Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘arbni yakson qilmoqchi bo‘lgan SSSR rahbarining o‘g‘li AQShda vafot etdi

G‘arbni yakson qilmoqchi bo‘lgan SSSR rahbarining o‘g‘li AQShda vafot etdi

Foto: AFP

SSSR rahbari Nikita Xrushchyovning o‘g‘li Sergey Xrushchyov AQShning Rod-Aylend shtatidagi uyida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Shtat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘lim sababini ochiqladi: Sergey Nikitich boshidan o‘q yeb vafot etgan!

Politsiya hisobotiga ko‘ra, mazkur o‘lim holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan. Demak, bu o‘rinda o‘z joniga qasd qilish yoki baxtsiz hodisa ro‘y berganini taxmin qilish mumkin. Marhumning rafiqasi Valentina Golenko eri o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarni rad etishga uringan.

Sergey Xrushchyov 1935-yili Moskva shahrida, kommunistik partiya arbobi Nikita Xrushchyov oilasida tug‘ilgan. Energetika institutini tamomlab, raketasozlik sanoatida konstruktor sifatida faoliyat yuritgan. Otasi rahbarligi davrida (1963) Sotsialistik mehnat qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Sir emas, aynan N. Xrushchyov sarkotibligi yillarida (1953-1964) SSSR hamda AQSh o‘rtasida sovuq urush kuchaygan edi. Sergey Nikitich otasi bosh kotiblikdan chetlatilgach, elektron boshqaruv mashinalari institutida faoliyat yuritgan. 1991-yili qizil imperiya parchalanishi ortidan  AQShga yo‘l olgan.

Nikita Xrushchyov o‘z davrida G‘arbni yakson qilish bilan tahdid qilgan edi. Taqdirning hazilini qarangki, vaqt o‘tib uning o‘g‘li birinchi raqamli g‘anim davlat sanalmish AQSh fuqaroligini oldi va u yerda muqim yashab qoldi. Ko‘p yillar Braun universitetida ma’ruzalar o‘qidi.

Ma’ruzalaridan birida u otasining G‘arbning yo‘q qilish haqida po‘pisasini SSSRning zaifligini yashirish yo‘lidagi urinish deb izohlagan. Sarkotibning o‘g‘li, shuningdek, zamonaviy Rossiyaning AQSh bilan raqobatchilik borasidagi da’volariga ham ishonchsizlik bilan qaragan.

Eslatib o‘tamiz, sho‘ro dohiylaridan Stalinning qizi Svetlana Alliluyeva ham otasi vafotidan keyin 1967-yilda AQShdan siyosiy boshpana so‘ragan. Uzoq yillar okeanortida umrguzaronlik qilgan ayol 2011-yilda Viskonsin shtatidagi qariyalar uyida vafot etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring