Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Moldovani ogohlantirdi

Rossiya Moldovani ogohlantirdi

Rossiya Moldova hukumatini «suverenitet va xavfsizlik masalasida o‘yinlar»ni to‘xtatishga chaqirdi.

«Biz muntazam ravishda Moldova hukumati e’tiborini Rossiyaga nisbatan kollektiv G‘arbning nodo‘st munosabatiga o‘ylamasdan qo‘shilish... Moldovaning konstitutsiyaviy betaraflik maqomiga zid ekaniga qaratib kelmoqdamiz», – deydi Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Rasmiy Moskva vakili Kishinyovning betaraflik maqomi mamlakatning G‘arbga moyil hukumati tomonidan asta-sekin yo‘qotilayotganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Moldovaning Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga qo‘shilgani, NATO bilan hamkorligi va Ukrainaga xayrixohligi Rossiya hukumatiga xush kelmagan.

M.Zaxarova Moldova aholisining 65 foizi mamlakatning betaraf maqomini xavfsizlik omili deb hisoblashi, 74 foizi esa NATOga qo‘shilishga qarshi ekanini da’vo qilgan. Voiz bu raqamlar qayerdan olinganiga oydinlik kiritmagan.

«Biz Moldava hukumatini yana bir karra respublika suvereniteti va xavfsizligi bilan bog‘liq mas’uliyatsizlarcha o‘yinlarni bas qilish hamda boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan yaxshi qo‘shnilik aloqalarini olib borishga chaqiramiz. Konstitutsiyada mustahkamlangan betaraflik maqomi muvozanatli tashqi siyosatni ko‘zda tutadi», – deydi Rossiya TIV vakili.

Moskvadan uzoqlashuv siyosatini yuritayotgan Moldova 2024 yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tarkibidan chiqish jarayonini yakunlamoqchi.

Moldova prezidenti Mayya Sandu Kreml mamlakatda davlat to‘ntarishi va qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida bong urib keladi.

AQSh ham Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgan.

O‘tgan yili Moldova axborot va xavfsizlik xizmati Rossiyaning 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari saytlariga taqiq qo‘ydi. Ushbu qaror «qora ro‘yxat»ga tushgan OAV Moldovada konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatlar sodir etayotgani, dezinformatsiya vositasida ziddiyat va keskinlikni keltirib chiqarishga urinayotgani bilan izohlangan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring