Kattaqo‘rg‘on fojiasi. Bu holat takrorlanmasligi uchun maktablar mahalliy hokimlik tasarrufidan chiqarilishi kerak
14-mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenekeyeva ko‘cha tozalashga majburan olib chiqilganda yuk mashinasi urib ketishi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.
Bu internet-nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusiga aylandi va katta rezonans keltirib chiqardi. Chunki davlatimiz rahbari o‘qituvchilar va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilishni qattiq qoralab, bu holga barham berish lozimligini bir necha marta takrorlagan edi.
Biroq hamon joylardagi hokimliklar Prezident topshirig‘ini nazar-pisand qilmasdan, obodonchilik va qishloq xo‘jaligi ishlarida o‘qituvchilar va shifokorlar mehnatidan foydalanib, ko‘zbo‘yamachilik qilib kelayotgani kishini g‘azablantiradi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida esa ana shunday vaziyatda kutilmagan fojia ro‘y berdi. Fojia ehtiyotsizlik va nohaqlik oqibatida ro‘y berganini barcha tushunib turuvdi. Lekin Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov va Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Q.Saidov imzosi bilan tarqatilgan raddiyada «O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenekeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan» deya mas’uliyatni o‘zlaridan soqit qilishmoqda.
Bu bayonotni o‘qigan fuqarolarimiz yanada junbushga keldi va vaziyat to‘laligicha nohaqlikka aylandi.
Shunga o‘xshash voqea 2017-yil 16-sentabr, shanba kuni Jizzax tumanida ham ro‘y bergan va paxtaga olib chiqilgan Gulzoda Tojiboyevani avtobus urib yuborishi natijasida u halok bo‘lgan edi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi maktabda yoshlar ittifoqi yetakchisi bo‘lib ishlagan Gulzoda Tojiboyeva oliy ma’lumotga ega bo‘lmagani sababli ikki hafta burun ishdan bo‘shatilgani haqida raddiya e’lon qilgan edi.
Rasmiylar har ikki vaziyatda ham o‘xshash harakat qilishdi. Ya’ni, o‘qituvchilar mehnatga majburan olib chiqilmaganini, xodim o‘zi chiqqanini da’vo qilishgan.
Yaxshiyamki, samarqandlik rasmiylar Diana Yenekeyeva oliy ma’lumotga ega bo‘lmagani sababli allaqachon ishdan bo‘shatilganini yozishmadi — yo eslariga kelmagan, yo insof qilishgan.
Xullas, 14-mart, chorshanba kuni ish vaqtida majburiy mehnatga olib chiqilgan Diananing yosh go‘dagi yetim qoldi. Ana endi mehnat munosabatlari bilan bog‘liq qiziq vaziyat yuzaga kelmoqda.
Mehnat kodeksining 192-moddasiga binoan xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.
Kodeksning 193-moddasida esa zarar miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Demak, Diana Yenekevvaning o‘g‘li 16 yoshga to‘lguncha onasining o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida zarar to‘lovini olishi kerak.
194-moddada xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan biryo‘la beriladigan nafaqaning miqdori ko‘rsatib o‘tilgan va u marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas deb belgilangan.
Endi qarang, tuman hokimligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchi majburiy mehnatga olib chiqilmagan, voqea ish vaqtida sodir bo‘lmagan deya ushbu to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayaptimi? Axir mutasaddilar to‘g‘ri gapirayapti deyilsa, Diananing o‘g‘ilchasiga ham, biryo‘la beriladigan 6 yillik ish haqi ham to‘lanmasligi kerak-ku?!
Ko‘rayapsizmi, hurmatli o‘qituvchilar, hokimiyat va xalq ta’limi boshqarmasidagilar sizlarni qanday manipulyasiya qila olishadi. Majburiy mehnatga olib chiqishadi, biror kor-hol ro‘y beradigan bo‘lsa — darhol bo‘yin tovlashadi va qonunan kafolatlangan kompensatsiyalarni yaqinlaringizga ham berishmaydi. Bularning qo‘lidan keladi bu!
Yana bir jihat: o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnat — ko‘cha tozalash, paxta chopig‘i, yig‘ib-terib olishga jalb qilish ishlariga sira barham berilmayapti. Ta’lim va tibbiyot xodimlari kasaba uyushmalari ham bu vaziyatda jim qarab turishadi.
Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan voqeaga respublika darajasidagi rasmiylardan faqat Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov va xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev munosabat bildirishdi. Ularning har ikkisi yosh kadr. Albatta, bu quvonarli.
Endi mana shunday yosh kadrlar sovetcha mafkurada qotib qolgan, kommunistlardek fikrlaydigan, hamon amal kursisini saqlab turganlarni siljitishlari uchun bu borada keng qamrovli islohotlarga kamarbasta bo‘lishlari kerak.
Yaponiya bosh vaziridan mamlakatning bu qadar taraqqiy topganining siri nimada ekanligi so‘ralganida, u shunday javob bergan ekan: «Biz o‘qituvchilarga vazirning maoshini, diplomatlarning daxlsizligini va imperatorning hurmatini berdik».
Biz ham taraqqiy topgan davlat qurmoqchi ekanmiz, o‘qituvchilarni boshimizga ko‘tarishimiz, ularga xos bo‘lmagan ishlar bilan ko‘cha-ko‘yda o‘lib ketishlariga barham bermog‘imiz darkor. Mayli, vazirning oyligini bera olmas ekanmiz, hech bo‘lmasa ularni daxlsiz qilaylik va e’zozlaylik.
Va bunga chora sifatida birinchi navbatda maktablar va ta’lim muassasalarini mahalliy — tuman va viloyat hokimliklari tasarrufidan chiqarishimiz kerak. Maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari faqatgina tuman, shahar va viloyat xalq ta’limi bo‘limlarigagina bo‘ysunsin.
Xalq ta’limi bo‘limlari ta’lim sifati bilangina shug‘ullanishi kerak. Maktab direktorlari hokimlikning obodonchilik, qishloq xo‘jaligi va balo-battar, hokazo mavzulardagi majlislarida qatnashishiga tamomila chek qo‘yish shart.
Mahalliy hokimiyat tarafidan maktablarning faoliyatiga aralashish qonun yo‘li bilan ta’qib etilishi va bu borada ta’lim sohasi kasaba uyushmasi mijja qoqmay ishlashiga erishishimiz lozim.
Maktab o‘qituvchisining oylik maoshlari, qishloqlardagi va chet tilida dars beruvchi o‘qituvchilarning ustamalari aniq belgilangan — budjetdan pul olishadi. Ularga maoshlari uchun respublika budjetidan aniq summani o‘tkazib turish nahotki qiyin bo‘lsa? Maktablarni mahalliy budjetlarga qaram qilmaslik kerakki, hokimlar yana eski hunarini boshlaydi.
Davlat tasarrufidagi shifoxonalarda ham aynan mana shunday bo‘lishi kerak.
Toki o‘qituvchilar va shifokorlarni mahalliy yovuz hokimlarning changalidan qutqarmas ekanmiz, ular farzandlarimizga sifatli dars o‘tish, salomatligimizni ta’minlash o‘rniga ko‘chalarda mashina g‘ildiragi ostida nobud bo‘laverishadi...
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter