Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Tonirovka bo‘yicha mas’ullarga murojaat!

Tonirovka bo‘yicha mas’ullarga murojaat!

Foto: «mygazeta.com»

Tonirovka haqida hali rasmiy qaror chiqmagan ekan, demak, bizning fikrimizni ham tinglab ko‘rish imkoniyatingiz bor. Chunki qabul qilmoqchi bo‘lgan qaroringizni vaqt tig‘izligi nuqtai nazaridan baribir umumxalq muhokamasiga qo‘ymasligingiz aniq. Biz ham muhokamaga qo‘yib, yana vaqt cho‘zilishini istamaymiz, o‘zi shundoq ham jazirama kunlarning ko‘pi ketib ozi qoldi.

Quyidagi fikrlarni tonirovka haqidagi kechagi postimga qoldirilgan 120 dan ortiq izohlarning umumlashmasi deb qabul qiling.

Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda rezonans keltirib chiqarayotgan mavzularda Hukumat qarorlariga o‘zgarish kiritilayotganini qadrlaymiz. Bizni eshitayotganingiz uchun rahmat aytamiz. To‘g‘ri, hozircha bunaqa reaksiya propiska, snos kabi og‘riqli mavzularda kuzatilmayapti. Ammo shunisiga ham shukr, har holda yo‘qdan ko‘ra yaxshi.

Ikkinchidan, avvalo o‘zingiz uchun aniqlab oling, tonirovkaga ruxsat berishdan maqsad xalqqa yengillik berishmi yoki xalqning hisobidan pul ishlash? Bu eng muhim masala.

Agar maqsad shunchaki xalqdan pul ishlash bo‘lsa, unda narxni sal insof bilan belgilanglar.

Agar maqsad xalqqa yengillik yaratish bo‘lsa, unda tonirovkani tekin qilish kerak. Quyoshdan saqlanish – bu dabdaba emas, bu hayotiy ehtiyoj. O‘sha hayotiy ehtiyojni xalq pulga sotib olmasligi kerak.

Mashina o‘ziniki, oyna o‘ziniki, quyosh nuri tabiatniki, nega buning uchun Hukumatga 2-3 mln so‘m to‘lash kerak?

Uchinchidan, to‘g‘ri, hozir tekin qilishni so‘rash deyarli befoyda, baribir xalq uchun bepul qilmaysiz (balki keyinroq bo‘lar, lekin hozir bo‘lmasligi deyarli aniq). Unda keling, narx haqida gaplashamiz.

Islohotlar islohot uchun emas, avvalo xalq manfaati uchun bo‘lishi kerak. Jamoatchilikni tinchitish uchun nomiga o‘zgarish qilish kerakmas.

Xalq tonirovka narxi qimmatligidan norozi edi. 18 mln so‘m juda qimmat. Ammo siz taklif qilayotgan 2-3 mln so‘m ham arzon emas (so‘rovnomaga qarang).

Ha, to‘g‘ri, ushbu o‘zgarish kiritilsa gazetalar, TV, radiolar «xalqqa yengillik berish maqsadida tonirovka narxi 9 barobarga arzonlashdi, bu esa mamlakatimizda olib borilayotgan (uyog‘ini o‘zingiz davom ettiring)... » degan gaplar bilan to‘ladi.

Ammo statistika bo‘yicha o‘rtacha oyligi 1,5 mln so‘m bo‘lgan aholiga 1 yil uchun 2-3 mln so‘m belgilash ham noto‘g‘ri. Ko‘pchilikda bu narxga tonirovka o‘rnatish imkoniyati bor, bu ham rost. Ammo bu tabaqalanishni butunlay yo‘qotmaydi. Ijaraga mashina haydab, har kuni ko‘chada kirakashlik qiladigan oddiy aholi uchun bu to‘lov imkonsiz, ular yana jaziramada qovrilishda davom etaveradi.

To‘rtinchidan, shu summani 2-3 mln so‘m emas, 400-500 ming so‘m qilib qo‘ysangiz, Sizdan nima ketadi, aytingchi? Hukumat nima yo‘qotadi? Axir tonirovka uchun Hukumat hech qanaqa xarajat qilmayapti-ku.

Havodan pul qilyapsizlar, shu foydani insof bilan qilsa bo‘lmaydimi? Boz ustiga tonirovkadan tushgan pullar davlat budjetiga emas, IIVning o‘zini jamg‘armasiga tushadi-ku. Sal mantiqni ishlatinglar, iltimos.

Beshinchidan, agar baribir shu narxda qolmoqchi bo‘lsangiz, unda 2 ta taklif bor:

1) belgilangan summani oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish kerak;

2) kimdadir tonirovkaga asosan aprel-sentyabr oylarida ehtiyoj bo‘ladi. Shu sababli 6 oylik tarif ham qo‘shish kerak. Bu taklif etilayotgan narxni 2 baravarga arzonlashtiradi.

Oltinchidan, qabul qilinayotgan qarorda orqa eshiklarga parda masalasiga oid nizoga ham yechim beriladimi? Parda o‘rnatish tekin, boz ustiga qulay. Istalgan payti ko‘tarib, istalgan payti tushirish mumkin, tonirovkada unaqamas. Shu sababli parda masalasiga ham uzil-kesil yechim kerak.

Bir narsani unutmang, biz parda masalasida Hukumatdan ortiqcha narsa talab qilmayapmiz, shunchaki qonunlarda belgilangan ruxsatni mardlarcha tan olishlarini so‘rayapmiz xolos. «Shum bola» filmida aytadiku, «Halol ishlab topgan haqqini so‘rayapti, boy» deb.

P.S.: bu gaplarni xalqning fikridan olib aytyapman, o‘zim to‘qimadim. Istasangiz, mana bu yerga kirib o‘zingiz izohlarni o‘qib ko‘ring.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring