Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AKT vazirligi O‘zbekistonning xorijdagi elchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi

AKT vazirligi O‘zbekistonning xorijdagi elchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Foto: Mitc.uz

Bugun, 22-dekabr kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida (IT Park) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati O‘zbekistonning xorij davlatlaridagi elchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvdan maqsad xalqaro maydonda O‘zbekistonning IT salohiyatini ko‘rsatish, erishilgan yutuqlar va bu yerdagi imkoniyatlardan potensial investorlarni boxabar qilish va hamkorlik o‘rnatishdan iborat.

Uchrashuvda O‘zbekistonni yangi IT autsorsing xabiga aylantirishda xorijiy davlatlardagi elchilarimiz bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Tadbirda davomida elchilar IT Park faoliyati, bu yerda kompaniyalar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan bevosita tanishishdi.

AKT vaziri Sherzod Shermatov masofaviy xizmatlar eksporti, joriy etilayotgan yangi va sun’iy intellekt texnologiyalari va ularni yanada rivojlantirish borasida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda IT tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy normativ-huquqiy baza barpo etilgan, qator soliq va bojxona imtiyozlar taqdim etilgan, respublika bo‘ylab zamonaviy infratuzilmaga ega IT Parklar tashkil etilmoqda. Yurtimizda sohani rivojlantirish uchun malakali kadrlarning yetarli ekanligi ham muhim afzalliklardan biri ekani ta’kidlandi.

2022-yil oxiriga qadar IT xizmatlar va mahsulotlar eksporti hajmini 100 mln dollarga yetkazish maqsad qilingani aytib o‘tildi. Solishtirish uchun: 2019-yilda IT Park rezidentlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarning eksporti 6,2 mln, 2020-yilda 16,4 mln, 2021-yilda 46 mln dollarni tashkil etdi.

Joriy yilda rezident kompaniyalar soni 1073 taga va xorijiy kompaniyalar soni 157 taga yetdi.

AKT vaziri elchilar bilan mamlakatimizda chet eldagi yirik kompaniyalarning vakolatxonalarini ochishda ko‘maklashish, global axborot texnologiyalari bozorida yurtimizni tanitish hamda xalqaro IT xabga aylantirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston IT bozoriga xorijlik investorlarni jalb qilish, IT Park rezidentlarining xorij kompaniyalari bilan hamkorligini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring