Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqaroning foto tasviridan uning ruxsatisiz foydalanish mumkinmi?

Fuqaroning foto tasviridan uning ruxsatisiz foydalanish mumkinmi?

Foto:«Imaging-resourse.com»

Fuqaroning foto tasviridan uning ruxsatisiz foydalanish mumkinmi? Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Sevara O‘rinboyeva shu haqda izoh berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99-moddasiga asosan shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqi ajralmas va daxlsizdir. Tasvirga bo‘lgan huquqi buzilgan deb hisoblagan shaxs Fuqarolik protsessual kodeksda belgilangan tartibda sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.

Biroq, milliy qonunchilikda fuqaroning tasvirga bo‘lgan huquqi daxlsizligi chegaralari aniq belgilanmagan.

Xususan, fuqaroni ommaviy tadbirlarda ishtirok etish paytida yoki jamoat joylarida tasvirga tushirish hamda ushbu tasvirdan foydalanish uchun ushbu fuqaroning roziligi talab qilinishi yoki talab qilinmasligi masalasi qonunchilikda nazarda tutilmagan.

Bu esa o‘z navbatida axborot tarqatishning oson va tezkor usullari mavjud bo‘lgan hozirgi davrda jamiyatda, shu jumladan Internet tarmog‘ida, fuqarolar o‘rtasida ayrim nizo va tushunmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan ushbu masala bo‘yicha xorijiy davlatlar qonunchiligi o‘rganilganda, aksariyat davlatlarda (Argentina, Avstriya, Belgiya, Daniya, Xitoy, AQSh, Isroil, Italiya, Rossiya, Shvetsiya va boshqa.) shaxsni foto yoki video tasvirga tushirish uchun ushbu shaxsning roziligi talab etilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Biroq, Braziliya, Ispaniya va Shveysariyada shaxsni tasvirga tushirish uchun albatta ushbu shaxsning roziligi olinishi shart. Xususan, Shveysariyada shaxsning tashqi ko‘rinishini har qanday holatda va joylarda rasmga olish uning huquqlari buzilishi hisoblanadi.

Shuningdek, ayrim holatlarda shaxsning foto yoki video tasvirlarini tarqatish uchun uning roziligi talab etilmaydi. Masalan, ommaviy tadbirlarda (konsert, bayram sayillari va boshqa) va jamoat joylarida (ta’lim muassasalari, hayovonot bog‘i, sayilgohlar va boshqa) olingan tasvirlar (Daniya, Fransiya, Rossiya); shaxsning tasviri tushirilgan nashrlar faqat ilmiy, pedagogik yoki madaniy maqsadlar uchun foydalanilsa (Chexiya); fotosurat boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilish yoki amalga oshirish, shuningdek davlat va jamoat manfaatlari uchun foydalanganda (Braziliya, Kanada).

O‘rganish natijalariga asosan, mazkur masalaning bugungi kunda dolzarbligi inobatga olingan holda vazirlik tomonidan milliy qonunchilikka shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqini amalga oshirish mexanizmlarini aniq belgilovchi normani kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring