Uch mamlakat Birinchi xonimlari “Altin balalik”da
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi Aygul Japarova hamda Ozarbayjon Respublikasi Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva bilan birgalikda Qirg‘izistondagi mashhur “Altin balalik” reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdilar. Mazkur oliy darajadagi tashrif uch qardosh mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy-gumanitar hamkorlik naqadar mustahkam ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar markazning faoliyati, bu yerda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda tashkil etilgan mahorat darslari bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar bolalar bilan samimiy muloqot qilib, ularning iste’dodiga yuqori baho berdilar. Tashrif davomida tashkil etilgan madaniy dastur barchaga o‘zgacha kayfiyat ulashdi: “Shattik” milliy raqs ansambli va yosh komuzchilar ijrosidagi chiqishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, “Aqilman” iqtidorli bolalar prezident litseyi tarbiyalanuvchilari tomonidan loy va kigizdan tayyorlangan o‘ziga xos hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Shundan so‘ng oliy martabali mehmonlar markazning go‘zal sohil hududi va zamonaviy san’at galereyasini ko‘zdan kechirdilar. Mazkur galereyada Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan bolalar ijodiyoti bo‘yicha xalqaro tanlovlar g‘oliblari, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning ham ijod namunalari taqdim etildi. Bu yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi xalqaro hamkorlikning yorqin namunasidir.
Dasturning eng ta’sirli va ramziy voqealaridan biri O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi bo‘lgan “Do‘stlik daraxti” nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi bo‘ldi. Ushbu hamkorlikdagi ijodiy ish uch mamlakat o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va birodarlikni aks ettiradi. Tashrif yakunida Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimiga qirg‘iz xalqining azaliy an’anaviy milliy musiqa asbobi — changqoʻbiz hurmat va ehtirom ramzi sifatida tuhfa qilindi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona aloqalar nafaqat siyosiy va iqtisodiy darajada, balki insonparvarlik, madaniyat va yosh avlod kelajagi yo‘lida ham izchil rivojlanib borayotganining yana bir yorqin isbotiga aylandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter