Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Koronavirus tahdidi». Yaponiyadan maxsus fotoreportaj

«Koronavirus tahdidi». Yaponiyadan maxsus fotoreportaj

Foto: Dostonbek Azimov

Hozirgi kunda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Dastlab o‘tgan yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan kasallik, bugunga kelib 88 ta davlatda qayd etilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus Yaponiyada ham avj olmoqda. Shu munosabat bilan ayni paytda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib turgan hamyurtimiz Dostonbek Azimov bilan bog‘lanib, aslida vaziyat qanday kechayotganligini so‘radik.

— Dostonbek, koronavirus bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar qay darajada to‘g‘ri, aslida vaziyat qanday kechmoqda?

—  Koronavirus bo‘yicha internet nashrlarida berilayotgan xabarlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni kuzatib boryapman. Afsuski, kasallik Yaponiyani ham chetlab o‘tmadi. Ammo, bu yerdagi vaziyatni turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan shov-shuvli xabarlardagidek juda yomon deb, aytmagan bo‘lardim. Chunki Yaponiya hukumati kasallikka qarshi harakatni ancha erta boshladi. Kasallik tarqalishidan avval bu yerga tashrif buyurganlar qattiq nazoratga olindi. Aviareyslar soni ham sezilarli darajada kamaytirildi. Undan tashqari, aholiga kasallikni oldini olishga doir keng tushuntirish ishlari olib borildi. Albatta, bu o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

— So‘nggi xabarlarga ko‘ra, virus sabab Yaponiyadagi bir qancha ommaviy tadbirlar qoldirilgan va ta’lim muassasalarida erta ta’til e’lon qilingan. Yaponlar bundan sarosimaga tushishmayaptimi?

—  To‘g‘ri, bir qancha tadbirlar keyinga surildi. Kasallik sabab biz ham ta’lim muassasamiz tomonidan erta ta’tilga chiqarildik. Yuqorida aytib o‘tganimdek, bularning barchasi kasallikni oldini olish yuzasidan qilinayotgan ishlar.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, yaponlar sarosima yoki tushkinlikka tushishgani yo‘q. Lekin, yuz niqob (maska)lari tanqisligi sezilmoqda. Koronavirus kirib kelmasidan oldin ham yaponlar yuz niqoblaridan  turli xil chang va kasalliklardan himoyalanish uchun ko‘p foydalanishardi. Sirasini aytganda, vaziyat vahimali darajada emas. Hamma o‘z ishi bilan ovvora. Ko‘chalarda ham odatdagidek holat.

Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizga aytgan bo‘lardim. Turli mish-mishlarga quloq solmasdan, o‘z sog‘liqlaringizga e’tiborli bo‘lganingiz va profilaktik chora-tadbirlarga qat’iy amal qilganingiz yaxshiroq.

Quyida suhbatdoshimiz tomonidan Tokiodagi ayni jarayonlar tushirilgan fotolavhalar bilan tanishishingiz mumkin.

Nurillo To‘xtasinov


Ma’lumot uchun, Dostonbek Azimov bilan bir necha oy muqaddam «Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali intervyu qilgandik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring