Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiyaning milliy avtomobillari qachon sotuvga chiqishi ma’lum qilindi

Turkiyaning milliy avtomobillari qachon sotuvga chiqishi ma’lum qilindi

Foto: AA

Turkiyada ishlab chiqarilayotgan avtomobillar 2023-yilning birinchi choragida bozorlarda paydo bo‘ladi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, Bursadagi avtozavod 5 turdagi yengil mashina ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan.

Turkiya 2018-yildan milliy avtosanoatni yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy qadam tashladi. O‘sha yili prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on farmoyishi bilan Turk avtomobili tashabbus guruhi (TOGG) tuzildi. Besh sanoat giganti – Anadolu Group, BMC, Kök Group, Turkcell hamda Zorlu Holding milliy avtomobil sanoatini yo‘lga qo‘yish uchun bir yoqadan bosh chiqarib chora-tadbirlar ko‘rishga kirishdi.

2020-yilning 18-iyulida Bursa viloyatining Gemlik tumanida avtozavodga tamal toshi qo‘yildi. Prezident Erdo‘g‘on avtozavod bunyod etilishini 60 yillik orzuning ro‘yobga chiqishi deb baholagan. Shu yili C-SUV va C-Sedan rusumli ilk avtomobillar taqdimoti o‘tkazildi.

To‘rt yillik tayyorgarlik jarayonidan keyin dastlabki natijalar ma’lum bo‘lmoqda. 2023-yilning birinchi choragida SUV sotuvga chiqariladi. Keyinroq Sedan, Hatchback, B-SUV, C-MPV kabi avtoulovlar xaridorlarga yetkaziladi. Shu tariqa dastlabki bosqichda 5 rusumdagi mashinalar ishlab chiqariladi. 4300 nafar xodim mehnat qiladigan zavodda yiliga 175 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich bir million donaga yetkaziladi.

Avvalroq TOGG bosh direktori Gyurkan Karakash muhandislik nuqtai nazaridan oddiy mashina emas, balki smart avtomobil ishlab chiqarish ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan edi. E’tiborga molik jihati, milliy avtozavodning 75 foiz ehtiyot qismlari Turkiyada tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, TOGG  brendi joriy yil yanvar oyida AQSh o‘tkazilgan elektronika ko‘rgazmasida (Consumer Electronics Show) eng yaxshi brendlardan biri deb e’tirof etilgan edi.

Bunga qadar ilk turk elektromobili ham muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring