Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina urushida xavfli qurol qo‘llanyapti – Germaniya davlat vaziri

Ukraina urushida xavfli qurol qo‘llanyapti – Germaniya davlat vaziri

Ukraina urushida harbiy aslahalardan ham ko‘ra xatarliroq qurol – dezinformatsiya, soxta ma’lumotlar tarqatish va propaganda usulidan keng foydalanilmoqda. Bu haqda Germaniyaning madaniyat va OAV masalalari bo‘yicha davlat vaziri Klaudia Rot Bonn shahrida 20-21 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda (Global Media Forum) ma’lum qildi. 

DW tomonidan, Germaniya tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda 100 dan ziyod mamlakatdan kelgan ekspertlar, jurnalistlar hamda siyosiy-iqtisodiy doira vakillari qatnashdi.

Ukraina bosqini ommaviy axborot vositalari uchun ham jiddiy sinovga aylandi. Urush ketayotgan hududlarda, hayot uchun xatarli sharoitda faoliyat yuritayotgan jurnalistlardan yolg‘ondan rostni, oqdan qorani ajratish ham talab etilmoqda. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti hisobotida ham keyingi vaqtlarda dezinformatsiya va propaganda ikki karra kuchayib ketgani qayd etilgan.

Yevrokomissiya vitse-prezidenti V.Yurova, Germaniya davlat vaziri K.Rot hamda jurnalistlar. Foto: «Xabar.uz»

Propaganda va dezinformatsiyani eng xatarli qurol deb atagan Germaniya davlat vaziri Klaudia Rot mustaqil va professional jurnalistikagina haqiqatni yuzaga chiqara olishini ta’kidladi.

Yevropa komissiyasi prezidentining Yevropa qadriyatlarini muhofaza etish va oshkoralik siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Vera Yurova ijtimoiy tarmoqlarda urchigan yolg‘on kampaniyasini tanqid qildi.

«Yirik ijtimoiy tarmoqlar uchun soxta axborot tarqatish mo‘may pul topish usuliga aylanib qoldi. Bu holga chek qo‘yish kerak», – dedi V.Yurova.

YeI rasmiysiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq ma’muriyatlari foydalanayotgan algoritmlar foydalanuvchilarni turli axborot manbalariga murojaat qilish imkonidan mahrum qilmoqda, bu esa ommaning erkin fikrlash, tanqidiy mushohada salohiyatiga to‘sqinlik qilmoqda. Yevrokomissiya prezidentining o‘rinbosari raqamli platformalar egalari faktlarni tekshirish tizimi uchun ko‘proq mablag‘ ajratishi lozimligini  uqtirdi.

Rossiyalik jurnalist va adib Mixail Zigar mustaqil OAVning yo‘q qilinishini Ukraina urushining kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida sanadi. Uning aytishicha, Rossiyada kam sonli bo‘lsa-da, mustaqil OAV faoliyat yuritgan kezlarda jamoatchilikka haqqoniy va xolis axborot tarqatish imkoni mavjud edi. Ammo mustaqil matbuotning ta’qib etilishi va davlat propaganda mashinasining shiddatli harakati sabab omma ongi manipulyasiya qilindi. M.Zigar vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, Rossiyadagi asl vaziyatni ko‘rsatish yo‘lida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar (notiq ularni partizanlarga o‘xshatdi) mehnati meva berishiga umid bildirdi.

Ukrainaning «UA:PBC» telekanali yangiliklar tahririyati bosh muharriri Angelina Karyakinaga ko‘ra, bugun urush maydonlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar oldida nafaqat hodisalarni xolis yoritish, ayni choqda, jonini saqlashdek zalvorli vazifa ham turibdi. Bugun Ukraina jurnalistlari o‘rtasida eksklyuziv material uchun raqobat deyarli yo‘qolgan. Yorug‘ va ozoda tahririyatlarda emas, balki yerto‘lalarda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari xuddi suv, yegulikni bir-biri bilan baham ko‘rgani kabi fakt, material va videolavhalarni ham o‘zaro bo‘lishmoqda.

«Bild» bosh muharriri o‘rinbosari P.Ronshaymer urush maydonidagi jurnalistlarni himoya qilishga chaqirdi. Foto: «Xabar.uz»

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 21 iyunga qadar Ukraina muhoraba maydonlarida 12 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Dom-daraksiz yo‘qolgan, o‘g‘irlab ketilgan jurnalistlar ham bor. Germaniyaning «Bild» nashri bosh muharriri o‘rinbosari Pol Ronshaymer Rossiya harbiylari hujumi oqibatida halok bo‘lgan hamkasblarini yodga olar ekan, xalqaro hamjamiyatni OAV xodimlarini faol himoya qilishga da’vat qildi. E’tiborga molik jihati, «Bild» bosh muharriri o‘rinbosari anjuman ahliga Ukrainadagi harbiy maydonlardan turib murojaat yo‘lladi.

Yel universiteti professori, xalqaro mukofotlar sohibi Timoti Snayder Rossiyaning Qora dengiz orqali Ukraina bug‘doyi eksportiga to‘sqinlik qilayotganini Stalin davridagi qizil terrorga muqoyasa qildi. Dunyo matbuoti bu mavzuga u qadar jiddiy e’tibor qaratmayotganini tanqid qilgan atoqli olim bug‘doy qamali ocharchilikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Anjumanda 100 dan oshiq mamlakat vakillari qatnashdi. Foto: «Xabar.uz»

Anjumanda bot-bot ta’kidlanganidek, Ukraina urushi jurnalistlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklamoqda. To‘g‘ri, OAV xodimlari urushni to‘xtatishga qodir emas, ammo ular dunyo jamoatchiligiga qirg‘inbarotning dahshatlarini ko‘rsatish orqali siyosatchilarni jiddiy qarorlar qabul qilishga majburlay oladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring