Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotining yarmini uch mamlakat yaratmoqda
Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarning 2025-yildagi yalpi ichki mahsuloti (YIM) jami 18,8 trillion yevroni tashkil etdi. Bu haqda Yevropa statistika agentligi — Eurostat ma’lum qildi.
Germaniya — Yevropa Ittifoqining eng yirik iqtisodiyoti, 2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 4,47 trillion yevroni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda: Fransiya — 2,99 trln, Italiya — 2,26 trln, Ispaniya — 1,69 trln va Niderlandiya — 1,17 trln yevro.

Germaniya hissasiga Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotining 23,8 foizi to‘g‘ri kelmoqda, bu ko‘rsatkich Fransiyada — 15,8 foiz, Italiyada — 12 foiz. Shu tariqa ushbu uch mamlakatda YI iqtisodiyotining yarmi yaratilmoqda.
Yevropa Ittifoqidagi eng kichik iqtisodiyot — Malta, uning ulushi umumiy ko‘rsatkichning atigi 0,1 foizini tashkil etadi. Unga yaqin ko‘rsatkich Kipr, Estoniya va Latviyada qayd etilgan: ushbu davlatlarning har biri Yevropa Ittifoqining umumiy YIMida 0,2 foizdan ulushga ega.
Aholi jon boshiga YIM xarid qobiliyati standartlari hisobga olingan holda baholansa, vaziyat boshqacha ko‘rinadi.
Ushbu reytingda Lyuksemburg va Irlandiya yetakchilik qilmoqda: bu mamlakatlarda aholi jon boshiga YIM Yevropa Ittifoqidagi o‘rtacha ko‘rsatkichning mos ravishda 238,7 va 237,3 foizini tashkil etgan, ya’ni Yevropa bo‘yicha o‘rtacha darajadan taxminan 2,4 barobar yuqori.
Farovonlikning eng past ko‘rsatkichlari Bolgariyada (YIdagi o‘rtacha ko‘rsatkichning 68,1 foizi) va Gretsiyada (68,4 foiz) qayd etilgan.
Aholi jon boshiga YIM ko‘rsatkichlariga mahalliy iqtisodiyotlarning o‘ziga xos xususiyatlari ta’sir qiladi. Masalan, Irlandiyada YIMga xorijiy kompaniyalar sezilarli hissa qo‘shadi, keyinchalik ular foydani xorijdagi egalariga chiqaradi. Lyuksemburgda esa yuqori ko‘rsatkich, xususan, chegaralararo ishchilar hisobiga shakllanadi: ular har kuni ishlash uchun mamlakatga keladi va mamlakat YIMini yaratadi, ammo uning hududidan tashqarida yashaydi hamda Lyuksemburg aholisining rasmiy soniga kiritilmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter