Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Harakat Isroil agressiyasini to‘xtatadigan kelishuvga erishishdan manfaatdor – HAMAS

Harakat Isroil agressiyasini to‘xtatadigan kelishuvga erishishdan manfaatdor – HAMAS

Falastinning HAMAS harakati Qohirada bo‘lib o‘tgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichi yakunlanganini e’lon qildi.

HAMAS delegatsiyasi Misr vositachilari orqali G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun shanba kuni Qohiraga yetib kelgan edi.

«Qohiradagi muzokaralarning hozirgi bosqichi yakunlandi va HAMAS delegatsiyasi harakat rahbariyati bilan maslahatlashish uchun bugun kechqurun Qohiradan jo‘nab ketadi», – deyiladi HAMAS bayonotida.

Hujjat matniga ko‘ra, Qohirada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda HAMAS delegatsiyasi avvalroq Misr vositachilari tomonidan tayyorlangan o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga o‘z munosabatini bildirgan.

«Harakat o‘zining ijobiy va mas’uliyatli yondashuvini, shuningdek, (Isroil) agressiyasini to‘liq to‘xtatish, butun G‘azodan qo‘shinlarni olib chiqib ketish, ko‘chirilganlarni qaytarish, yordamni ko‘paytirish, G‘azo sektorini qayta qurish va mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvni yakunlash bo‘yicha xalqimizning milliy talablarini qondiradigan kelishuvga erishishdan manfaatdorligi va qat’iyatini tasdiqlaydi», – deyiladi bayonotda.

CNN manbalarga tayanib, Misr vositachilari tomonidan tayyorlangan HAMASga yangi taklifning ayrim tafsilotlarini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi taklif Isroil yordami bilan tuzilgan bo‘lib, kelishuvning birinchi bosqichi bir necha hafta davomida janglarni to‘xtatib turish evaziga 20-33 nafar garovga olinganlarni ozod qilishni va Isroildagi falastinlik mahbuslarni ozod qilishni o‘z ichiga oladi. Harbiy harakatlarni to‘xtatish muddati ozod etilishi mumkin bo‘lgan garovga olinganlar soniga bog‘liq bo‘ladi.

Ikkinchi bosqich esa G‘azo sektorida «barqaror osoyishtalikni tiklash»ni o‘z ichiga oladi. Diplomatik manbaga ko‘ra, bu «doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish yo‘lini nazarda tutadi». Bu bosqichda HAMASning qolgan garovga olinganlari, jumladan asirga olingan SAXAL askarlari va o‘lganlarning jasadlari yana ko‘proq falastinlik mahbuslarga almashtiriladi.

O‘z navbatida, Isroil G‘azodagi urushning barcha belgilangan maqsadlariga erishish, jumladan, XAMASni butunlay yo‘q qilish rejalaridan ham voz kechmayotgani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Isroil mudofaa vazirining muzokaralarda kelishuvga erishilmagani va yaqin kunlarda Rafahga hujum uyushtirilishi mumkinligi haqidagi so‘zlari xabar qilingan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring