YI G‘azoga 120 mln yevrolik ko‘mak ajratdi

Yevropa Ittifoqining falastinlik muhtojlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha uzoq yillik majburiyati doirasida va mintaqadagi so‘nggi vaziyatlarni hisobga olgan holda, Yevropa komissiyasi G‘azoga 120 million yevro miqdorida yangi yordam paketini e’lon qildi.
Yevrokomissiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yordam to‘plami oziq-ovqat, tibbiyot muassasalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va tibbiy ta’minotni ta’minlash, suv va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, xavfsiz boshpana, himoyaga muhtoj aholini dastaklash kabilarni o‘z ichiga oladi.
«O‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv mintaqaga suv bilan havodek zarur bo‘lgan umidni keltirdi. Biroq G‘azoda gumanitar vaziyat juda og‘irligicha qolmoqda. Yevropa 2025 yilda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun 120 million yevro miqdoridagi ko‘mak, shuningdek, yuk ko‘rinishidagi yordamlarni yo‘naltiradi», – deb bayonot berdi Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen.
Bryussel rasmiylariga ko‘ra, YeI insonparvarlik yordamini tezkor yetkazish uchun u yerdagi hamkorlar, xususan, BMT agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
«Falastinliklar uchun ko‘mak faoliyatimiz hali yakuniga yetmagan. Xavfsiz, barqaror va to‘siqsiz insonparvarlik yordamini zudlik bilan yetkazib berish talab qilinmoqda. Yevropa Ittifoqi G‘azo aholisini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir», – degan Tenglik, tayyorgarlik va inqirozni boshqarish bo‘yicha komissar Hadja Lahbib.
Ma’lumotlarga qaraganda, YeI 2023 yildan beri G‘azoga ko‘rsatgan gumanitar yordam hajmi 450 million yevrodan oshdi. Bryussel, shuningdek, inqirozdan jabrlangan odamlarga yordam uchun gumanitar havo ko‘prigi operatsiyasini ishga tushirdi. 60 dan ortiq parvoz orqali YeI va unga a’zo davlatlar 3800 tonnadan ziyod xayriya yuki yetkazdi.
Ertaga, 19 yanvar kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlik bitimi kuchga kirishi kutilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Falastindagi vakili Rik Piperkorn tinchlik bitimi kuchga kirgach, BMT va JSST G‘azo sektoriga har kuni 500-600 ta yuk mashinasida insonparvarlik yordami yetkazmoqchi ekanini ma’lum qildi.
Xalqaro tashkilotlar G‘azo sektorida oziq-ovqat, suv va dori-darmon yetishmovchiligi avj olgani, hudud misli ko‘rilmagan gumanitar falokatga duchor bo‘lgani haqida bong urmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan urushda 46 ming nafardan ziyod falastinlik halok bo‘lgan, 110 ming nafardan ziyodi jarohatlangan. G‘azo sektorida tibbiyot, ta’lim tizimlari hamda infratuzilma butunlay izdan chiqqan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter