Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qatar fondidan yiliga $70 000 dan ko‘proq grant olaman» – Yusufbek Nasriddinov

«Qatar fondidan yiliga $70 000 dan ko‘proq grant olaman» – Yusufbek Nasriddinov

Foto: Xabar.uz

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi orqali intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Carnegie Mellon universitetining Qatardagi filiali talabasi Yusufbek Nasriddinov. Qahramonimiz Andijon viloyatida tug‘ilgan.

«Biznesdagi har bir jarayonni chuqur tushunuvchi rahbar bo‘lmoqchiman...»

Bolaligimdan biznes qilishga qiziqqanman, ya’ni odamlarning mavjud muammolari va qiyinchiliklarini yengillashtirishga qaratilgan xizmatlarni joriy qilish orqali tadbirkorlik qilishni xohlardim. Albatta biznes yuritish uchun birinchi navbatda hisob-kitobni yaxshi bilishingiz, boshqaruvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lishingiz kerak. Shu maqsadda matematika, fizika va ingliz tillarini chuqur o‘rganishga harakat qilganman. Qolaversa, bu bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish borasidagi ishtiyoqim ham yuqori edi.

Ochig‘i, mendagi maqsad shunchaki chet davlatda o‘qish emas, balki eng kuchli universitetga kirish bo‘lgan. Litseyda ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimda Massachusets texnologiya instituti (Massachusetts Institute of Technology – MIT) dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinda turardi. Fizikani ko‘p o‘qirdim, shu fandan olimpiadalarga qatnashardim. Shuning uchun sohamdagi eng zo‘r oliygoh qaysiligiga qiziqqanman. MIT nafaqat texnologiyalar bo‘yicha, balki umumiy reytingda ham yetakchi o‘rinda turar ekan.

Birinchi yili o‘qishga kirish uchun MIT ga hujjat topshirganimda, afsuski, yiqilganman. Ikkinchi yili, aniqrog‘i 2019-yil esa Carnegie Mellon universitetining Qatardagi filialiga grant asosida qabul qilindim. To‘g‘ri, bu universitet texnologiyalar borasida birinchi o‘rinda emas, lekin IOS bo‘yicha yetakchi o‘rinda, men tanlagan biznes sohasida esa dunyo bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi. Universitetda asosiy yo‘nalish – «Biznes tahlili» va «Moliya» yo‘nalishlardan tashqari, kichik yo‘nalish sifatida «Xalqaro siyosat»ni tanlaganman. Yaqinda 2-kursni tamomladim.

Umuman, «Biznes boshqaruvi» sohasini tanlashimga sabablar ko‘p. Xususan, bugungi kunda har qanday g‘oyangiz bo‘lsa ham, albatta, uni amalga oshirish uchun jamoa shakllantirishingiz kerak. Men esa, jamoada biznesdagi har bir jarayonni chuqur tushunuvchi va to‘g‘ri qaror qabul qila oluvchi rahbar bo‘lmoqchiman. Shuning uchun ham hozir Qatarda tahsil olyapman.

«Kelajak tabiiy boyliklarni doimiy eksport qilishda emas ekanligini tushunib yetishgan...»

Qatar davlatida ikki yildan beri yashab va o‘qib mamlakatning ko‘plab ijobiy jihatlariga guvoh bo‘lyapman. Masalan, Qatar 2020 yili dunyo bo‘yicha eng tinch davlat sifatida e’tirof etildi.

Qolaversa, Qatar davlati ta’limga juda katta investitsiya ajratgan. Bu strategik qarorlarining eng yaxshilaridan deb bilaman. Misol uchun, men davlatga qarashli Qatar fondidan yiliga $70 000 dan ko‘proq grant olaman. Birgina ushbu misol ham mamlakatning ta’limga naqadar kuchli e’tibor qaratishini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga men yoqtirgan jihatlaridan yana biri hozir bu yerda IT loyihalarini moliyalashtirishga jiddiy kirishilgan. Bir so‘z bilan dasturlash sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashmoqda.  Chunki kelajak tabiiy boyliklarni doimiy ekport qilishda emas ekanligini tushunib yetishgan. Shu tufayli ham imkon qadar boshqa sanoat sohalarini rivojlantirishga harakat kuchli.

«Ta’limga e’tibor hozirgi boshqaruv tizimida ishlamayotgan qaysidir yo‘nalishlarni to‘g‘rilashga imkon beradi...»

O‘zbekistanda bo‘layotgan har bir o‘zgarishni kuzatib borishga harakat qilaman. Albatta hozirgi kunda qilinayotgan islohotlardan juda ham xursandman. Biroq savolingizdan kelib chiqib, mamlakatimizda yanada ko‘proq e’tibor berish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar haqida gapirishni istardim. Bular – ta’lim, tibbiyot, biznes va korrupsiya.

Ta’lim bu jamiyat rivojlanishida har qaysi davr va joyda eng muhim omillardan bo‘lgan. Aminmanki, ta’limga e’tibor berish hozirgi boshqaruv tizimida ishlamayotgan qaysidir yo‘nalishlarni to‘g‘rilashga ulkan imkon beradi.

Yana bir masala – mamlakatda hamma uchun teng va erkin biznes muhitini rivojlantirish zarur. Ya’ni monopoliyani butkul yo‘qotish kerak. Chunki monopoliyadan davlat ham, jamiyat ham birdek zarar ko‘radi.

Shuningdek, kuzatishlarim bo‘yicha tibbiyot bozori ham chuqur isloh qilishga ehtiyoj bor. Boisi tibbiyot mahsulotlarining yuqori narxda ekanligi, aksariyat qo‘shtirnoq ostidagi tadbirkorlarning tibbiyot sohasiga faqatgina moliyaviy nafsini o‘ylab kirganligini ko‘rsatadi. Bunga tizimli va qat’iy choralar ko‘rish lozim.

Keyin albatta har qanday korrupsiya turlari bilan ayovsiz kurashish ham shart. Sababi innovatsion g‘oyalarimiz orqali davlatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga harakat qilmaylik, korrupsiyani avval hal qilmas ekanmiz, biror bir inqilobiy o‘zgarishlarni kutishimiz noto‘g‘ri menimcha.

«Asosiy vaqtimiz o‘qiyotgan kurslarimizdagi kitoblarni o‘rganish hamda chuqurroq tahlil qilishga ketadi...»

To‘g‘risini aytganda, universitetda o‘qish payti juda ham band bo‘lamiz. Chunki asosiy vaqtimiz o‘qiyotgan kurslarimizdagi kitoblarni o‘rganish hamda chuqurroq tahlil qilishga ketadi va bu kitoblar badiiy yoki shunga o‘xshash emas, balki aynan ma’lum bir mavzuga bag‘ishlangan.

Ammo shunday bo‘lsa-da, imkon qadar boshqa turdagi kitoblarni mutolaa qilishga harakat qilaman. Misol uchun, ayni kunlarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Kifoya» deb nomlanuvchi kitobini o‘qiyapman. Undan tashqari bugungi kunda tobora ommalashib borayotgan audio kitoblarni tinglash ham bilim olish va hordiq chiqarishga yordam bermoqda.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring