Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Babayancha qaytish»: Abdurasul Vahobov yana hokim o‘rinbosari?!

«Babayancha qaytish»: Abdurasul Vahobov yana hokim o‘rinbosari?!

Foto: Videolavhadan skrinshot

Samvel Babayan va Abdurasul Vahobov boshqa-boshqa soha odami. Ammo ularning qismatida bitta o‘xshashlik borday.

S. Babayan futbol bo‘yicha milliy terma jamoani o‘ziga qo‘shib sharmanda qilgach, bosh murabbiylikdan chetlatish ham gapmi, hatto tizimda boshqa ishlamasligi haqida bong urildi. Biroq, ma’lum vaqt o‘tib, u o‘zbek futboliga qaytdi. Qaytgandayam, mamlakatning nomdor jamoalaridan birining boshqaruvini qo‘lga oldi.

Abdurasul Vahobov — Babayanday mashhur emas. Ammo Kun.uz jurnalistlariga tajovuzi ortidan yaxshigina tilga tushgandi. Shundan keyingi shov-shuvlar, ayniqsa, uning OAV orqali jurnalistni dalil-isbotsiz, biroq ochiq-oshkora og‘ir jinoyatda ayblashi va, pirovardida, baribir suvdan quruq chiqishi shuhratiga shuhrat qo‘shganiyam bor gap. Ayni jarayonda A. Vahobov ishdan chetlatildi (uning xatti-harakatlaridan go‘yoki jinoyat alomatlarini «topolmagan» Toshkent shahar prokuraturasi mutasaddilaridan biri «A. Vahobov ishdan ketishining o‘zi katta jazo» mazmunida gapirib, vaziyatni xaspo‘shlashga uringani esingizdadir). Bugun ma’lum bo‘ldiki, bu vaqtincha ko‘rilgan chora ekan.

Alqissa, jurnalistning «panjasiga panja urishi» natijasida Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarligidan ketgan A. Vahobov yana shu lavozimga shunday qaytibdi! Baayni Samvel Babayanning o‘zbek futboliga qaytishidek. Farq shuki, Babayanning futbolga qaytishi yaxshigina shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. A. Vahobovni esa «o‘z o‘rniga olib kelish» pinhona amalga oshirilgani e-endi ayon bo‘lmoqda. Ayon bo‘lgandayam bugun — Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini to‘xtatish xalqaro kunida ma’lum bo‘layotganini ayting?!

Sekinroq gapiraylik, yoqamizdan olishlari mumkinki, sobiq va sodiq hokim o‘rinbosari jinoyatchi deb topilmagan, baski, uning jazosiz qolgani haqida og‘iz ko‘pirtirma, deb... Darhaqiqat, shunday: jurnalistga qilgan tajovuzi (!), ayni jarayonda tahririyat mulkiga shikast yetkazgani (!) shuningdek, uni (jurnalistni) og‘ir jinoyatda ayblab, bunga isbot-dalil keltir(ol)magan (!) bo‘lsa-da, holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv o‘tkazgan Toshkent shahar prokuraturasi A. Vahobovning xatti-harakatlarida na ma’muriy huqubuzarlik, na jinoyat alomatlari topolmagan go‘yo... Demakki, ortiqcha iddaoga huquqiy asos yo‘q.

Shunday ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2013 yil 18 dekabrda qabul qilingan rezolyusiyasiga asosan, har yilning 2 noyabr kuni dunyo miqyosida Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini to‘xtatish xalqaro kuni deb e’lon qilinganini yana bir karra takrorlab, mazkur hujjatda tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar jurnalistlarning xavfsiz faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, axborot olishni kafolatlash va so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarga nisbatan zarur choralarni ko‘rishga chaqirilganini ta’kidlashning zarari yo‘q.

Shuningdek, BMTdagilar o‘zbekning «Shu opamga — shu pochcham» yoki «Sulton suyagini xo‘rlamas» kabi maqollarini bilmasligi, bilishniyam istamasligini eslatib o‘tish ham ortiqchalik qilmas.

Nima dedingiz?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring