Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jarima miqdori kamaytirilmoqda

Jarima miqdori kamaytirilmoqda

Foto: Xabar.uz

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ma’qullandi.

Qonun bilan 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda. Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.

 Kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga «bluetooth», quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.

Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan biometrik pasport (ID-kartasi) mavjud bo‘lgan taqdirda haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi talab etilmaydi.

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring