Mashhurlar va soliq mojarolari: millionlar qayerga yashirildi?
Bollivudda bitta film uchun millionlab rupiya olish – oddiy hol. Reklama shartnomalari, prodyuserlik, xorijdagi tadbirlar, brendlar bilan kelishuvlar... Mashhur yulduzning bir yillik daromadi oddiy inson umri davomida topadigan puldan ham oshib ketishi mumkin. Ammo millionlar ko‘paygan sari ularga qiziquvchilar ham ko‘payadi. Ba’zan bu – muxlislar, ba’zida esa – soliqchilar...
Hindistonda bir qator mashhur aktyor va aktrisalarning uyi, ofisi va kompaniyalarida soliq idoralari tintuv o‘tkazgan. Ayrim holatlarda rasmiy idoralar katta miqdorda hisobga olinmagan daromad yoki soliqdan qochish alomatlari aniqlanganini ma’lum qilgan. Bu borada bir narsani aniqlashtirib olish kerak: soliq tekshiruviga tushish yoki uyida tintuv o‘tkazilishi avtomatik ravishda, inson soliqdan qochgani isbotlandi, degani emas. Ayrim yulduzlar ayblovlarni rad etgan, ba’zi ishlar esa keyinchalik boshqacha tus olgan.
Avval «kror» nima ekanini bilib olaylik. Hindistonda juda katta pul miqdori odatda «kror» bilan ifodalanadi. 1 kror – 10 million rupiya. Hozirgi kursga yaqin hisobda 1 kror rupiya taxminan 106 ming AQSh dollari atrofida bo‘ladi. 100 kror – $10,6 million, degani.
Pandemiya davrida millionlab hindlar aktyor Sonu Sudga qahramondek qaragan edi. U koronavirus davrida uyiga qaytishga qiynalayotgan ishchilarga yordam berib, juda katta shuhrat qozondi. Ammo 2021 yilda aktyorning nomi mutlaqo boshqa sabab bilan sarlavhalarga chiqdi.
Soliq departamenti Sonu Sudning Mumbaydagi uyi va u bilan bog‘liq boshqa obyektlarda tintuv o‘tkazdi. Operatsiyadan keyin Hindiston Markaziy bilvosita soliqlar kengashi Sonu Sud va u bilan bog‘liq shaxslar 20 kror rupiyadan – ya’ni taxminan 2,1 million dollardan ortiq soliqdan qochilgani haqida da’vo qildi. Rasmiy ma’lumotda ayrim professional tushumlar qarz sifatida niqoblangani aytilgan.
Bir tomonda odamlarga yordam berayotgan mashhur aktyor, ikkinchi tomonda esa soliqchilarning «20 krorlik yashirilgan mablag‘» haqidagi da’vosi. Sonu Sud esa o‘z bayonotlarida ayblovlarga qarshi pozitsiya bildirdi.
2021-yilda Tapsi Pannu nomi ham soliqchilar bilan bog‘liq shov-shuvli voqeaga aralashdi. Uning uyi va kinorejissyor Anurug‘ Kashyap bilan bog‘liq obyektlarda tintuv o‘tkazildi. Tekshiruv Phantom Films kompaniyasiga aloqador soliq ishlari doirasida olib borilgan. Soliq idoralari 5 kror rupiya, ya’ni taxminan 530 ming dollarlik to‘lov bilan bog‘liq hujjatlar haqida ma’lumot berdi. Lekin Tapsi Pannuning o‘zi bu xabarlarga javob qaytarib, go‘yo unda 5 kror rupiyalik to‘lov kvitansiyasi borligi haqidagi xabarlarga shubha bildirgan. U soliqchilar savollariga javob bergani va agar haqiqatan qonunbuzarlik qilgan bo‘lsa, jazoni qabul qilishini aytgan. Ammo voqeaning yuridik tomonini ham unutmaslik kerak: tintuv – hali sud hukmi emas.
Tapsi Pannu bilan bir vaqtda rejissyor Anurug‘ Kashyapning obyektlari ham tekshirildi. Bu yerda gap oddiy aktyorlik gonorari haqida emasdi. Kino ishlab chiqarishda millionlar prodyuserlik kompaniyalari, sherikliklar, kino huquqlari va turli moliyaviy operatsiyalar orqali harakat qiladi. Soliq idoralari Phantom Films bilan bog‘liq tekshiruvda katta miqdordagi moliyaviy nomutanosibliklar haqida xabar bergan. Ayrim xabarlarda 300 kror rupiyalik (taxminan 31,8 million dollar) daromad bilan bog‘liq masalalar tilga olingan. Keyinchalik ayrim ommaviy axborot vositalari tekshiruv doirasida umumiy 650 kror rupiyalik (taxminan 69 million dollarlik) daromad tafovutlari aniqlangani haqida xabar tarqatdi.
2011-yilda Bollivudning eng mashhur aktrisalaridan biri Priyanka Chopraning uyi va ofislarida ham soliq departamenti tintuv o‘tkazdi. Soliqchilar moliyaviy hujjatlarni tekshirdi. Oradan ko‘p o‘tmay rasmiylar aktrisaga tegishli 6 kror rupiyalik hisobga olinmagan aktivlar aniqlanganini ma’lum qildi. Bu – o‘sha kurslarda ham ulkan summa edi, bugungi yaqin kurs bilan hisoblaganda taxminan 635 ming dollar atrofida.
Hindiston soliq idorasi vakillari aktivlar turli shaklda bo‘lgani va tekshiruv davom etayotganini bildirgan. Eng qiziq jihati esa shundaki, bu voqea Priyankaning karerasi endi xalqaro darajaga ko‘tarilayotgan davrda sodir bo‘lgan.
O‘sha 2011-yilda Katrin Kaif ham soliqchilar e’tiboridan chetda qolmadi.
Uning uyi va ofislarida tintuv o‘tkazilib, moliyaviy operatsiyalarga oid hujjatlar olib ketilgan. Ammo Katrinani ham shunchaki «soliqdan qochgan» deb atashga asos yo‘q. Uning holatida asosiy voqea – soliq tekshiruvi va tintuv bo‘lgan. Buning o‘zi aybdorlik hukmi emas.
2020-yil yanvar. Ertalab soat taxminan 7:30. Karnatakadagi Viraҗpetda Rashmika Mandannaning uyiga soliq departamenti xodimlari keldi. O‘sha paytda aktrisaning o‘zi uyda emas edi. Tekshiruvda 25 lakx rupiya naqd pul, ya’ni taxminan 26,5 ming dollar, hujjatlar va 3,94 kror rupiyalik – taxminan 417 ming dollarlik – hisobga olinmagan aktivlar haqida xabarlar tarqaldi.
Ayrim manbalarda 1,5 kror rupiya – taxminan 159 ming dollarlik soliq to‘lanmagani haqida ham ma’lumot keltirilgan. Lekin Rashmikaning keyingi faoliyatida qiziq burilish yuz berdi. 2026 yilda u o‘zining Kodag‘u hududidagi yuqori soliq to‘lovchilardan biri sifatida tilga olindi. Demak, soliq tarixi hamisha bir xil qolavermaydi.
Janubiy Hindiston kinosi yulduzi Vijay ham soliq tekshiruvlaridan chetda qolmagan. 2020 yilda uning uyi tintuv qilindi. Bu ish aktyorning mol-mulkka investitsiyalari va filmlardan olgan daromadlari bilan bog‘liq edi. Ammo eng qiziq jihati keyin ma’lum bo‘ldi: soliq departamenti keyinchalik tintuvda jiddiy qonunbuzarlik aniqlanmagani va Vijay tegishli soliqlarni to‘laganini bildirgan.
Bollivuddagi soliq mojarolari haqida gapirar ekanmiz, yana bir tomonni ham ko‘rish kerak. Hindistonda ba’zi kino yulduzlari aksincha eng katta soliq to‘lovchilar qatorida turadi. Masalan, Shohrux Xon haqidagi xabarlarda u bir yilda 92 kror rupiya, ya’ni taxminan 9,7 million dollar soliq to‘lagani aytilgan. Uning yillik daromadi qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.
Bollivudda kameralar o‘chadi. Kino tugaydi. Ammo soliq hisoboti hech qachon “titrlar” bilan tugamaydi.
A.Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter