Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Meksikada narkobaron o‘ldirilgach, mamlakatni zo‘ravonlik to‘lqini qamrab oldi

Meksikada narkobaron o‘ldirilgach, mamlakatni zo‘ravonlik to‘lqini qamrab oldi

Meksika xavfsizlik kuchlari mamlakatning Xalisko shtatida o‘tkazilgan yirik harbiy amaliyot davomida dunyodagi eng ko‘p qidirilayotgan narkobaronlardan biri hamda qudratli «Xalisko yangi avlod karteli» (CJNG) yetakchisi — Nemesio Osegera Servantesni (laqabi «El Mencho») yo‘q qildi.

Amaliyot Tapalpa munitsipalitetida (Gvadalaxaradan 130 km janubda) o‘tkazilgan. «El Mencho» Meksika harbiy xizmatchilari bilan otishma oqibatida voqea joyida o‘ldirilgan.

Ma’lumot uchun: avvalroq AQSh ma’muriyati «El Mencho»ni topishda yordam berganlik uchun 15 million dollar mukofot va’da qilgan edi.

Biroq o‘z yetakchisidan mahrum bo‘lgan narkokartel darhol qarshi hujumga o‘tdi. CJNG ta’siri ostidagi bir qancha shtatlarda, jumladan, Xalisko, Kolima, Michoakan va boshqa hududlarda avtomobillar va yuk mashinalariga o‘t qo‘yish, harbiylar va politsiya harakatiga to‘sqinlik qilish uchun yo‘llarda to‘siqlar o‘rnatish, otishmalar va qo‘rqitish harakatlari kuchayib ketdi.

Gvadalaxara shahri va uning xalqaro aeroporti atrofida tartibsizlik hukm surmoqda: guvohlar terminallardagi vahima, o‘q ovozlari, odamlarning ommaviy qochishi va kirish yo‘llarining yonayotgan mashinalar bilan to‘sib qo‘yilgani haqida xabar bermoqda. Shu kabi tartibsizliklar Puerto-Valyarta va shtatning boshqa shaharlarida ham kuzatilgan. Hukumat aholini himoya qilish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida Xalisko shtatida «qizil kod» (yuqori xavf darajasi) e’lon qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring