Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«UzAuto Motors xalqni istalgan yolg‘onga ishonib ketadigan laqma va savodsiz, deb hisoblaydi» — iqtisodchi

«UzAuto Motors xalqni istalgan yolg‘onga ishonib ketadigan laqma va savodsiz, deb hisoblaydi» — iqtisodchi

Foto: «autostrada.uz»

Kuni kecha, UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Malibu-2 modellari, shuningdek, yangilangan Equinox va Tracker narxlarini keskin oshirgani ma’lum bo‘lgandi. Avvaliga bu narx oshirilishi haqida kompaniya hech qanday ma’lumot bermadi. Holat ijtimoiy tarmoqlar orqali oshkor bo‘lgach, UzAuto Motors narxlarning oshishi sabablarini sanadi.

Xususan, «dollar kursining o‘sishi (30 foizdan ko‘proqqa), Koreya Respublikasi voni kursining dollarga nisbatan mustahkamlanishi (10-15%), pandemiya va boshqa omillar natijasida logistika narxining dunyo miqyosida o‘sishi ushbu avtomobil rusumi narxining yangilanishiga asosiy sabablaridan bo‘ldi», deyilgandi izohda.

Ammo monopol kompaniyaning bu izohi darhol qarshilikka uchradi va yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblandi. Bankiroff kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirov shunday yozadi:

«1 AQSh dollari 2019-yil 1-oktyabrda 9 446,65 so‘mni tashkil etgan. 2021-yil 31-mart holatiga 1 AQSh dollari 10 474,98 so‘mdan iborat bo‘lgan. Bu davrda dollar kursi so‘mga nisbatan 10,88%ga oshgan.

Monopolist O‘zavtomotors ta’kidlayotganidek kurs 30%ga oshmagan.

1 AQSh dollarining Koreya voniga nisbatan qiymati 2019-yil 1-oktyabrdan 2021-yil 31-martga qadar 1201,86dan 1133,66gacha o‘zgargan. Yoki boshqacha aytganda, Koreya voni AQSh dollariga nisbatan O‘zavtomotors ta’kidlayotganidek, 10-15% emas, 6%ga mustahkamlangan.

O‘zavtomotors yo o‘zbekistonliklarning istalgan yolg‘onni aytsa ishonib ketadigan laqma va savodsiz, deb hisoblaydi yoki raqobatdan holi kompaniya oddiy arifmetikani ham yoddan ko‘tarish darajasigacha degradatsiyaga uchragan.

Ha aytganday, O‘zbekiston qonunlariga tupurib qo‘yib, bir so‘m boj to‘lanmay, Xitoydan olib kelib sotilayotgan yangilangan Tracker eskisidan ming dollardan ortiq komplektatsiyaga ega bo‘ldimi?

Equinox avtomobilida RS komplektatsiyasida yangilanishi to‘rt yarim ming dollarga tushmoqdami? Balki bu yerda ham yolg‘onchi kalkulyasiyaga chaqib ko‘rarsizlar?

Monopoliyat mafkurasi shunchalar buzilganki, kurs o‘zgarishiga muvofiq avtomashinalar narxi mutanosib ravishda oshmasligi haqida hatto tasavvurlar o‘lib bo‘lgan. Kurs o‘zgarishlariga qaramay, ochiq bozorda narxlarni raqobat va xarajatlarni maqbullashtirishga urinishlar tiyib turishini hazm etmaydi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring