Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin yana Qozog‘iston prezidenti ism-sharifini chalkashtirdi

Putin yana Qozog‘iston prezidenti ism-sharifini chalkashtirdi

Foto: Kreml matbuot xizmati

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yana bir bor Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ism-familiyasi talaffuzida xatoga yo‘l qo‘ydi. O‘ng‘aysiz vaziyat Putinning mamlakat mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvida ro‘y berdi.

S.Shoygu Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar qo‘shinining Qozog‘istonda tartib o‘rnatishdagi ishtiroki xususida hisobot bergan. Putin suhbat payti prezident Qosim-Jo‘mart Kamolovich To‘qayevni «Kasam Jemel Kemelich Tokayev» deb atadi. Federal telekanallar ushbu holat aks etgan lavhani montaj qilgan holda efirga uzatgan. Internet orqali jonli efirda esa chalkashlikni yashirib bo‘lmadi. 

Rossiya rahbari Qozog‘iston prezidenti ism-sharifini bir necha kun avval KXShTning onlayn majlisida ham «Kemel Jomartovich» shaklida xato talaffuz qilgandi.

Qozog‘iston yetakchisi bu holat bo‘yicha munosabat bildirganicha yo‘q.

2021 yil dekabr oyidagi yillik anjumanda esa Vladimir Vladimirovich Qosim-Jo‘mart Kamolovichni shunchaki «yangi prezident» deb atagan.

Rossiya yetakchisi tomonidan xorij davlat rahbari ism-sharifini chalkashtirish bilan bog‘liq voqea avval ham kuzatilgan. 2020 yil 28 sentyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov Sochida V.Putin bilan muzokara olib borgan edi. O‘shanda mezbon davlat rahbari mehmon prezidentga «Shariman» deya murojaat qilgan. Bu hol ijtimoiy tarmoqda ham aks sado bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring