Suriyaning yangi hukumati Rossiyaga talab qo‘ydi

Rossiyadan boshpana olgan Bashar Asad hozir Moskvada ekani aytiladi.
Damashq shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad ash-Shar’a Rossiyadan sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni talab qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
28 yanvar kuni Suriya poytaxtida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya nomidan mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov qatnashgan.
Suriyaning yangi rahbariyati Moskvadan o‘tmishdagi xatolarni tan olish va tovon to‘lashni talab qilgan. Rossiya delegatsiyasi buni rad etgan.
Muzokaralarda Rossiyaning Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalari taqdiri ham muhokama etilgan.
Tomonlar ziddiyatli masalalarda bir to‘xtamga kelmagan. Faqat muzokaralarni davom ettirishga kelishib olishgan.
Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 8 dekabr kuni «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi isyonchilar Damashqni egallab, Bashar Asadning 24 yillik hukmronligiga chek qo‘ygan edi. Buning ortidan Asad Rossiyaga qochib ketgan.
Reuters agentligi Bashar Asad qochish haqida hatto o‘z yaqinlarini ham ogohlantirmagani haqida yozgan.
Dekabr oyida oxirida B.Asadni Moskvada zaharlashga urinish bo‘lgani haqida ham xabar tarqalgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaning Suriya yangi hukumati bilan harbiy bazalar bo‘yicha muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Rossiyaga qarashli Tartus harbiy-dengiz porti va Xmeymim aviabazasi Moskvaning nafaqat Suriya, balki butun Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi muhim harbiy tayanchi bo‘lib kelgan. 2017 yilda, Asad prezidentligi davrida Damashq va Moskva ikki bazadan Rossiya 49 yil davomida foydalanishi haqida bitim imzolagan. Suriyada hukumat o‘zgarishi ortidan bu bitimlar o‘z kuchini yo‘qotgan.
2024 yil dekabr oyi o‘rtalarida Kreml Suriyaning yangi hukumati bilan Tartus va Xmeymim bazalari xususida kelishuvga erishishga yaqin turgani xabar qilingandi.
So‘nggi oylarda Yevropa Ittifoqi Suriya bilan diplomatik muzokaralarni faollashtirdi. Damashqqa Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari keldi. BBC nashri yozishicha, YeI Suriyadan Rossiya bilan harbiy bazalar bo‘yicha kelishuvni rad etishni so‘ragan. Bryussel Suriyaga qarshi sanksiyalar yumshatilishiga ham ishora qilgan.
Moskvaning Suriyadagi harbiy bazani saqlab qolish urinishlariga Turkiya ham qarshi chiqayotgani aytilmoqda.
Kuzatuvchilar Rossiya harbiy samolyotlari fuqarolar urushi davrida muxolif kuchlarga qarshi hujumlar uyushtirganiga e’tibor qaratgan. Yangi ma’muriyat «o‘tmishdagi xatolar» deganda Rossiya tomoni ularga qarshi uyushtirgan ayovsiz hujumlarni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin.
Suriyaning yangi hukumati yaqinda mamlakat hududiga uch davlat, jumladan, Rossiyadan mahsulot olib kirishni ham taqiqlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas