Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hukumat komissiyasi Denovdagi fojia bo‘yicha xulosasini e’lon qildi

Hukumat komissiyasi Denovdagi fojia bo‘yicha xulosasini e’lon qildi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugun AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda 2021-yil 7-dekabr kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan «Indenim» savdo majmuasida yuz bergan fojia oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, portlash oqibatida 2 kishi qurbon bo‘lib, 9 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan.

140 ta turar joylarga, ya’ni, 76 ta hovli uylari va 5 ta ko‘p qavatli uylarning 64 ta xonadoni, 86 ta noturar joylar, umumiy hisobda 226 ta imoratga ziyon yetgan. Talafot ko‘rgan 25 ta bino, jumladan, 13 ta turar joy va 12 ta noturar joy binolari yaroqsiz holatga kelgan.

Ushbu hodisaning kelib chiqish omillari va sabablarini aniqlash hamda uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Vazirlar Maxkamasining tegishli qarori bilan Hukumat komissiyasi tuzildi va mazkur Komissiya tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Yetkazilgan zararni qoplash ishlari

Yaroqsiz deb topilgan 13 ta turar joyning xonadon egalari boshqa joyga ko‘chirilib, joyidan yangidan uy-joy ko‘rish bo‘yicha pudratchilar biriktirilgan va qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda.

Ta’mirtalab 69 ta turar joylar binolariga, jumladan, 64 ta hovli uylari va 5 ta ko‘p qavatli uylarning 64 ta xonadonini tartibga keltirish maqsadida pudratchilar jalb qilinib, ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilmoqda. Ta’mirtalab 60 ta noturar binolarda tadbirkorlar tomonidan ta’mirlash va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mustaqil baholovchi tashkilotlar va boshqa mas’ullar tomonidan majmuada ro‘y bergan hodisa oqibatida zarar ko‘rgan 226 ta ko‘chmas mulk ob’yektlariga yetkazilgan zarar miqdori 22,6 mlrd so‘mga baholangan, shundan majmuaga yetkazilgan zarar miqdori 14,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Mazkur yetkazilgan zararlarni qoplash ishlari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda.

Hodisa tafsilotlari

2021 yil 7 dekabr kuni soat 03:54da Denov tumani favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar bo‘limlari navbatchilik qismlariga Denov tumani Bog‘inav MFY Mustaqillik ko‘chasida joylashgan «Indenim» MChJga qarashli savdo majmuasi binosida chaqnash sodir bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan.

Xabarga ko‘ra, voqea joyiga birinchi navbatda Denov shahrining, so‘ngra viloyatning tegishli barcha tezkor va avariya xizmatlarining kuch va vositalari jalb etilishi tashkil etilgan.

Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilib, chaqnash oqibatida majmuaning asosiy kirish eshigidan kirilganda, o‘ng tomondagi 4-6 kolonnalar orasida 25 kv.m maydonda savdo rastalari hamda majmua ichida bo‘lgan 2 dona «Spark» va «Cobalt» rusumli yengil avtomobillardagi yong‘in bartaraf etilgan.

Majmua haqida

Majmua 2012-2013 yillarda «Surxonmatlubotsavdo» MChJ tomonidan qurilgan, 2 qavatli, maydoni 4 ming 768 kv.m ni tashkil etadi. Binoning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalari temir-beton kolonnali, birinchi va ikkinchi qavatlararo yopmasi temir-beton plitali, to‘suvchi (sektorlarga buluvchi) konstruksiyalar kolonnalari oralig‘i pishgan g‘isht bilan qurilgan, tom yopmasi metall konstruksiyalar ustidan «sendvich panel» bilan qoplangan.

Majmuaning birinchi qavatida oziq-ovqat mahsulotlari, ikkinchi qavatida kiyim kechak mollari bilan savdo qilish rastalari joylashgan bo‘lgan.

O‘rganish tafsilotlari

Hodisa natijasida eng ko‘p zarar ko‘rgan joy binoga old tomondan kirilganda chap uzoq burchakning chap tomonidagi devordan taxminan 15 metr, binoning orqa devoridan taxminan 10 metr uzoqlikda joylashgan joy bo‘lib, ushbu joydagi temir-beton konstruksiyalar markazi (epitsentr)dan tashqariga qarab hajmli portlashga xos deformatsiyalangan.

Sodir bo‘lgan hajmli chaqnash va hosil bo‘lgan ortiqcha bosim oqibatida qavatlararo yopmaning temir-beton plitalari yuqori tomonga va devorlari epitsentrdan qarama-qarshi tomoniga harakatga kelib, tomning rigellariga va yuk ko‘tarib turuvchi kolonnalariga zarba bilan urilishi natijasida mazkur rigellar va kolonnalar shikastlanib, deformatsiyaga uchragan.

Mazkur ob’yektda portlovchi moddalar qo‘llanilganligi o‘rganilganda, portlovchi moddalar izlari mavjud emasligi hamda portlashga xos bo‘lgan o‘zgarishlar, ya’ni, «voronka» va portlatish qurilmasining bo‘laklari aniqlanmagan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda olib borilgan ochish (kavlash) ishlari natijasida bino ostidan foydalanishda bo‘lmagan, diametri 57 mm bo‘lgan gaz quvuri o‘tganligi aniqlandi.

Ushbu gaz quvuri to‘liq yo‘nalish bo‘ylab ochib (kavlab) ko‘rilganda, bir tomoni yopilganligi, ikkinchi tomoni «Surxon kapital mobil» MChJga qarashli «ASR» savdo do‘koniga kirish zinasi ostidagi gaz tarmog‘idan uzilmaganligi aniqlangan.

Yillar davomida «Surxon kapital mobil» MChJga qarashli «ASR» savdo do‘koni binosi ostki qismidan (poydevor orasida) o‘tgan gaz quvuriga ulangan «Indenim» savdo majmuasi binosining ostida qolib ketgan va foydalanishda bo‘lmagan gaz quvuri mavjudligi aniqlangan.

2021 yilning 6 dekabr kuni «Hududgaz Surxondaryo» filialining Denov shahargaz ta’minoti bo‘limi tomonidan «Surxon kapital mobil» MChJga qarashli «ASR» savdo do‘koni binosi ostki qismidan (poydevor orasida) o‘tgan gaz quvuri o‘rta bosimli gaz oqimi tarmog‘iga ulangan.

Mazkur o‘rta bosimli (500 daPa (0,05 kgs/kv.sm)dan 0,3 MPa (3 kgs/kv.sm)gacha) gaz quvuri Denov tumani hokimligining qozonxonasini gaz bilan ta’minlash uchun 1987 yilda qurilgan. 2013 yilda quvur ustiga «Indenim» savdo majmuasi binosi qurilgan, ish jarayonida ushbu quvurning o‘rniga bino perimetri buylab hokimlik qozonxonasigacha yangi gaz quvuri tortilgan bo‘lib, bino ostidagi quvur tarmoqdan uzilmasdan qolib ketgan.

Natijada «Indenim» savdo majmuasi binosining ostidan o‘tgan va foydalanishda bo‘lmagan gaz quvurining korroziya oqibatida hosil bo‘lgan yoriqlardan (6 joyidan 3-13 sm kattalikda) sizib chiqqan tabiiy gaz binoning ichki qismida gaz-havo aralashmasi yig‘ilishi natijasida chaqnash sodir bo‘lgan.

Hukumat komissiyasining xulosasi

Olib borilgan tadqiqot va tahlililar natijalariga ko‘ra, fojianing yuz berishiga sabab bo‘lgan omillar yuzasidan Hukumat komissiyasining xulosasi quyidagicha:

Birinchidan, Denov tumani Bog‘inav MFY Mustaqillik ko‘chasida joylashgan «Indenim» savdo majmuasida sodir bo‘lgan chaqnash portlovchi moddalar qo‘llanilganligi natijasida sodir bo‘lmagan;

Ikkinchidan, Denov tumani Bog‘inav MFY Mustaqillik ko‘chasida joylashgan «Indenim» savdo majmuasida sodir bo‘lgan chaqnash majmua ostidan o‘tgan va foydalanishda bo‘lmagan gaz quvuridagi yoriqlardan tabiiy gazning sizib chiqishi natijasida portlash xavfi bo‘lgan gaz-havo aralashmasining hosil bo‘lishi va unga binodagi elektr jihozlarining avtomatlashtirilgan tartibda o‘chib-yonishida kuzatiladigan uchqunning ta’siri natijasida ro‘y bergan.

Sodir bo‘lgan holat buyicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

Aybdorlar va ularga nisbatan qo‘llaniladigan choralar tergov ishlarining yakuniga ko‘ra o‘rnatilgan tartibda sud organlari tomonidan belgilanadi va bu haqda qo‘shimcha bayonot beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring