroriga asosan qurilishi tugallanmagan binoni buzish choralari ko‘rilmoqda», — deyilgan munosabatda.

Kuni kecha maktab jamoasi va o‘quvchilar ota-onalaridan tahririyatimizga yana murojaat kelib tushdi.

Murojaatchilarga ko‘ra, oradan 3 oy ortiq vaqt o‘tganiga qaramasdan hech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan.

«Mutasaddilar yuqoriga hisobot qilish uchungina kelib rasmga tushib ketishganga o‘xshamoqda. Abgor qilingan sport maydonimizning keyingi taqdiri borasida mavhumlik hukmron. Shu bo‘yi ish bosdi-bosdi bo‘lib ketishidan xavotirdamiz. Stadionimiz qachon o‘z holatiga qaytarilishi bo‘yicha savollarimiz ham ochiq qolmoqda. Oradan 3 oy vaqt o‘tdi. Farzandlarimiz tezroq jismoniy tarbiya darslari va sport to‘garaklaridagi mashg‘ulotlarda ishtirokini davom ettirishlari kerak», – deydi ota-onalar.

Xabar.uz tahririyati jarayonlarni kuzatib boradi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura va Andijon viloyat hokimligidan izoh kutadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring