Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xususiylashtirish va raqobat muhiti: Yangi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Xususiylashtirish va raqobat muhiti: Yangi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Joriy yilda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Mustaqillik yillari milliy davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiy erkinlikni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar davri bo‘ldi.

O‘tgan vaqt mobaynida mamlakat markazlashgan boshqaruv tizimidan xususiy mulk, tadbirkorlik va raqobat tamoyillariga asoslangan bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tdi. Mulkchilik munosabatlarini isloh qilish, davlat aktivlarini xususiy sektorga o‘tkazish hamda tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish mazkur jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar xususiylashtirish jarayonlariga yangi mazmun va sur’at berdi. Davlatning iqtisodiyotdagi bevosita ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor uchun keng imkoniyatlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash va sog‘lom raqobatni ta’minlash iqtisodiy siyosatning ustuvor vazifalari sifatida belgilandi.

Mustaqillikdan bozor iqtisodiyoti sari

O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirishning huquqiy asoslari mustaqillikning dastlabki davridayoq yaratildi. 1991-yil 19-noyabrda «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, xususiy mulkdorlar qatlamini vujudga keltirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga huquqiy zamin yaratdi. 2024-yilda esa sohadagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga soluvchi «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilindi.

Dastlab savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish obyektlari davlat tasarrufidan chiqarildi. Keyinchalik aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish, davlat korxonalaridagi aksiya va ulushlarni sotish hamda ko‘chmas mulk obyektlarini xususiy sektorga o‘tkazish jarayoni kengaydi.

Natijada mamlakatda mulkdorlar va tadbirkorlar qatlami shakllandi. Nodavlat sektorning iqtisodiyotdagi o‘rni oshib, xususiy korxonalar sanoat, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va axborot texnologiyalari sohalarida faol ishtirok eta boshladi.

Biroq ayrim tarmoqlarda davlat ishtirokining yuqori darajada saqlanib qolishi xususiy sektor imkoniyatlarini cheklab, bozorga kirishda teng bo‘lmagan sharoitlarni yuzaga keltirar edi. Shu sababli keyingi islohotlar faqat aktivlarni sotish bilan cheklanmay, iqtisodiy boshqaruv tizimini bozor tamoyillari asosida yangilashga qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishi

2017-yildan boshlangan iqtisodiy islohotlarning asosiy mazmuni davlat boshqaradigan iqtisodiyotdan xususiy tashabbus va bozor mexanizmlariga tayanadigan tizimga o‘tishdan iborat bo‘ldi.

Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, soliq va bojxona tizimidagi o‘zgarishlar, tadbirkorlik faoliyatidagi ma’muriy to‘siqlarning qisqartirilishi, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha choralar xususiy sektor rivojiga yangi imkoniyatlar ochdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlatning iqtisodiyotdagi vazifasi ham bosqichma-bosqich o‘zgarmoqda. Davlatning bevosita tovar va xizmat ishlab chiqaruvchi sifatidagi ishtiroki qisqarib, uning bozor qoidalarini belgilaydigan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan va raqobatni himoya qiladigan institut sifatidagi roli kuchaytirilmoqda.

Jahon banki tahlillarida 2020-yil holatiga O‘zbekistonda markaziy darajada boshqariladigan 2 mingdan ortiq davlat korxonasi mavjud bo‘lgani, ular daromadlarining umumiy hajmi yalpi ichki mahsulotning 32 foiziga teng kelgani qayd etilgan. Ushbu korxonalarning katta qismi xususiy kompaniyalar ham samarali ishlashi mumkin bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatgan.

Shu jihatdan, davlat korxonalarini qisqartirish faqat mulk shaklini o‘zgartirish emas. Bu resurslar taqsimotini takomillashtirish, xususiy tashabbus uchun yangi bozorlarni ochish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga qaratilgan tizimli siyosatdir.

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond bozorlarida taklif etish hamda xususiy sektorni iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Yangi qonunchilikda xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi asosiy prinsiplari mustahkamlandi. Bu esa davlat aktivlarini sotishda barcha ishtirokchilar uchun teng shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Xususiylashtirishning milliy iqtisodiyotga ijobiy ta’siri

Xususiylashtirish, avvalo, iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish imkonini oshiradi. Xususiy mulkdor o‘z mablag‘i, daromadi va moliyaviy natijasi uchun bevosita javobgar bo‘lgani sababli xarajatlarni qisqartirish, mehnat unumdorligini oshirish va bozor talabiga tez moslashishdan manfaatdor bo‘ladi.

Raqobat sharoitida faoliyat yuritadigan xususiy korxona mahsulot sifatini oshirish, zamonaviy boshqaruvni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashga intiladi. Samarali ishlamagan korxona esa bozordagi o‘rnini yo‘qotishi mumkin. Shu bois xususiylashtirish boshqaruv mas’uliyati va moliyaviy intizomni kuchaytiradi.

Uning yana bir muhim natijasi — investitsiyalar oqimining ko‘payishidir. Yangi mulkdor korxona qiymatini oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish va bozordagi mavqeini mustahkamlash uchun qo‘shimcha mablag‘ kiritishga harakat qiladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiylashtirish jarayonida ish o‘rinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha talablarni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab kelmoqda. Shuningdek, har bir soha bo‘yicha xususiylashtirishning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va raqobat muhitiga ta’sirini oldindan baholash vazifasi qo‘yilgan.

Xususiylashtirish davlat budjeti uchun ham ijobiy samara beradi. Aktivlarni sotishdan budjetga qo‘shimcha mablag‘ tushadi, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat hisobidan qo‘llab-quvvatlash zarurati kamayadi. Natijada bo‘shagan mablag‘larni ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va infratuzilma sohalariga yo‘naltirish imkoniyati kengayadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tushgan. So‘nggi besh yilda xususiylashtirish natijasida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 60 foizga kamaygan.

Foydalanilmayotgan obyektlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish ham xususiylashtirishning muhim natijalaridan biridir. Bo‘sh turgan binolar, inshootlar va maydonlarning tadbirkorlarga berilishi ular negizida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etishga zamin yaratadi. Bu yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi, hududlarda iqtisodiy faollik oshishi va soliq bazasi kengayishiga olib keladi.

Davlat korxonalari aksiyalarining fond bozoriga chiqarilishi esa aholi va institutsional investorlarning iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytiradi. Korxonalarning ochiqligi, moliyaviy hisobdorligi va korporativ boshqaruv sifati oshadi.

Umuman, xususiylashtirish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, investitsiyalarni ko‘paytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, budjet xarajatlarini maqbullashtirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish orqali milliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Raqobat muhiti — islohotlar samaradorligining asosiy sharti

Xususiylashtirishdan kutilgan natijaga erishish uchun mulkdorning almashishi yetarli emas. Xususiylashtirilgan korxona bozordagi monopol yoki imtiyozli mavqeini saqlab qolsa, davlat monopoliyasi xususiy monopoliyaga aylanishi mumkin. Bunday vaziyatda iste’molchilar mahsulot tanlovi, narx va xizmat sifatida kutilgan o‘zgarishlarni his qilmaydi.

Shu sababli Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy siyosatida xususiylashtirish va raqobat muhitini rivojlantirish o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida qaralmoqda.

Raqobat korxonalarni mahsulot sifatini oshirish, narxlarni maqbullashtirish, xarajatlarni kamaytirish va innovatsiyalarni joriy etishga undaydi. Bozorda bir nechta mustaqil ishtirokchining mavjudligi iste’molchiga tanlash imkoniyatini beradi. Korxonalar esa xaridor ishonchini qozonish uchun samarali ishlashga majbur bo‘ladi.

Xususiy sektorning kengayishi kichik va o‘rta biznes uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Yirik korxonalar atrofida xomashyo, butlovchi qismlar, logistika, ta’mirlash va axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari shakllanadi.

Bu jarayon iqtisodiyotning tarmoq va hududlar bo‘yicha diversifikatsiya qilinishiga xizmat qiladi. Mamlakat iqtisodiyotining cheklangan sondagi yirik davlat korxonalariga bog‘liqligi kamayib, turli mulk shaklidagi ko‘plab bozor ishtirokchilaridan iborat barqaror muhit vujudga keladi.

Asosiy maqsad — samarali mulkdor va barqaror taraqqiyot

Xususiylashtirishning pirovard maqsadi davlat aktivlarini shunchaki sotish yoki budjetga bir martalik tushum olishdan iborat emas. Uning asosiy natijasi samarali mulkdorni shakllantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirishda namoyon bo‘lishi lozim.

Xususiylashtirilayotgan har bir obyektning tarmoqdagi o‘rni, iqtisodiy ahamiyati, aholi bandligi va raqobat muhitiga ta’siri chuqur tahlil qilinishi zarur. Yirik korxonalarni xususiylashtirishda ular faoliyatining uzluksizligi, investitsiya majburiyatlarining bajarilishi va mehnat jamoasi manfaatlarining ta’minlanishi alohida ahamiyatga ega.

Aktivlarni mustaqil baholash, elektron savdolarni kengaytirish, investorlar uchun teng sharoit yaratish va bitimlar yuzasidan jamoatchilikka axborot taqdim etish davlat mulkining haqiqiy bozor qiymatida sotilishini ta’minlaydi.

Xususiylashtirishdan keyin yangi mulkdorning investitsiya kiritish, ishlab chiqarishni saqlab qolish, yangi ish o‘rinlari yaratish va texnologiyalarni yangilash bo‘yicha majburiyatlari ham nazorat qilinishi kerak.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Ilk yillarda xususiy mulk va tadbirkorlikning huquqiy asoslarini yaratish ustuvor vazifa bo‘lgan bo‘lsa, bugun samarali mulkdorlar, zamonaviy boshqaruv va adolatli raqobatga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish asosiy maqsadga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini oqilona darajaga tushirish, xususiy sektorni milliy taraqqiyotning asosiy tayanchiga aylantirish va barcha bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Xususiylashtirish jarayonlarining ochiq, izchil va raqobat tamoyillari asosida davom ettirilishi mamlakat iqtisodiyotining samaradorligi hamda investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Eng muhimi, ushbu siyosat zamonaviy ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari, sifatli mahsulot va xizmatlar hamda aholi farovonligining yuksalishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring