Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqamli hukumat – hukumat insonlar uchun (video)

Toshkent shahrida yilning muhim tadbirlaridan biri «ICT WEEK UZBEKISTAN 2023» haftaligi boshlandi. 

Mazkur haftalik doirasida bugun, 24 oktyabr kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan «Raqamli hukumat – hukumat insonlar uchun» sammiti o‘tkazilmoqda. Unda BMT ekspertlari, Xitoy, Koreya, Qozog‘iston kabi davlatlardan yetakchi vakillar qatnashib, mahalliy ekspertlarning taqdimotlari tinglanmoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekistonda raqamlashtirish tarixi bo‘yicha video namoyish qilindi. Ishtirokchilarning ko‘z o‘ngida O‘zbekistonda raqamlashtirishning mo‘’jaz tarixi gavdalandi.

Shundan keyin tadbirni ochish uchun so‘z Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga berildi.

«Haftalik doirasida juda ko‘p tadbirlar rejalashtirilgan, shular orasida «Raqamli hukumat – Hukumat insonlar uchun» sammiti muhim ahamiyat kasb etadi. Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, birinchi navbatda insonlar uchun xizmat qilishi lozim... Hozirda raqamli texnologiyalar barcha sohalarga, barcha insonlar hayotiga chuqur kirib bormoqda. Davlatimiz rahbari bizning oldimizga shunday vazifa qo‘ygan: «raqamli texnologiyalar ertaga insonlarning hayotini yengil qilsin, tadbirkorlarning hayotini yengil qilsin», — qayd etdi vazir.

2022 yilda O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Elektron hukumat reytingida 18-pog‘onaga yuqorilab, 69-o‘ringa chiqqani soha xodimlarida mas’uliyat hissini yanada kuchaytirgani aniq.

Tadbirda BMTning iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha departament vakili, Arpine Korekyan ishtirok etdi  va O‘zbekistonning qisqa muddat ichida elektron hukumat sohasidagi yutuqlarini e’tirof etdi hamda Elektron hukumatni rivojlantirishning global tendensiyalari haqida taqdimot qildi.

Raqamli hukumat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali davlat organlari faoliyatining sifati, shaffofligi va samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi tushunchadir. Uning bosh maqsadi –  fuqarolarning davlat faoliyatidan bevosita foyda olishiga asoslangan.

Sammitda soha vakillari va faollar davlatning raqamli transformatsiyasi va uning fuqarolar hayotiga ta’siri bilan bog‘liq muhim masalalarni, shuningdek, turli mamlakatlar va mintaqalarda raqamli hukumatlar erishayotgan muvaffaqiyatlar, duch kelinayotgan muammolar hamda imkoniyatlarni muhokama qilinmoqda.

Sammitdan my.gov.uz portali va my.gov.uz mobil ilovasining yangi talqini taqdimoti ham o‘rin olgan. Bunda ishtirokchilar my.gov.uzning yangi ko‘rinishi, o‘ziga xosliklari, qo‘shimcha funksiyalari hamda qulayliklari bilan to‘liqroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tadbir davomida, shuningdek, «raqamli hukumat»ni qurishda faol ishtiroki bor, raqamlashtirishda samarali natija ko‘rsatgan davlat tashkilotlari va xo‘jalik organlarini taqdirlash marosimi ham o‘tkaziladi.

Sammit davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring