Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onada zaharlanib vafot etgan o‘quvchiga doir yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi

Farg‘onada zaharlanib vafot etgan  o‘quvchiga doir yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi

Foto:«Uznews.uz»

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 17-umumta’lim maktabi o‘quvchisi sinfdoshlari tomonidan majburlab kimyoviy modda ichdirilganligi bois vafot etganligi haqida turli xabarlar tarqaldi.

«O‘zA»ning yozishicha, 2019 yil 15 fevral kuni O‘zbekiston tumani markaziy shifoxonasi xabariga ko‘ra, o‘quvchi S.Abdumalikov o‘zining ehtiyotsizligi orqasidan noma’lum dorini ochib, ota-onasi tomonidan shifoxonaga olib kelingan.

Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga tuman prokuraturasining tezkor-tergov guruhi yetib borib, tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Xabarda «S.Abdumalikov boshi og‘rigani uchun uyidagi javondan noma’lum dorini o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida ichib olganligi, keyin qorni og‘rib qolganligi, bu haqda ota-onasiga aytgani, uni shifoxonaga olib borganligi, hech kim unga majburlab dori ichdirmaganligi, oila a’zolari va boshqa shaxslar bilan janjallashmaganligi, ularga achchiq qilib dori ichmaganligi, hech kim bilan adovati bo‘lmaganligi» aytiladi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, S.Abdumalikov 2019 yil 15 fevral kuni maktabga kelib, olti soat dars mashg‘ulotlariga qatnashgan. Maktabda o‘quvchiga sinfdoshlari va pedagoglar tomonidan hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan. 

Sardor o‘n kun davomida shifokorlar nazoratida davolangan va umumiy ahvoli yaxshilana boshlagan. Ammo, 2019 yil 26 fevral kuni uning holati yomonlashib, tuman markaziy shifoxonasida vafot etdi.

Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda. O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring