Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda yengil avtomobil ishlab chiqariladi. Tanishing – Isuzu D-Max pikapi (foto)

Samarqandda yengil avtomobil ishlab chiqariladi. Tanishing – Isuzu D-Max pikapi (foto)

Foto: «Xalq so‘zi»

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Isuzu D-Max pikapining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Xalq so‘zi».

Yangi avtoulov 3 ta modifikatsiyada va 7 xil rangda taqdim etiladi. Sotuvlar 2020 yil yanvar oyidan boshlanadi.

Mazkur avtomobil ham yo‘lovchilar, ham yuklarni tashish uchun birdek qulay bo‘lib, «universal dizayn» konsepsiyasini o‘zida namoyon etgan.

Foto: «Xalq so‘zi»

«2002 yildan buyon Isuzu D-Max pikapi butun dunyo bo‘ylab Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarib kelinmoqda, – deydi Samarqand avtomobil zavodi bosh direktori o‘rinbosari Xusen Qobilov. – Shu yillar ichida u turli iqlim sharoitlarida millionlab kilometrlar bosib o‘tdi va yanada mukammallashdi. O‘zbekistonda ishlab chiqarish uchun 2017 yilda Isuzu D-Max modifikatsiyasining ikkinchi avlodi tanlab olindi. Pikaplar ekologiya talablariga mosligi va tejamkorligi bilan ajralib turuvchi dizel yoqilg‘isida ishlaydi. Ushbu model shassisi Isuzu agregatlari bilan jihozlangan bo‘lib, ishlashning yuqori ko‘rsatkichlarini namoyish etadi. Isuzu D-Max rul boshqaruvi va g‘ildiraklar osmasi o‘rtasidagi qo‘yilgan muvozanati bo‘yicha o‘z toifasidagi avtomobillar orasida eng yaxshisi hisoblanadi. Ushbu avtomobil murakkab yo‘l sharoitlarida ham muvozanat saqlay olishi kafolatlanadi».

Foto: «Xalq so‘zi»

Mamlakatimiz uchun Isuzu D-Max uchta modifikatsiyada taqdim etiladi:

  • Ikki qatorli kabina, 2 yo‘lovchili o‘rindiq, 2,5 litrli dvigatel hajmi va mexanik uzatmalar qutisi bo‘lgan D-Max Sahar;
  • Bir qatorli kabina, 4 yo‘lovchili o‘rindiq, 2,5 litrli dvigatel hajmi va mexanik uzatmalar qutisi bo‘lgan D-Max Oksus;
  • Ikki qatorli kabina, 2 yo‘lovchili o‘rindiq, 2,5 litrli dvigatel hajmi va avtomatik uzatmalar qutisi bo‘lgan D-Max Irbis.

Pikapning yuk ko‘taruvchanligi 865-1100 kg.ga teng.

An’anaviy ravishda Isuzu avtomobillarida haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratiladi. Isuzu D-Max yapon standartlariga muvofiq yuqori mustahkamlikdagi po‘lat kabina, energiyani yuta oluvchi old qism, yon zarbga chidamli plankalar va tarang tortib turuvchi xavfsizlik yostiqchalari bilan jihozlangan.

Foto: «Xalq so‘zi»

Pikapning ranglar xilma-xilligi oq, kumushsimon, metallik, kulrang metallik, obsidian, kulrang, qora, ko‘k va qizil ranglarda taqdim etilgan. Avtomobil intererida bezashning qora elementlari, xromlangan detallar va ushlab ko‘rganda yoqimli materiallar uyg‘unlashadi. Keng eshiklari kabinaga oson kira olish, ichkarida esa yo‘lovchilarni qulay joylashishini ta’minlaydi.

Avtomobil narxi 270 - 380 mln. so‘m oralig‘ida belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring