Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda 21 kishining zaharlanishi yuzasidan rasmiy axborot berildi

Samarqandda 21 kishining zaharlanishi yuzasidan rasmiy axborot berildi

Samarqand shahrida 21 nafar fuqaro xot-dogdan zaharlanish gumoni bilan shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgani haqida xabar berilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu guruhli ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha axborot berdi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 22-oktyabr soat 13.00 dan 23-oktyabr soat 17.45ga qadar 17 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, qorin sohasida og‘riq, 4-5 marta ich ketishi, tana xaroratining ko‘tarilganligi, holsizlik kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar ko‘rigidan so‘ng ularga «Ovqat toksikoinfeksiyasi, o‘rta og‘ir darajasi» birlamchi tashxisi qo‘yilib, kasalxonaga yotqizilgan. Bemorlarning 11 nafari erkak, 3 nafari ayol, 3 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 13 nafari esa yengil. Shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, dori-darmon zahiralari yetarli. Bemorlardan laboratoriya tahlili uchun biologik namunalar olingan.

O‘tkazilgan birlamchi epidemiologik surushtiruv natijasida aniqlanishicha, bemorlar joriy yil 21-22-oktyabr kunlari Samarqand shahar Sattepo mavzesidagi «Tabiat saxovati» dehqon bozori yonidagi kioska ko‘rinishidagi budkada fuqaro G‘ulom Murodov tomonidan sotilayotgan xot-dogdan iste’mol qilishgan. Xot-dog tarkibida non, sabzi salat (markovcha), bodring, pomidor, suvda pishirilgan tuxum, pishirilgan kolbasa, sosiska, ketchup va uy sharoitida tuxum va o‘simlik moyidan tayyorlangan mayonez bo‘lgan.

Fuqaro G‘.Murodov o‘z faoliyatini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirmasdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan, noqonuniy ravishda olib borgan. Xot-dog tayyorlangan budka sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi, ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, mahsulotlarni saqlash va sotish uchun talab etiladigan sanitariya sharoitlari yo‘q. Hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan fuqaro G‘.Murodovga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, jarima solindi va uning faoliyati to‘xtatildi. Mahsulotlardan laboratoriya tahlili uchun namunalar olindi, qolgan mahsulotlar esa savdodan olinib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.

Kasallik qayd etilgan hududda respublika, viloyat va Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tomonidan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahrida qayd etilgan mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi vazirlik axborotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring