Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sirdaryoda ushlangan hokim o‘rinbosari va uning hamtovog‘iga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Sirdaryoda ushlangan hokim o‘rinbosari va uning hamtovog‘iga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Oxirgi paytlarda firibgarlik orqali mo‘may daromad olishga qaratilgan jinoyatlarga ko‘zimiz tushib qoladi.

Hayotda shunday qing‘ir ishlar bo‘ladiki, u haqda eshitgan vaqtimizda beixtiyor «Tuppa-tuzuk odam edi-ku, nima jin urib nomaqbul ishlarni qilibdi?» — deya hayron qolamiz. Aslida buning sababi nafs balosiga va tekin boylik ortirishga borib taqaladi.

Sud amaliyotida bunga misollar yetarlicha topiladi.

Masalan, M.Xolbekov Sirdaryo viloyati hududiy «Chorvanasl» markazi Guliston tumani yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlab kelib, bir guruh bo‘lib, oldindan til biriktirib, fuqaro M.Karimovaning ishonchiga kirib, Guliston tumani hokimi o‘rinbosari B.Salimetovga 400 AQSh dollari miqdorida pora berish evaziga, Guliston tumani, «Yulduz» massivida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon olishi uchun ro‘yxatga qo‘yib, yordam ko‘rsatish haqida aldab, Guliston tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi ma’muriy binosida fuqaro M.Karimovadan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, M.Xolbekovning arizasiga asosan shu kuni tezkor tadbir davom ettirilib, Guliston tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari B.Salimetov firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro M.Karimovani Guliston tumani, «Yulduz» massivida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon olishi uchun ro‘yxatga qo‘yib, yordam berish evaziga oldindan talab qilgan 400 AQSh dollarini M.Xolbekovdan Guliston shahri, «O‘zbekiston» shoh ko‘chasi, Sirdaryo viloyati Tovar xom-ashyo birjasi binosi yaqinida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sud, mazkur jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqib, B.Salimetovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan JKning 45-moddasini qo‘llab, 2 yil 6 oy muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida-73.500.000 so‘m jarima jazosini, M.Xolbekovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 2-qismi «b» bandi, 28,211-moddasi 1-qismi bilan JKning 45, 59, 61-moddalari tartibida 2 yil muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 2 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Guvohi bo‘lganingizdek, aldov va firib yo‘li bilan topilgan boylik B.Salimetov va M.Xolbekovga buyurmadi, ular topgan-obro‘sini tushirib, el-yurt oldida uyatga qolgani bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, nonning haloli shirin. Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz bekorga «Yarimta non - huzuri jon» deyishmagan. Aldov, firib, umuman, jinoiy yo‘l bilan topilgan nohalol boylik hech kimga, hech qachon buyurmaydi.

B.Mamadaminov,
Sirdaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

U.Djumayev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining raisi

Manba: sxabar.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring