Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi o‘quv yilida 650 116 nafar bola 1-sinfga boradi

Yangi o‘quv yilida 650 116 nafar bola 1-sinfga boradi

Foto: Xabar.uz

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tegishli ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda hamda tegishli tavsiyalar berilmoqda.

Xususan, Xalq ta’limi muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, tizimdagi ta’lim muassasalarida sharoitlarni yaxshilash, ularni yangi o‘quv yiliga tayyorlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 28 maydagi 135-sonli buyrug‘i bilan harakatlar dasturi tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirilgan.

Mazkur dasturga ko‘ra maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilangan:

— O‘quv binolarini ta’mirlash va maktab hududini obodonlashtirish;
— Sinflarni zarur jihozlar bilan ta’minlash;
— O‘quvchilarni darsliklar, o‘qituvchilarni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash;
— O‘quv jarayonining pedagogik va metodik ta’minotini yaxshilash;
— O‘quv jarayonida AKT dan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;
— Ta’lim sifatini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlar.

Bugungi kunda umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilishi bo‘yicha hududlarning reja-grafigi tasdiqlangan. 2020 yilda respublika bo‘yicha jami 84 872 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 315 ta maktablarda qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

2020-2021 o‘quv yili uchun maktablarning 1-sinfiga qabul joriy yilning iyul-avgust oylarida rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yangi o‘quv yilida 650116 nafar bolalar 1-sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. An’anaga ko‘ra ular uchun «Prezident sovg‘asi» sifatida o‘quv jihozlari va darsliklar berilishi rejalashtirilgan.

2020 yil 15 iyundan o‘quvchilar uchun «Online repetitor», «Online to‘garak», o‘qituvchilar uchun «Online kasbiy rivojlantirish» yo‘nalishlarida televizion mashg‘ulotlar efirga uzatilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring