Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda o‘z onasini o‘ldirgan farzand 18 yilga «kesildi»

Samarqandda o‘z onasini o‘ldirgan farzand 18 yilga «kesildi»

Illyustrativ foto

Jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Samarqand viloyat sudida o‘z onasini qasddan o‘ldirganlikda ayblanayotgan shaxsga nisbatan sud jarayoni boshlangani haqida xabar berilgandi. JIB viloyat sudi sudyasi  B.Aliqulov raisligida ko‘rib chiqilgan «ish» bugun nihoyasiga yetdi va sudlanuvchi A.B. ni 18 yil ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqarildi.

Bu mahkumning (1975-yilda tug‘ilgan) birinchi marta sudlanishi emas. Bundan uch yil avval o‘zgaga og‘ir jarohat yetkazib, o‘limiga sabab bo‘lgani ortidan u 5,5 yilga «kesilgandi». Ikkinchi marta sudlanishida esa 18 yil muddatga panjara ortiga ketdi... Eng yomoni, u har ikki jinoyatni onasi haqida turli gumonlarga borishi oqibatida sodir etgan. Ya’nikim, uch yil burun volidasini hamqishloq bir erkak bilan «yurishi»da gumon qilib, unga (erkakka) og‘ir jarohat yetkazib, ajal kelishi tezlashishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bu safar ham onasining ahloqiga shubha bilan qaragani qo‘li qonga botishi bilan yakunlandi.

Ya’ni, A. B. onasi (mahkumning otasi 1987-yilda vafot etgani aytiladi) hamon boshqalar bilan «don olishib» yuribdi, degan gumonga borib, o‘tirsa ham, tursa ham shu haqda o‘ylayveradi. Yomon gumonlar natijasida salkam vasvasaga tushadi. 2020-yil 20-iyun kuni qoq yarim tunda A. B.  spirtli ichimlikni keragidan ortiq iste’mol qiladi. «Shayton suvi» ta’sirida yomon gumonlar olovida battar qovrulib, o‘zini yo‘qotar darajaga tushgan A. B. shartta oshxona pichog‘ini olib, onasi uxlab yotgan xonaga kiradi. Va... bo‘g‘ziga pichoq tortib yuboradi!

Darvoqe, sud A.B. ga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazosining o‘talmay qolgan qisminiyam qo‘shib (ilgari tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi oradan uch yil o‘tgach, ozodlikdan cheklashga jazosiga o‘zgartirilgan), unga uzil-kesil 18 (o‘n sakkiz) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Shuningdek, hukmga nisbatan shikoyat berish huquqi va tartiblari haqida ham tushuntirishlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring